Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Umid Ahmadjonov: «15-20 kunda terma jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlanadi»
27 sentabr kuni O‘zbekiston futbol federatsiyasi yangi prezidenti Umid Ahmadjonov lavozimiga tayinlangandan keyin ilk marta jurnalistlar bilan matbuot anjumani tashkil qildi.
O‘FF prezidenti tashkilotning kelgusi rejalari to‘g‘risidagi bayonotidan so‘ng bevosita jurnalistlar bilan savol-javoblarga o‘tildi.
—Sizga tayinlangan uchta vitse-prezidentlar ham, yoki hukumatda ishlaydigan yoki boshqa davlat tashkilotlarida faoliyat yuritadigan mutaxassislardan iborat. Ular 24 soat davomida futbolga e'tibor qarata olishmaydi. Lekin sizga har doim futbol haqida o‘ylaydigan yordamchi kerak. Kim bu vazifani bajaradi.
—Bizda barcha shtatlar boshqatdan ko‘rib chiqilmoqda. Bizda birinchi vitse-prezident sifatida Shoakram Isroilov tayinlandi. Ular oldingi ish joylari — Jismoniy tarbiya instituti rektori lavozimidan bo‘shab, to‘liq O‘FFda ishlaydigan bo‘ldi. Bundan tashqari O‘FF prezidenti maslahatchisi degan yangi lavozim joriy qildik. U futbolni juda yaxshi tushunadigan odamlardan bo‘ladi. Shuningdek endilikda terma jamoalarga murabbiy tayinlash bo‘yicha ham maxsus kengash tashkil qilinadi. Bu kengashga Oliy liga jamoalari murabbiylari a'zo bo‘ladi. Hozirda 10ta jamoa bosh murabbiylarini bu kengashga a'zo sifatida tanlab oldik. Ular istalgan yoshdagi terma jamoalarga murabbiy tayinlash, futbolchilarni tanlab olish, seleksiya bo‘yicha bizga yordam beradi. Qo‘shimchasiga, ijroqo‘m bilan kelishib oldik, hukumatda va davlat tashkilotlarida ishlaydigan rahbarlar ham hech bo‘lmaganda bir oyda bir marta yig‘ilib, zarur masalalar bo‘yicha gaplashib olamiz. O‘ylashimcha bu borada hech qanday muammo bo‘lmaydi.
— Yuqorida aytib o‘tdingiz, O‘zbekiston yoshlar va ayollar o‘rtasidagi JChdan birini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. O‘FF aynan qaysi yildagi musobaqani o‘tkazish bo‘yicha ariza topshirmoqchi?
—Yaqin uch yildagi musobaqalarning mezbonlari aniq bo‘lib ulgurgan. Undan keyingi yillarda, misol uchun 2022 yildan boshlab kelgusida bo‘ladigan mundiallarni o‘tkazishga ariza topshirishimiz mumkin. Bu borada hozircha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Faqatgina JChlarni emas FIFA kongressini ham O‘zbekistonda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Rustam Qurbonov: — Bunday musobaqalarni o‘tkazish uchun katta tayyorgarlik kerak bo‘ladi. Misol uchun bizda o‘yinlarni qabul qilishimiz uchun zamonaviy stadionlar bor. Masalan Qarshidagi stadion qaytadan rekonstruksiya bo‘ldi, endi u yerda hech bo‘lmasa 4 yulduzli mehmonxona qurish kerak bo‘ladi. Jizzaxda yaxshi stadion bitkazildi. Umuman o‘yinlarni o‘tkazish bo‘yicha stadionlarimiz yetarli, lekin umumiy infrastruktura bo‘yicha bizda hal qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bor. Yodingizda bo‘lsa, o‘z vaqtida ayollar o‘rtasidagi JCh bizga berilgan lekin, keyinchalik qaytarib olingandi. Bunga aynan umumiy infrastrukturaning yaxshi emasligi sabab bo‘lgan. Bugungi kunda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida har bir hududning turizm salohiyatini oshirish, shaharlar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha bir qator aniq vazifalar belgilab berilgan. Shu ishlar amalga oshirilgach, O‘zbekiston jahon miqyosidagi sport turnirlarini o‘tkazishga to‘liq tayyor bo‘ladi.
— O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyligi uchun yangi nomzod ko‘rib chiqilayotganini aytdingiz. Aniq nomlar bo‘yicha ma'lumot bera olasizmi? Umuman terma jamoa bosh murabbiyligi uchun qanday kriteriyalar hisobga olinmoqda?
— O‘FF hozirda 4-5 nafar nomzodni ko‘rib chiqmoqdamiz. Ular bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ammo muzokara qoidalari bo‘yicha ular bilan kelishuvga erishilmagani uchun aniq nomlarni sizga ayta olmayman. Lekin bu masala yaqin 15-20 kunda hal bo‘lishini aytishim mumkin. Kelishuv imzolangach, rasmiy saytimiz orqali bu borada xabar beramiz. Murabbiy tanlashdagi kriteriyaga keladigan bo‘lsak, O‘FF birinchi navbatdagi mutaxassisning Yevropadan bo‘lishiga e'tibor qaratmoqda. Shuningdek uning bugungi kundagi o‘zbek futboliga qanchalik mos bo‘lishi ham hisobga olinmoqda, degan Ahmadjonov.
Mavzuga oid
21:59 / 09.11.2020
Umid Ahmadjonov BAA futbol assotsiatsiyasiga tashrif buyurdi
20:22 / 13.06.2019
«Qilganlarimiz va qila olmaganlarimiz uchun muxlislar bizdan rozi bo‘lishsin». O‘FAdan ketgan Umid Ahmadjonov bilan intervyu
15:20 / 13.06.2019
Tribuna.uz: Umid Ahmadjonovning o‘rnini Ravshan Ermatov egallashi kutilmoqda
13:58 / 13.06.2019