Jamiyat | 11:09 / 28.09.2017
13156
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda qo‘shariqlik qo‘sh jinoyatchilar faoliyatiga chek qo‘yildi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida qariyb 3,5 kilogramm giyohvandlik moddalari noqonuniy aylanishiga chek qo‘yilgan. Bu haqda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Achinarlisi, bu borada muntazam ravishda targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilayotgani, qonunbuzarlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilayotganiga qaramasdan, ayrim kishilar bila turib "og‘u" girdobidan qutulishni istashmayapti.

Misol uchun, Chiroqchi tumanining Qo‘shariq mahallasida istiqomat qiluvchi Muhsin Esonov hamda Do‘stqobil Mardonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) mamlakatda giyohvandlik vositalari yetishtirish, tayyorlash bilan g‘ayriqonuniy shug‘ullanish qat'iyan taqiqlanganini bilishsa-da, yashash xonadonlari hovlisida giyohvandlik o‘simliklarini parvarishlab, yetilgan "og‘u"ni kelgusida sotib, mo‘may daromadga ega bo‘lish maqsadida xufiyona tarzda saqlab kelishgan.

Viloyat bojxona boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avvaliga Do‘stqobil Mardonov Qarshi shahridagi "Bilayn" uyali aloqa kompaniyasi binosi orqasida "Neksiya" rusumli avtomashina old o‘ng o‘rindig‘i ostiga yashirin tarzda joylashtirgan og‘irligi 12,6 gramm bo‘lgan marixuana giyohvandlik moddasini sotish maqsadida turgani aniqlandi. Uning yashash xonadoni o‘rganilganda esa, oshxonadan og‘irligi 807,9 gramm bo‘lgan marixuana giyohvandlik moddasi topildi. Surishtiruv davomida Do‘stqobil Mardonov muqaddam giyohvandlik moddalarining bir qismini qishloqdoshi Muhsin Esonovdan olganligi ma'lum bo‘ldi.

Tadbir davomida Muhsin Esonovning ham jinoiy qilmishiga chek qo‘yildi. Uning ham yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, molxonaning orqa tomonidagi ekin maydonida bir necha tup giyohvandlik o‘simligini parvarishlab kelayotganligi hamda hovlisidagi tandirxona va oshxonaning turli joylarida xufiyona tarzda og‘irligi 357,6 gramm bo‘lgan giyohvandlik moddalarini noqonuniy saqlab kelgani aniqlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Bundan tashqari, Muhsin Esonov jinoiy sherigi Do‘stqobil Mardonovga muqaddam o‘zi yetishtirgan og‘uning 15 grammini 80 ming so‘mga, so‘ngra 20 grammini 100 ming so‘mga sotgani ham bojxona surishtiruvi jarayonida ma'lum bo‘ldi.

Yakunda mazkur qonunbuzarlik holatilari bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining hukmi bilan fuqarolar D.Mardonov hamda M.Esonovlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topildi va ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.

Qizig‘i shundaki, qonunbuzarlik aniqlanishiga qadar Muhsin Esonov tumandagi fermer xo‘jaliklaridan birining rahbari lavozimida ishlab kelgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid