Jahon | 08:38 / 28.09.2017
15905
3 daqiqa o‘qiladi

Putin bugun Turkiyaga boradi. Erdo‘g‘an kurdlar bo‘yicha rejasidan voz kechadimi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin payshanba kuni Turkiya poytaxti Anqaraga tashrif buyuradi, u yerda respublika rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Ikki davlat rahbarlari kun tartibidagi masalalar bo‘yicha fikr almashadilar.

Bu 2015 yilning 24 noyabr kuni Suriya-Turkiya chegarasi yaqinida Rossiyaning Su-24’i yo‘q qilingani bilan bog‘liq hodisadan so‘ng Rossiya prezidentining Turkiyaga ikkinchi tashrifidir. Kreml matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvda davlat rahbarlari o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalariga to‘xtalib, mintaqaviy va ikki tomonlama kun tartibi yuzasidan atroflicha fikr almashishni davom ettirishlariga kelishib olingan.

Dushanba kuni Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Kreml matbuot xizmati xabar berishicha, Rossiya va Turkiya prezidentlari Suriya masalasini, jumladan, 14-15 sentabr kunlari Suriya bo‘yicha Ostonadagi oltinchi xalqaro uchrashuvda erishilgan ijobiy natijalar asosida batafsil muhokama qilishdi.

Ikki rahbarning fikriga ko‘ra, Suriyada keskinlikdan xoli to‘rtta zonani yaratish, fuqarolik urushini to‘xtatish va inqirozni mamlakat suvereniteti hamda hududiy yaxlitligi tamoyillariga asoslangan siyosiy yo‘l bilan hal etishga yo‘l ochadi.

Bundan tashqari, Putin va Erdo‘g‘an telefon muloqoti chog‘ida Iroq Kurdistonining mustaqillik bo‘yicha referendumi atrofidagi vaziyatni ham muhokama qilishdi, dedi Rossiya rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya pozitsiyasi o‘zgarmagan: Moskva hali ham mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash uchun davlatlarning hududiy hamda siyosiy yaxlitligini saqlash juda muhim, deb hisoblaydi.

Peskov mo‘ljallanayotgan tashrifga izoh berarkan, u «mutlaqo pragmatik maqsadlarga» ega ekanini aytdi.

«Tashrifga kelsak (Rossiya prezidentining Turkiyaga - tah.), u mutlaqo pragmatik maqsadlarga ega. Rossiya va Turkiya juda yaqin aloqalarda bo‘lgan davlatlardir. Bu savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, harbiy-texnik, madaniyat sohasidagi hamkorlikda o‘zini namoyon etadi», - dedi Peskov.

Uning ta'kidlashicha, Rossiya va Turkiya mintaqaviy, shu jumladan Suriyada xavfsizlikni ta'minlashda faol hamkorlik qilmoqda. «Bu masalalar bo‘yicha soatlar o‘zaro tekshiriladi», - deya qo‘shimcha qilgan Rossiya rahbari matbuot kotibi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid