Guam — Tinch okeanining g‘arbiy qismidagi orol. Hududiy jihatdan Osiyoda joylashgan bo‘lsa-da, u Amerika hisoblanadi. Eng qizig‘i, u yerga borish uchun viza ham kerak bo‘lmaydi. Guamga yil bo‘yi sayyohlar tashrif buyuradi: bu yerda o‘nlab sohillar, o‘rganilmagan junglilar va bojsiz savdo bor. "Meduza" nashri Guam sayyohlik byurosi bilan birga bu orol haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.
"Amerika kuni" Guamda boshlanadi

Guam Marian xandaqi bo‘ylab cho‘zilgan Marian orollari arxipelagiga kiradi. Guam AQSh hududining bir qismi hisoblanadi, shunday bo‘lsa-da, uni Amerika qit'asidan 11 500 kilometr ajratib turadi. Taqqoslash uchun: Yaponiyagacha - atigi 2 500 kilometr. Guamda yangi taqvimiy kun Shimoliy Amerikadagiga nisbatan 15 soat oldin boshlanadi, "Amerika kuni boshlanadigan joy" iborasi shundan kelib chiqqan. Masofa uzoqligiga qaramay, mahalliy aholi (asosan chamorro xalqi va filippinlar) Amerika fuqaroligiga ega, ingliz tilida erkin so‘zlashadi, AQSh dollari bilan hisoblashadi va 4 iyulda Mustaqillik kunini nishonlaydi. 2000-yillar boshidan Guamda turizm faol rivojlandi — orol ayniqsa yaponlar, koreyslar va AQSh qit'asi aholisi orasida mashhur.
Guam tarixi uzoq

Guam orolidagi ferma, 1818 yilgi gravyura. Fransiyalik dengiz sayohatchisi va kartograf Lui de Freysinening dunyo bo‘ylab sayohati materiallaridan
Taxminan miloddan avvalgi ikkinchi ming yillikning o‘rtalarida Guam chamorrolar tomonidan egallandi, yevropalik ko‘chmanchilar esa bu yerga XVI asrning boshlarida — Fernan Magellan ekspeditsiyasi bilan kelishgan. Keyingi yuz yilliklarda Guam ispanlar tomonidan Meksika va Filippin o‘rtasidagi savdo yo‘lidagi tranzit nuqtasi bo‘lgan. Bu orada orol aholisining nasroniylashuvi hamda mahalliy va mustabid madaniyatning aralashuvi ro‘y beradi: chamorro xalqi ispan savdo nuqtalarida xizmat qilgan ispanlar, meksikaliklar, filippinlar bilan oilalar qurgan. XIX asr oxirida, Ispaniya-Amerika urushidan keyin Guam AQSh tasarrufiga o‘tgan. Hukmdorlarning tez-tez o‘zgarishi mahalliy aholiga o‘z til va an'analarini bugunga qadar saqlab qolishga to‘siq bo‘la olmadi. Madaniyatlarning murakkab "guldastasi" esa shaharlar me'morchiligi va mahalliy oshxonada o‘z aksini topdi.





















