2025 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistondan 2 million 700 ming nafar kishi turizm maqsadida xorijiy davlatlarga borgan. Bu ijobiy holat bo‘lishiga qaramay, chet elda xavfsizlik masalasi doimo dolzarb. Chunki turizm nafaqat yangi manzillarni kashf etish, balki o‘zga madaniyatlar, turmush tarzi va ba’zan xavfli vaziyatlar bilan to‘qnashish demakdir. Quyida sayohatni xavfsiz va xotirjam o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan asosiy tavsiyalarni jamladik.
Manzil haqida oldindan ma’lumot oling. Xorijga chiqishdan oldin sayohat qilmoqchi bo‘lgan davlatingiz haqida yetarlicha ma’lumot to‘plang:
Mahalliy urf-odatlar, kiyinish madaniyati va diniy e’tiqodlar;
Transport tizimi: metro, avtobus, taksi xizmati;
Kriminal holatlar ko‘p kuzatiladigan hududlar.
Ayrim davlatlarda ayrim harakatlar (jumladan, hayot tarzi, fotosuratga tushirish, hatto tupurish) uchun jinoiy javobgarlikka tortish holatlari bor. Shuning uchun har qanday “oddiy” harakat ham qoidabuzarlik hisoblanishi mumkinligini unutmang.
Hujjatlar xavfsizligi — eng muhim masala: pasport, viza, tibbiy sug‘urta kabi hujjatlaringizdan nusxa olib, telefoningiz va kloud-sahifangizda saqlang. Asl nusxalarni mehmonxonadagi seyfda qoldirish tavsiya etiladi, tashqariga esa fakat nusxasini olib chiqing.
Aloqani oldindan ta’minlang. Yaqinlaringiz bilan bog‘lanish imkoniga ega bo‘lish uchun mahalliy SIM-karta yoki xalqaro internet paketlarini safar boshidayoq faollashtiring. Google Maps, Google Translate kabi ilovalarni oflayn rejimda ishlaydigan shaklda yuklab oling.
Mehmonxonada xavfsizlikni tekshiring. Xonangizga joylashganingizdan so‘ng:
Eshik va deraza qulflarini sinchiklab ko‘rib chiqing;
Favqulodda chiqish eshiklari qayerda joylashganini aniqlang;
Chet elda yashirin videokamera o‘rnatilishi holatlari ham uchrab turadi — telefon fonari orqali ko‘zdan kechirishni odat qiling.
Moliyaviy xavfsizlik: pulni bo‘lib saqlang. Naqd pul va kartochkalaringizni bir joyda saqlamang. Bir qismini sumkada, boshqasini ichki cho‘ntakda, yana bir qismini mehmonxona seyfida saqlash tavsiya etiladi. Iloji boricha, kichik xaridlar uchun mahalliy valutada pul almashtiring va ommaviy joylarda katta summa ko‘rsatmang.









