20:33 / 29.09.2017
6867

Infiniti okean yaxtasi loyihasini namoyish qildi

Foto: Infiniti

Infiniti va Nissan kompaniyalarining katta vitse-prezidenti va dizayn bo‘yicha direktori Alfonso Albaysa hashamatli yaxta loyihasini ishlab chiqdi. Kema Motali nomini oldi va egilgan manzara oynalari bilan jihozlanadi. Uch palubali yaxtaning uzunligi 33 metrni tashkil qiladi. Yaxta dizayni 1950-yillar kemalari uslubida bajarilgan.

"Men yaxtaga bir vaqtning o‘zida keskin va klassik ko‘rinish berishga harakat qildim", deb tushuntirdi o‘z g‘oyasini dizayner.

Avtomobilsozlik kompaniyalari o‘z e'tiborlarini hashamatli yaxtalarga birinchi marta qaratishayotgani yo‘q. Avvalroq Lexus kompaniyasi Sport Yacht Concept kemasini taqdim qilgandi. Yaxta ikkita 5 litrli V8 benzin motori bilan jihozlangan. Bunday motorlar RC-F va LC 500 avtomobillarida o‘rnatiladi. Yaxtaning umumiy quvvati 885 ot kuchini, maksimal tezligi soatiga 79 km ni tashkil qiladi. 

Sport Yacht Concept uzunligi 12,7 metrni tashkil qiladi. Uning korpusi karbon va kuchaytirilgan uglerod tolali plastikdan yasalgan. Buning evaziga kontsept og‘irligini 1000 kg ga yengillashtirishga erishilgan. Yaxta 8 kishiga mo‘ljallangan.

Bugatti esa Niniette 66 sport yaxtasini yaratdi. Kema Palmer Johnson kompaniyasi bilan birgalikda qurilgan. Yaxta dizayni Chiron giperkari uslubida bajarilgan. Kema uzunligi 20 metrni, maksimal tezligi soatiga 82 km ni tashkil qiladi. Yaxta usti yig‘iluvchi tom bilan jihozlangan, u yomon ob-havo sharoitida chiqarilishi mumkin. 

Niniette 66’ning ichki bezagida karbon, charm va emandan foydalanilgan. Yaxtada SPA, bar va hattoki gulxan yoqish uchun maxsus joy ko‘zda tutilgan. Yaxta narxi 2 mln yevrodan ko‘proqni tashkil qiladi. 

Foto: Infiniti  

 

Mavzuga oid
Top