O‘zbekiston | 12:27 / 29.09.2017
62503
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida yangi lavozim joriy etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili lavozimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalari bilan hamkorligining tashkiliy- huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida va ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasi ishtirokining samaradorligini oshirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini bajarishda Hukumat mas'uliyatini kuchaytirish maqsadida:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili lavozimi joriy etiladi.

Quyidagilar Vakolatli vakilning asosiy vazifalari etib belgilandi:

birinchi - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining tarkibiy bo‘linmalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida ko‘rib chiqiladigan qonunlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlashda o‘zaro yaqin hamkorligini ta'minlash, ularni Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatida ko‘rib chiqish, kelishish va axborot berish jarayonlarida ishtirok etish;

ikkinchi - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida qonunlar loyihalari, boshqa masalalarni muhokama etish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida qonun loyihalarini (qonunlarni) ko‘rib chiqishda ishtirok etadigan Hukumat vakillari tarkibini shakllantirishda ishtirok etish;

uchinchi - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bilan qonun ijodkorligi faoliyatida, avvalambor, mamlakat parlamentida qonunlarni ko‘rib chiqish, muhokama etish va qabul kilish jarayonlarida yaqin hamkorligini tashkil etish;

to‘rtinchi - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida ko‘rib chiqiladigan qonun loyihalari, qonunlar, davlat dasturlari va boshqa masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kelishilgan nuqtai nazarini ifoda etish;

beshinchi - qonun ijodkorligi jarayoni, qonunchilik tashabbuslarining qabul qilinishi, parlament nazorati natijalari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida ko‘rib chiqilishi haqida Vazirlar Mahkamasiga tizimli asosda axborot berish;

oltinchi - yangi qabul qilingan qonunlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriklari, rejalari hamda qarorlari tayyorlanishini tashkil etish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan amaldagi qonunlar bajarilishini o‘rganish hamda tahlil kilish;

yettinchi - qonunlar, davlat dasturlarining bajarilishi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha parlament nazoratini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ishtirokini ta'minlash.

Belgilab qo‘yilishicha, Vakolatli vakil:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi:

o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida amalga oshiradi, bir vaqtning o‘zida uning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Vakolatli vakilga:
qonun loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish dasturlarining o‘z vaqtida va sifatli tayyorlanishi hamda amalga oshirilishi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, ularning kengashlari, qo‘mitalari, komissiyalari (ishchi guruhlari), shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi deputatlar birlashmalari majlislarida qonunlar loyihalari va qonunlarni ko‘rib chiqishda ularni har tomonlama asoslash, iqtisodiy, moliyaviy, huqukiy va boshqa turdagi ekspertizadan to‘liq o‘tkazilishini ta'minlash bo‘yicha shaxsiy mas'uliyat yuklandi.

Yangi joriy etilgan Vakolatli vakil lavozimi uchun Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga hak to‘lashning 19-razryadi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Ishlar boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi binosida Vakolatli vakil uchun xona ajratilishini, shuningdek uni zarur uskunalar, kompyuter texnikasi, mebel, aloqa vositalari, jumladan, hukumat aloqasi bilan ta'minlaydi.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklandi.

Mavzuga oid