O‘zbekiston | 21:50 / 04.10.2017
59287
4 daqiqa o‘qiladi

Xorij OAV Shavkat Mirziyoyevning BMTdagi nutqiga qanday munosabat bildirmoqda?

Foto: Kun.uz

Musulmonlar idorasi raisi Usmonxon Alimov O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh assambleyasi sessiyasidagi nutqi yakunlangandan keyingi taassurotlari hamda xorij ommaviy axborot vositalarida shunga doir bildirilgan fikrlar bilan bo‘lishdi. Bu haqida 4 oktabr kuni Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri xabar berdi.

Foto: Xalqaro Press-klub

Usmonxon Alimovning so‘zlariga ko‘ra, BMT minbarida O‘zbekiston Prezidentining nutqi yakunlangandan keyin qarsaklar davomli bo‘lgan. Hatto u yerdagi davlat rahbarlari ham, shuningdek majlisni boshqarib borayotganlar ham Prezidentni bu so‘zlari bilan qutlashgan. 

"Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an davlatmiz rahbari Shavkat Miromonovichni bag‘riga bosib, dunyoda hali hech bir davlat rahbari BMTning oliy minbaridan turib, islom dinining qadriyatlarini bu qadar jasorat bilan himoya qilmagani, hech qachon Imom Buxoriydek ulug‘ allomaning nomini tilga olmaganini alohida ta'kidlab, tahsinlar aytdi. Buni hammamiz ko‘rdik. 

Misrning "Al-Vaqf" gazetasi "O‘zbekiston Prezidenti BMT minbaridan turib yoshlarga doir tashabbus bilan chiqdi" sarlavhali katta maqolasini e'lon qildi. Unda Shavkat Mirziyoyevning BMT yig‘inida yoshlar huquqini ta'minlash xususidagi qonunni ishlab chiqish borasidagi taklifiga yuqori baho berilgan. Ayniqsa, hozirgi tezkor sur'atlar bilan o‘sib borayotgan axborot zamonida alohida bir tizim ishlab chiqish juda ham maqsadga muvofiq ekani ta'kidlangan. Shuningdek hozirda yoshlar uchun munosib sharoitlar yaratish va ekstremistik g‘oyalar qarshisida to‘siq qo‘yish juda ham qiyinligi, bunga erishishning birdan bir yo‘li yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash va haq-huquqlarini himoya qilish ekani qayd etilgan. 

Bundan tashqari, yana bir arab axborot agentligining xabar berishicha, dunyodagi terror tahdidiga qarshi kuch ishlatish u qadar manfaat bermayotgani ta'kidlandi. Maqolada O‘zbekiston bu borada faol ish olib borib, tinch yo‘l bilan, ya'ni ma'rifat bilan kurash olib borishga barchani da'vat etayotganiga alohida e'tibor qaratilgan. 

Bu xorijdagi OAVning Prezidentimizning BMT Bosh assambleyasi sessiyasida so‘zlagan nutqlariga bergan baholaridir. 

G‘arb nashrlarida ham Prezidentimizning "Endi fuqarolar davlat tashkilotlariga emas, davlat tashkilotlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak" degan gaplariga urg‘u berilgan. Inson huquqlari masalasida qilingan ijobiy ishlar yuqori baholangan. 

Shuningdek yana bir g‘arb nashrida O‘zbekiston uchun hozirgi davr - taraqqiyot davri ekani ta'kidlanib, odim qadamlarning tashlanishi Prezident tomondan ishonchning mustahkamlanganligini ta'kidlaydi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar aholining davlatga, hukumatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashi aytib o‘tilgan", - deydi Musulmonlar idorasi raisi.

Mavzuga oid