20:00 / 04.10.2017
27630

MXX butun O‘zbekiston bo‘ylab valyutafurushlarni qo‘lga olishda davom etmoqda

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda aholi va ishbilarmon doiralarni valyuta mablag‘larini erkin tarzda sotish vositalari bilan ta'minlashga yo‘naltirilgan valyuta siyosatini liberallashtirish ishlari davom etmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 2 sentabrdagi "Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha dastlabki chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori valyutani tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy etish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni faol jalb qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozordagi raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha harakatlarida muhim yo‘nalish hisoblanadi. 

Ayni paytda butun mamlakat bo‘ylab valyuta ayirboshlash shoxobchalari soni oshib bormoqda. Bu yerda istagan kishi oddiy jarayondan o‘tib, valyuta vositalarini erkin almashtirish imkoniga ega. 

Davlat tomonidan shunday sharoitlar yaratilishiga qaramay, mamlakatda noqonuniy yo‘llar bilan pul ishlashga urinayotgan odamlar ham talaygina. Valyuta bilan noqonuniy savdo qiluvchilar nafaqat mamlakatning moliyaviy qonun-qoidalarini buzmoqda, balki ko‘p holatlarda soxta valyutalarni o‘tkazib, mijozlarni aldashmoqda. 

Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasi xodimlari Toshkent shahri bo‘ylab "qora bozor" bilan kurash doirasida Bosh prokuratura qoshidagi departament hamda IIBB bilan hamkorlikda yirik valyutafurushni qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operatsiya o‘tkazishdi. Natijada 36 yoshli Dilmurod Azizov tomonidan 97,8 million so‘mga 12 ming AQSh dollarini noqonuniy sotishga bo‘lgan urinishning oldi olindi. Qonunga xilof bitim Yakkasaroy tumanida Birinchi notarial idora yonida amalga oshirilayotgan bo‘lgan.

Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanining Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasi xodimlari tomonidan yana bir reyd amalga oshirilgan. U yerda Shovot tumanida yashovchi Safarboy Nurjonov 46,8 million so‘mga 5800 dollarni noqonuniy xarid qilayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Shuningdek, tintuv davomida Nurjonovdan 850 dollar, 56 ming qozoq tengesi, 1500 rubl va 53 ming so‘m ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. 

Bosh prokuratura qoshidagi departament D.Azizov va S.Nurjonovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177-moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atgan.

Mavzuga oid
Top