Jamiyat | 22:20 / 04.10.2017
24200
16 daqiqa o‘qiladi

Mo‘'jizalar izlab Misrdan Iordaniyagacha. Ikkinchi maqola

Inson aql zakovati bilan yaratayotgan texnologiya tufayli zamonni soat sayin o‘zgartirib bormoqda. Hamma narsa o‘zgaryapti. Avvalo turmush tarzi. Ammo asrlar davomida «o‘zligi»ni saqlab kelayotgan xalqlar ham bor. Ko‘chmanchi arab – beduinlar shular jumlasidandir. Men ko‘rgan beduinlar haligacha elektr quvvatidan foydalanish o‘rniga moychiroq yoki gulxan yoqadilar. Mashinadan ko‘ra tuya va otlarni afzal biladilar. Farmatsevtika mahsulotidan umuman foydalanmay, cho‘l o‘simliklari, uning tomir yoki gulidan tayyorlangan dori–darmonni qo‘llaydilar. Asosan choy ichadilar. U qanday choyligini bilsangiz edi...

Beduinlar Misr, Iordaniya, Suriya, Livan kabi arab mamlakatlari va qisman Isroilda yashaydi. Ular qaysi davlat xududida bo‘lmasin, qabila bo‘lib umrguzaronlik qilishadi. Misr beduinlarning ko‘plab qabilalarini bag‘riga olgan. Ularning qanchaligi aniq ma'lum emas. Lekin rasmiy ma'lumotlarda Misr beduinlari 100-150 ming nafar, deb keltiriladi.

Mo‘'jizalar izlab Misrdan Iordaniyagacha. Birinchi maqola

Beduinlar o‘ziga xos hayot tarzi va qoidalari asosida yashaydi. Ular bilan yuzma–yuz bo‘lish uchun Qohiradan Sinay yarim orolidagi Sharm al-Shayx shahriga samolyotda uchib keldim.

Sharm al-Shayxni yer yuzidagi jannat misol shaharlarga qiyoslagim keldi. Shaharda atigi 24 ming aholi bor. Lekin ularning hech biri bu yerda muqim yashash huquqiga ega emas. Ular Qizil dengiz bo‘yidagi o‘nlab kurort – mehmonxonalar hamda shahardagi sayyohlarga xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida ishlaydilar va bu yerda vaqtincha yashaydilar.

Qizil dengiz suvining shaffofligi, suv ostidagi afsonaviy korall olami va ming turfa rangli baliqlarni ko‘rmay ketish «gunoh» edi. Savdolashib yurib 550 funt (31,2 dollar)ga ko‘rish oynali, suv ostida nafas olish moslamasi bo‘lgan «maska» sotib oldim. «Concord» mehmonxonasining xususiy cho‘milish hududida dengiz ostiga sho‘ng‘ib, bir umr unutilmas hayratomuz manzaraga duch keldim. (Mavzudan chetlamay...)

Darvoqe. Misr beduinlari ikki katta urug‘ga bo‘lingan. Biri Sinay yarim oroli cho‘llaridagi ko‘chmanchi qabilalar. Ikkinchisi, Qizil dengiz yoqalab ko‘chib yuruvchi, ba'zida sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi arab qabilalaridir. Sharm al-Shayxdan mashinada ikkinchi urug‘ qabilalarini izlab Dahab shahri tomon yo‘lga tushdim.

Sinay yarim oroli o‘tgan asrning ikkinchi yarmida ma'lum muddat Isroil tasarrufida bo‘lgan. Aniqrog‘i, Isroil qo‘shnisi Misrning bu olis hududini bosib olgan. Faqat 1974 yildagina Anvar Saodatning tinchlik sulhi uni yana Misrga qaytargan. Sharm al-Shayx – Dahab avtomobil yo‘li o‘sha yillari qurilgan ekan. Ikki tomonlama, ikki qatorli tekis, ravon yo‘ldan rohat qilib yuradi mashina.

Sharm al-Shayx – Taba yo‘li bo‘yida bir necha kichik – kichik aholi yashash hududlarini uchratdim. Ularning oyna va eshiklari ochiq turar, hech kim yo‘q edi. Yo‘lboshchining aytishicha, 2007 yilda Husni Muborak farmoni bilan bu yerlarda beduinlar uchun 2-3 xonali ixcham uylar qurilgan va bepul berilgan. Agar ko‘chmanchilar shu uylarda muqim besh yil yashasa, ularga pasport va fuqarolik berish va'da qilingan. Lekin saxroi xayotga ko‘nikkan beduinlar bu uylarda bir oy ham turmaganlar va yana tog‘ etaklari, qum barxanlari uzra chodirlarini tikib ketaverganlar. Shundan buyon 20-25 uydan iborat mavzelar huvvilab yotardi.

Nihoyat yana 80-90 kilometr yo‘l yurgach, chap tomondagi tog‘lar bag‘rida bir necha chodir tikilgan tekislik ko‘zga tashlandi.

- Bu yerda yoz bo‘yi beduin qabilalaridan biri istiqomat qiladi, - dedi hamrohim Abdulla. U Sharm al-Shayxga kelgan rossiyalik sayyohlarga xizmat qilaverib rus tilini bir muncha o‘rganib olgandi. – Yolg‘iz kirmaylik. Biron bir sayyohlar avtobusini kutaylik.

Abdullaning xavotir olishi bejiz emasdi. Dahab va undan shimolda, Isroil chegarasidagi Tabe shaharchalari atrofida beduinlar xorijlik sayyohlarni o‘g‘irlash, so‘ng ularni narkotik moddalar savdosi bilan qamalgan qabiladoshlariga almashtirish hollari ro‘y berib turarkan.

Nihoyat, sayyohlar tushgan avtobus katta yo‘ldan beduinlar qarorgohi tomon qayrildi. Biz ularga ergashdik. Uch tomoni baland–baland tog‘lar, o‘rtada chamasi 1-1,5 gektar keladigan yassi sath. Bu yerda bir necha chodir, cho‘lning tikanak novdalaridan o‘rab olingan qo‘rg‘on turardi. Uzoq–uzoqlarda qo‘ra–qo‘ra qo‘y boqayotgan kishilar ko‘zga tashlanadi. Bizni boshida oq salla, ustida uzun oq ko‘ylak kiygan, yuzi qotma, ko‘zlari chaqnagan lekin ochiq ko‘ngil bir beduin kutib oldi.

Qo‘rg‘on ichiga aylana qilib ko‘y junidan to‘qilgan sholcha tashlab qo‘yilgan. Bizdagi kabi lo‘la bolishlar ham bor. Endi o‘tirgan ham edikki, bir o‘spirin yigit kelib oldimizga choy qo‘yib ketdi.

- Ular bizni siylayapti, - dedi Abdulla. – Siz tortinmay ichavering. Bu choy ming dardga davo.

Men ehtiyotkorlik bilan choyni xo‘pladim. Uning ta'mi bir oz taxirroq bo‘lsada, qaysidir, men ilgari uchratmagan giyoh hidi kelardi. Shu payt haligi sayyohlar beduinlar oilasini «qurshov»ga oldi. Hali u yoqdan, hali bu yoqdan suratga olishar, tosh va giyoh novdasidan qo‘lda yasalgan bilak, quloq va bo‘yin taqinchoqlarini talashib–tortishib sotib olar edilar.

Nihoyat bizga ham navbat keldi. Avvaliga u–bu sotib olgan bo‘ldik. (Bu muloqot qilish uchun kerak edi) Keyin oila boshlig‘ini savolga tutdim.

- Biz Al Abbad urug‘ining Jabal qabilasidanmiz, - deydi u. Garchi asosiy mashg‘ulotimiz, ya'ni tirikchiligimiz qo‘y boqishdan bo‘lsada, qisman dengiz bo‘yida baliq ovlaymiz, sayyohlar suv ostiga tushishida yordamlashamiz. Siz suv ostiga tushishni istamaysizmi? O‘g‘lim Ibrohim hozir “moviy o‘ra”da. Borib unga ayting. Otang buyurdi, bizni “moviy o‘ra”ga olib tush, deng. Mana ko‘rasiz, hech afsuslanmaysiz.

Men Abdullaga qaradim. U Dahabdan 20-25 chaqirim narida million yillar muqaddam Qizil dengiz qirg‘og‘idan vulqon otilib chiqqani, uning o‘rnida 1800 metr chuqurlikdagi o‘ra hosil bo‘lgani, hozirda bu o‘ra suv ostida qolgani va korall dunyosining takrorlanmas va noyob manzarasini aynan shu yerdagina ko‘rish mumkinligini aytdi.

Beduinlar oilasida ayollar tuyalarga qarar va bola tarbiyasiga mas'ul. Qariyalar esa bolalarga dindan saboq beradilar. Beduinlar qaysi qabila yoki urug‘dan bo‘lmasin, sunniy mazhabiga mansub.

- O‘g‘lim uylanadigan. Qo‘shni qabiladan qiz ham topganmiz. Endi qalin puli to‘plashimiz kerak.

Beduinlarda to‘y kuni kelinga bir tovoqda oltin taqinchoqlar va uning ota–onasiga qalin (tuya, ot, quy) berishi lozim ekan. Oila boshlig‘i bu udumga biz ham ozgina bo‘lsada “ulush” qo‘shishimizdan umidvor edi.

- Biz Ibrohimning oldiga albatta boramiz, dedim men uni biroz xotirjam qilib. Bu gap unga ma'qul keldi shekilli, o‘rnidan turib gulxan yoqdi. Eski, qoraygan mis idishda suv qaynatib turli giyohlardan solib astoydil choy damladi. Keyin Abdulla bilan nimalar haqidadir tortishgan bo‘ldi.

- Choyga biroz ... qoradori (cho‘l giyohlari ichida shunday xususiyatli o‘simliklar ham bo‘lar ekan) qo‘shaymi, deb so‘radi. Men sizni ko‘nmaydi, u hoji, dedim. To‘g‘ri qilibmanmi?

Men Abdullaning so‘zlarini ma'qullab, beduinga “no-no” dedim. Biz kulishdik. Shundog‘am choy ichganim sari badanim qizib borayotgandek edi.

Biz Dahab shaharchasidan o‘tib yana dengiz bo‘ylab “moviy o‘ra” tomon ketardik. Taxminan 30 kilometrlar yurgach, asfalt yo‘l tugab yolg‘izoyoq so‘qmoq boshlandi. Shu yerda 10-12 chog‘li oqtuyalar pishqirib yotardi. Bizni ko‘rgan yo‘lboshchilar bir-biriga so‘z bermay baravar gapira ketdi. Abdulla bir baqirgan edi, hammasi tinchidi. So‘ng ularning biri bilan savdolashdi. Yo‘lboshchi bizni “moviy o‘ra”ga tuyalarda olib boradigan bo‘ldi.

Rosti, tuya minib o‘rganmaganman. Qohirada, piramida yonida tuyada bir necha bor sayr qilgandim. Ammo u qisqa muddatli edi. Endi esa oyoqda uzangisi yo‘q tuyada uning lo‘ka–lo‘k tebranib yurishiga manzilga yetguncha chidash lozim.

Mana, uzoqda, bir tomoni qoyali tog‘ yonida, dengizning qoq qirg‘og‘ida suv rangidan o‘zgacha, tiniq va moviy doira ko‘rindi. Vo ajab! Qizil dengiz–ku, boshqalaridan sayoz emas, ichkarisi 1500-1600 metrgacha chuqur ekan. Lekin dengiz qirg‘og‘ida 1800 metr chuqurlikdagi diametri chamasi 50 metr bo‘lgan moviy o‘ra – haqiqiy mo‘'jiza edi.

Ibrohimni topish qiyin bo‘lmadi. U endigina bir guruh sayyohlarni dengizdan olib chiqib turgan ekan. Abdulla unga otasidan salom aytdi.

- Yana biroz ishlasam, qabilaga qaytaman. Dengiz jonga tegdi. Quyosh botayotganda qum va tog‘lar qanday rangga kirishini bilasizmi? Haqiqiy kamalak rangiga. Shu daqiqada uni kuzatish qanchalar yoqimli?!

Ibrohim yosh, lekin qomati rosa kelishgan, bilagida muskullari bo‘rtib chiqqan, qo‘ng‘ir sochlarini ortga boylagan, doim kulib turadigan yigit edi. Uning ko‘chmanchi arablar uchun muqaddas manzaralardan biri - quyosh botishi haqidagi hayrat va zavq bilan aytgan gaplari ham qalbining to‘ridan chiqardi. Ibrohim haqiqiy beduin edi.

- Mana bularni kiyib oling, - dedi u menga suzish oson bo‘lishi uchun oyoq lastasi va po‘kak kamzul berib. Men maskamni ham taqib oldim. – Endi asta-sekin huv anavi yerdan suvga tushamiz. Men yoningizda suzaman.

Shu payt dovyurakligimni isbotlamoqchi bo‘lib Ibrohimning taklifini rad etdim.

- Sharm al-Shayxda ham suzib ko‘rganman. Dengizga o‘zim tushaman.

Men suvga tushgan joy moviy o‘radan 150 metrlar narida edi. Qirg‘oqdan 15-20 metrlar ichkariga suzib borgach yuzimni suv ostiga burdim. Yo alhazar?! Dengiz osti ming bir rangda va shaklda toblanadigan koralldan iborat edi. Oq, qora, qizil, sariq, ko‘k, chipor rang baliqlar to‘da–to‘da suzib yurardi. Men ular ortidan quvaman lekin yetolmayman. Yana takrorlanmas me'moriy mo‘'jizalarni kuzataman. Iye, anavilar, hov uzoqda, dengiz tubiga qarab suzib ketayotganlar akvalanglar–ku! U yerlarda qanday manzaralar bor ekan-a? Suv yuzasida bo‘lsamda, ular ketidan qolmaslikka harakat qilaman. Shu payt yonimdan kattagina qop– qora baliq o‘tib ketayotib tizzamga urildi shekilli, jazz etgandek bo‘ldi. Suv yuzasiga chiqib, boshimni ko‘tardim.

- Vooy, vooy! - Birdan tok urgandek seskanib ketdim. Men “moviy o‘ra”ning qoq o‘rtasida edim. Ostimda 1800 metrli chuqurlik! Qirg‘oq olisda. Kamida 100 metr suzib borish kerak. Atrofimda hech kim yo‘q. Qo‘rquvdan yuragim yorilayozdi. Boshimni suvga tiqdim. Endi baliqlarni ham, korallarni ham ko‘rmasdim. Tublik. Cheksiz tublik edi xolos ostimda. Suza boshladim. Lekin oyoq qo‘llarim go‘yo ishlamayotgandek, qancha harakat qilmay joyimda turgandek edim.

- Yo rab, gunohlarimni o‘zing kechir, nahotki jasadim shu dengiz ostida qolib ketsa?! – Miyamga kelgan bu fikrdan yanada qo‘rqib ketdim. – Hali qancha qiladigan ishlarim, yozadigan xotiralarim bor edi-ya!...

Shu tariqa qancha vaqt o‘tdi, qanday qilib suzdim, bilmayman. Faqat qirg‘oqni mo‘ljalga olganimga amin edim xolos. Bir payt baquvvat qo‘l bilagimdan tutdi. Boshimni suvdan ko‘tardim. Qarasam, Ibrohim. Xayriyat, qirg‘oqqa yaqin kelib qolibman. Meni kuzatib turgan Ibrohim suzishimdagi pala-partishlikni ko‘rib o‘zini dengizga otibdi. Qirg‘oqqa 15-20 metr chamasi qolgada u meni shatakka olgan.

Qirg‘oqdagi turfa rangli toshlarga, demakki yerga, ona tuproqqa oyog‘im tekkanida qanchalar quvonib ketganimni bilsangiz edi...

Mendan maska, kamzul va lastalarni yechgan Ibrohim chodirga qarab yugurib ketdi. Abdulla nimalardir der edi. Lekin go‘yo quloqlarim tom bitgandi. Lablarimni qaynoq choy kuydirganida hushimga keldim. Abdulla va Ibrohim tashvish bilan menga tikilib turishar edi.

Ayb o‘zimda. Maqtanchoqlik qildim. Lekin na Abdulla, na Ibrohim buni yuzimga soldi. Aksincha, meni bo‘lib o‘tgan voqeadan chalg‘itishga harakat qilardilar. Chodirga kelganimizda Ibrohim do‘mbirani qo‘liga olib bir ohangda chala boshladi. Qirg‘oqdagi 5-6 nafar beduin do‘mbira ovozini eshitib kela solib o‘yinga tusha ketdilar. Harakatlar kuy shashtiga mos edi. Biz qarsak chalardik. Ulardan biri kelib meni davraga tortdi. Men endi hammasini unutib beduin yoshlari bilan do‘mbira sadolariga mos tebranib raqs tushardim.

Kun kech bo‘ldi. Gulxan olovida toblab pishirilgan baliq yeb hordiq chiqardik.

- Dam olish kerak, erta tongda Qizil dengizni paromda kesib o‘tasiz. Sizni Iordaniyaning Al Aqaba shahrida kutishyapti, - dedi Abdulla.

Biz yana tuyalarga mindik. Ibrohim mashinamiz qolgan joygacha men mingan tuyani yetaklab bordi.

Tuni bilan yo‘l yurib dastlab Nuveyba shaharchasidan o‘tdik, so‘ngra Isroil bilan chegarada joylashgan Taba shaharchasidagi dengiz portiga yetib keldik. Qirg‘oqda turgan “Petro” nomidagi parom bir pishqirib qo‘ydi. Tog‘lar ortidan quyoshning kuchsiz nurlari mo‘ralay boshladi.

Muhammadjon Obidov
Misr, Sharm al Sheyx-Daxab-Taba

Mavzuga oid