Jahon | 12:25 / 05.10.2017
9051
5 daqiqa o‘qiladi

Aliyev Ozarboyjonni Yevropaning yangi yagona energiya manbai deb atadi

Foto: RIA "Novosti"

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning ma'lum qilishicha, Yevropada tabiiy gaz uchun talab ortadi, Ozarboyjon esa Yevropa uchun yangi yagona energiya manbaidir.

"Ozarboyjon energiya sektorini rivojlantirish chegaralarimiz bilan cheklangan emas. Bizning energiya xavfsizligimizga kelsak, barcha ish yo‘lga qo‘yildi, biz neft, gaz hamda elektr energiyasini turli yo‘nalishlar bo‘ylab eksport qilmoqdamiz. Bizda 7 ta quvur bor. Ularning uchtasidan neft yetkazib berilmoqda – ikkitasi Qora, bittasi O‘rta Yer dengiziga qarab olib boradi. Gaz quvurlari soni to‘rttaga teng, ular orqali biz barcha yo‘nalishlarda gaz yetkazib berishimiz mumkin - Gruziya, Turkiya, Eron va Rossiya", - dedi Aliyev Yevropa Kengashining siyosat va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi delegatsiyasi bilan uchrashuvda.

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Bokudan Italiyaga boradigan eng yirik gaz quvuri qurilishi davom etmoqda.

"Biz zamonaviy transport infratuzilmasini yaratish uchun barcha ishlarni amalga oshirdik. Bizning zaxiralar ma'lum, bozor belgilangan. Biz uchun eng yirik bozor – Yevropa bo‘lib, u yerda tabiiy gaz uchun talab ortib boradi. Bizga ma'lumki, Yevropaning gazga bo‘lgan ehtiyoji oshadi, Ozarboyjon esa Yevropa uchun yangi yagona energiya manbai hisoblanadi. Ayni paytda Yevropani gaz bilan ta'minlovchi barcha boshqa manbalardan foydalanilmoqda. Ozarboyjon yaqinda joylashgan, katta zaxiralarga ega, yetarli salohiyati mavjud yangi manbadir. Biz Yevropa komissiyasi bilan qalin hamkorlik qilmoqdamiz. Uch yildan beri Bokuda Janubiy gaz yo‘lagining Maslahat kengashi yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu yig‘ilishlarda Yevropa komissiyasi vitse-prezidentlari ham ishtirok etayapti", - dedi u.

"Janubiy gaz yo‘lagi" loyihasi Yevropaga Gruziya va Turkiya orqali Kaspiy mintaqasidan 10 milliard kub metr Ozarboyjon gazini yetkazib berishni nazarda tutadi. Dastlabki bosqichda JGY uchun asosiy manba sifatida “Shoh Deniz” gaz kondensat konlarini o‘zlashtirishning ikkinchi bosqichi doirasida olinuvchi gaz hisoblanadi. Kelajakda loyihaga boshqa manbalar ham qo‘shilishi mumkin.

Natural Gas Europe ma'lumotlariga ko‘ra, JGY qiymati taxminan 40 milliard dollarga teng. Ular orasida – 9,3 milliard dollar Transanatoliya quvuri loyihasiga (TANAP), 6 milliard - Transadriatika quvuri loyihasiga (TAP), 23,8 milliard – “Shoh Deniz”ni o‘zlashtirishning ikkinchi bosqichi va Janubiy Kavkazdagi gaz quvuri kengayishiga tegishli.

Shuningdek, Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, “so‘nggi vaqtlarda Yevropa Kengashi rasmiy vakillari Ozarboyjonga hujumlar tashkillashtirishdi”.

"Ular bizga a'zolikdan mahrum qilish va sanksiyalarni qo‘llash bilan tahdid qilishmoqda. Albatta, bizning siyosatchilar, deputatlar, jurnalistlar va fuqarolar oddiy reaksiyani ko‘rsatishmoqda. Birinchidan, ular inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi tomonidan qabul qilingan o‘n mingdan ortiq qarorlar bajarilishini ta'minlashlari kerak. Shundan keyingina Ozarboyjonni a'zolikdan chiqarish yoki sanksiyalar haqida gapirishlari o‘rinli bo‘ladi. Agarda bu ro‘y bersa, bu fakt ikkilamchi standartlarning g‘alabasiga aylanadi”, - deya ta'kidlab o‘tdi Aliyev.

Uning qayd etishicha, mamlakat 16 yildan beri YeK a'zosidir.

"Sizga shuni ochiq aytishim mumkinki, agarda Ozarboyjon Yevropa Kengashini tark etsa, hech kim bunga ahamiyat qaratmaydi. Bizning hayotimizda hech narsa o‘zgarmaydi, biz yaxshiroq, yomonroq, boyroq yoki qashshoqroq yashashni boshlamaymiz", - deya xulosa qilgan Aliyev.

Ozarboyjon yetakchining qo‘shimcha qilishicha, inson huquqlari va demokratiya mamlakat rahbariyati uchun bundan keyin ham ustuvor yo‘nalishlar bo‘lib qoladi.

"Biz buni Yevropa Kengashi bosh kotibiga yoqish uchun qilayotganimiz yo‘q. U hozirda Ozarboyjonga asossiz hujumlar uyushtirmoqda. Biz buni o‘z davlatimiz rivoji uchun qilmoqdamiz", - degan u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid