22 iyun kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda davlat rahbari Guseyn Guliyevning O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishdagi samarali faoliyatini alohida qayd etdi.

So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada kengaydi. Oliy va yuqori darajadagi muloqotlar faollashdi, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi bir necha barobarga oshdi. Bugungi kunda Ozarboyjon sarmoyasi ishtirokida 280 ta korxona tashkil etilgan bo‘lib, Qo‘shma investitsiya kompaniyasi ham faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, geologiya, qishloq xo‘jaligi, transport, shaharsozlik, to‘qimachilik va farmatsevtika sohalaridagi kooperatsiya loyihalari izchil amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuv yo‘nalishida ham qator muhim dasturlar hayotga tatbiq etilgan.
Uchrashuv yakunida prezident Shavkat Mirziyoyev elchi Guseyn Guliyevga O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun «Mehnat shuhrati» ordenini tantanali ravishda topshirdi.


Guseyn Guliyev esa o‘z navbatida, diplomatik faoliyatiga berilgan yuksak baho va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor uchun O‘zbekiston rahbariga minnatdorlik bildirdi.











