Milliy alifbo: yoshlarni ortga sudramaylik!
So‘nggi bir yil ichida jamiyatimizda qanday ulkan o‘zgarishlar, yangilanishlar bo‘layotganiga barchamiz birday guvohmiz: eng muhimi, yurtdoshlarimiz jonlanib, o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalar bo‘yicha ochiq-oydin fikr almashyapti, o‘z mulohazalarini o‘rtaga tashlab, jamoatchilik xulosasi shakllanishiga hissa qo‘shyapti. Fikr almashishga, yechim axtarishga arzigulik masalalar esa oz emas. Shulardan biri — milliy yozuvimiz masalasidir.
Garchi mustaqillikning ilk yillarida, aniq aytadigan bo‘lsak, 1993 yilning 2 sentabr kuni Oliy Kengashning o‘n ikkinchi chaqiriq XIII sessiyasida bu masala qonunan hal qilingan, ya'ni O‘zbekistonda lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek alifbosi milliy yozuv sifatida rasman belgilangan bo‘lsa-da, hali-hanuz bu qonun ijrosi hayotimizda to‘la-to‘kis aks etmayapti. Tabiiyki, «Nima uchun?» degan savol tug‘iladi. Bu savolning javobi bir necha omillarga borib taqaladi. Shulardan biri — bugun amalda bo‘lgan o‘zbek lotin alifbosidagi ayrim noqisliklardir. Bu noqisliklar haqida, mana, yigirma yildan oshdiki, turli davralarda gapirib kelyapmiz. Oxirgi yillarda esa ko‘plab maqolalar ham paydo bo‘lyapti. Ularda yangi alifbomizni takomillashtirish bo‘yicha turli-tuman takliflar, mulohazalar o‘rtaga tashlanyapti. Zero, bu vazifa Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2016 yil 13 maydagi «Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmonida ham aniq belgilab berilgan edi. Jumladan, farmonda universitetning asosiy vazifalaridan biri sifatida «o‘zbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini to‘la aks ettiradigan mukammal akademik va o‘quv grammatikalarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash...» masalasi qayd etilgan edi. Mazkur vazifani bajarish maqsadida O‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida taniqli mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzildi. Ushbu guruh o‘tgan vaqt mobaynida lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek yozuvi va imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ish olib boryapti. Albatta, bu ishchi guruh shu paytgacha qanday ishlarni amalga oshirganini sarhisob qilish — alohida maqola mavzusi. Ammo, muhimi, milliy alifbomizdagi nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asosda ish ketyapti. Ishchi guruh o‘zining so‘nggi xulosasini rasman taqdim qilsa, shubhasiz, u keng jamoatchilik tomonidan obdon muhokama etilib, tilimiz uchun eng qulay alifboga ega bo‘lamiz, degan umiddamiz.
Ammo... so‘nggi paytlarda yangi alifbomizdagi ayrim tuzatsa bo‘ladigan jihatlarni dastak qilib, lotin alifbosi biz uchun umuman yaroqsiz, degan o‘ta asossiz da'volarni eshitib taajjubga tushyapmiz. Davlat tili darajasiga ko‘tarilgan turkiy tillarning aksariyatiga juda mos kelayotgan lotin yozuvi nega endi o‘zbek tili uchun muvofiq emas ekan?! Agar ayrim muammolar bo‘lsa, gap alifbodami yoki bizning o‘zimizdami?
Taniqli adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinovni zukko, haqgo‘y olim sifatida bilamiz. U kishini tanigan kattalar ham, yoshlar ham birday hurmat qiladi. Jumladan, ustoz olimimizga shaxsan mening ham hurmatim baland. Televizor, radiodagi chiqishlarini jon qulog‘im bilan tinglab, maqolayu suhbatlarini qiziqib o‘qib boraman. Ammo ustozning «Yoshlar» telekanalida efirga uzatilgan, lotin va kirill alifbolari tahliliga bag‘ishlangan ko‘rsatuvdagi fikr-mulohazalarini eshitib, ochig‘i, ajablandim. U kishining «Masalaga siyosiy emas, ilmiy jihatdan yondashaylik. Agar ilmiy jihatdan qaraydigan bo‘lsak, biz uchun eng maqbul yozuv — kirill alifbosi» degan mazmundagi xulosasini eshitarkanman, bu borada qanday ilmiy asoslar bor ekan, deb o‘yga toldim. Televideniye ishidan uncha-muncha xabarim bo‘lgani uchun ko‘nglimdan «Bu, axir, tok-shou, unda albatta qarama-qarshi fikrlar bo‘lishi shart. Balki Zuhriddin aka ataylab tarafdori kam bo‘lgan tomonning qarashlarini himoya qilib, ko‘rsatuvning qiziqarli bo‘lishiga yordam bergandir», degan o‘y ham o‘tdi. Biroq hurmatli olimimizning el-yurt taqdiriga daxldor bo‘lgan masala — milliy yozuv haqida gap ketayotgan paytda bunday yo‘l tutmasligini o‘ylab, xayolim chuvalashdi. Keyin esa, bahs-munozara olovi pasayib, ko‘ngillar xotirjam tortgach, to‘zg‘igan xayollarimni yig‘ishtirib qo‘ya qoldim. Ammo domlaning yaqinda internetda e'lon qilingan «Lotin yozuvi: yechimdan keyingi muammolar» nomli maqolasini o‘qib, u kishi ilgari surgan ilmiy dalillar bilan tanisharkanman, nazarimda, ular omonat, zaif tuyuldi va yana xayolim parishon bo‘ldi.
Zuhriddin aka Isomiddinov maqolasining kirish qismida o‘z milliy yozuviga ega bo‘lgan hind, xitoy, arab, arman va boshqa yevropalik xalqlarga tole' kulib boqqanini aytib, alamli havasini bayon qiladi. Garchi muallif na «alam», na «havas» so‘zini ishlatgan bo‘lsa-da, ataylab tashlangan ko‘p nuqtalarda bu hissiyot yaqqol sezilib turadi. Ha, bu his-tuyg‘u qaysi o‘zbek ziyolisiga notanish?! Biz kabi qattol imperiya tarkibida yashagan bo‘lsa-da, o‘z yozuvini yo‘qotmagan gurji, arman xalqlariga havas qilishimiz, ularga nisbatan ham hududiy, ham aholi soni jihatidan bir necha barobar oshiq bo‘lsak-da, nega o‘z yozuvimiz yo‘q va borini ham nima uchun asray olmaganmiz, deb ichimizni tirnashimiz rost-ku. Maqolada ta'kidlanganidek, bir asr ichida milliy yozuvimizni to‘rt marta yangilashimiz, o‘zimizni ayab gapiradigan bo‘lsak, uyatdan boshqa narsa emas. Eng qizig‘i, maqola muallifi shu haqda gapirib turib, milliy alifbomizni rasman beshinchi marta o‘zgartirishga — kirill alifbosiga qaytishga chaqiradi va bu qarorni ilmiy asoslashga harakat qiladi.
Garchi alifbo tanlashda eng muhim faktor, domla aytganlariday, tarixiy emas, siyosiy emas, moddiy-moliyaviy emas, texnikaviy emas... ILMIY faktor ekanini e'tirof etsak-da, milliy alifbo masalasini hech qachon ijtimoiy-siyosiy o‘zandan tashqarida ko‘rib bo‘lmasligini ham tan olishimiz kerak. Negaki, har qanday alifbo muayyan millatning dunyoqarashi shakllanishida, borliq va o‘zligini idrok etishida, jahon sahnasiga chiqishida tengsiz ahamiyatga ega ekan, ya'ni milliy yozuv xalqning yuzi hisoblanarkan, u siyosiy-ijtimoiy masala bo‘lmasligi mumkin emas. Bo‘lmasa, biz havas qilib turgan juda ko‘plab xos alifboli xalqlar bugun ilmiy asoslarga tayanib, ko‘hna yozuvlaridan voz kechishlari ham mumkin edi. Ularni bunday qilmaslikka undab turgan kuch, ehtimol, tarixiy, ijtimoiy-siyosiy mas'uliyat hissi bo‘lsa ajab emas. Mayli, shunday bo‘lsa-da, ehtiroslarga berilmay, siyosiy va boshqa omillarni ro‘kach qilmasdan, Zuhriddin aka ilgari surgan dalillarni tahlil qilamiz.
Birinchi fikr — ko‘p asrlik madaniy merosimiz bitilgan arab yozuvining bugungi kunda tilimiz tabiatiga to‘g‘ri kelmasligi haqidagi mulohazaga e'tirozimiz yo‘q. Nazarimizda, keng jamoatchilik ham bu yozuvga qaytishni sira o‘ylayotgani yo‘q.
Ikkinchi fikr — lotin yozuvining tilimizga to‘g‘ri kelmasligi haqidagi mushohadaga esa umuman qo‘shilib bo‘lmaydi. Domla lotin yozuvining eng katta illati sifatida muayyan bir harfning har joyda har xil tovushni anglatishini ko‘rsatadi. Bu, axir, yozuvning emas, har bir tilning talabidan kelib chiqadi-ku! To‘g‘ri, ingliz tilida «Tea» deb yozilsa, «Ti» deb o‘qiladi. Ammo, aytaylik, yer yuzida 500 milliondan ortiq kishi so‘zlashadigan, roman tillari ichida eng ko‘p tarqalgan ispan tilida yozuv bilan talaffuz o‘rtasida deyarli farq yo‘q. Har bir harfi o‘z o‘rnida talaffuz etiladigan boshqa ko‘pgina lotin alifboli tillar borligi — oddiy haqiqat. Zuhriddin aka ta'kidlagan O‘, G‘, Sh, Ch, ng harflariga doir noqulayliklarni esa hammamiz bilamiz — Ishchi guruh tomonidan yechim axtarilayotgan asosiy harflar ham shular, aslida (shu o‘rinda yoshlarimizning aksariyati alifboni hozirgi holatida ham juda o‘ng‘ay va ma'qul deb hisoblashini aytib o‘tish lozim). Bu harflar qulaylashtirilsa, Ch harfiga asos bo‘luvchi C belgisiga mos tovush yuklansa, ayrim tovushlarimiz alifboda aks etsa, e'tirozu shikoyatlarga o‘rin qolmaydi. Ana shunda, domla aytgani kabi cho‘g‘ so‘zini yozish uchun klaviaturani olti marta emas, uch marta bossak kifoya. Masalan: čǒǧ, ĉõĝ, ćóǵ, çöğ kabi. Shuningdek, maqolada misol keltirilgan Qo‘qon, bog‘cha kabi so‘zlar ham o‘z-o‘zidan ko‘rkam ko‘rinishga kelib qoladi. «Poytaxt» so‘zini inglizlar «Po‘ytekst» deb o‘qishini o‘ylab, tashvish chekmasak ham bo‘ladi. Bugun qo‘lida zamonaviy smartfoni bor sayyoh internetga kirib, o‘zbek alifbosi haqida so‘rov bersa, qaysi harflar qanday tovushlarni ifodalashi haqida bir zumda ma'lumot olishi mumkin. Albatta, bu unga qiziq bo‘lsa. Qolaversa, bunday holat boshqa tillarga ham begona emas. Masalan, sof rus tilida va kirill alifbosida yozilgan «Saxar» degan so‘zni ham inglizlar o‘zlaricha Seksep yoki Keksep deb o‘qishlari, talaffuz qilishlari mumkin. Chunki bu so‘zdagi barcha belgilar har ikkala alifboda ham bor. Ammo bu hol kirill alifbosining nufuziga aslo ta'sir qilayotgani yo‘q. Albatta, umuman kamchiliksiz, o‘ta mukammal alifbo tuzish — murakkab masala. Biroq tilning eng asosiy talablariga javob beradigan yozuvni yaratish mumkin va bu borada lotin alifbosi ona tilimiz uchun bemalol javob beradi deb o‘ylaymiz. Xususan, ona tilimizga davlat tili maqomi berilganiga 28 yil to‘lishi arafasida — 2017 yilning 20 oktabr kuni O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi va Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamkorligida bo‘lib o‘tadigan «O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari» (til, alifbo va imlo) mavzusidagi respublika ilmiy-nazariy konferensiyasida bu muammolar yechimida siljish bo‘ladi deb umid qilamiz.
Endi hurmatli olimimizning yozuvlarni qiyoslab, tuzgan jadvaliga e'tibor qaratamiz. To‘g‘ri ta'kidlanganidek, lotin alifbosida hech qanday qo‘shimcha belgisiz, «toza» 26 ta harf bor. Ularning o‘zbek tili tovushlarini aks ettirish imkoniyati, jadvaldagi natija to‘g‘ri bo‘lsa, 72 foiz ekan. Kirill o‘zbek alifbosida 35 ta harf bor va, u kishi uqtirganidek, bu harflarning oltitasi (Ye, Yo, Yu, Ya, Ts, ) ona tilimiz uchun keraksiz. «Qolgan 29 harf o‘zbek tovushlarining 81% i demak» deydi muallif. Shu yerda ozgina xatolik ketmadimikan?! Axir, alifbolarni qiyoslayotganda hech qanday belgisiz, o‘zak harflar hisob-kitob qilinishi kerak emasmidi? Ya'ni, haqli ravishda U, K, G, X harflariga qo‘shimcha belgi qo‘yish orqali yasalgan O‘, Q, G‘, H harflarini ham sondan chiqarishimiz lozim emasmi? Axir, ilmiy yondashuv shuni talab etadi-ku. Yo‘qsa, lotin alifbosida ham qo‘shimcha belgili harflar istagancha, hatto kirill alifbosiga nisbatan bir necha barobar ko‘p topiladi. Bunga ishonch hosil qilish uchun turli alifbolarning asosiy va qo‘shimcha harflari, belgilari, ifoda imkoniyatlari aks etgan Yunikod jadvaliga bir qur nazar tashlash kifoya. Xullas, yuqoridagi to‘rt yasama harfni ham ayirsak, o‘zbek kirillitsasida 25 ta o‘zak harf qoladi. Bu endi necha foizni tashkil qiladi, aniqlash uchun qo‘shimcha hisob-kitob qilishimizga to‘g‘ri keladi.
Maqolada ancha mukammal deyilgan qozoq va ozarboyjon kirill alifbolariga qaraydigan bo‘lsak, turkiy tovushlarni to‘la ifodalashning imkoni bo‘lmagani uchun ayrim harflar aynan lotin alifbosidan «qarz»ga olinganini ko‘ramiz. Jumladan, j, i, h harflari kirill harflari safida, xuddi begona uyga adashib kirib qolgan musofirday, xijolatomuz turishibdi.
Endi IJTIMOIY jihatlarga e'tibor qaratamiz.
Birinchi jihat — 1940 yildan buyon kirill alifbosida nihoyatda ko‘p kitob chop etildi, lotin yozuvida savod chiqargan avlod ulardan bahramand bo‘lolmaydi, degan fikr ilgari suriladi maqolada. Holbuki, maqola so‘ngiga borib muallif o‘z fikriga qarshi boradi. Ya'ni: «kiril yozuviga qaytish ma'qul topilsa... lotin yozuvida savod chiqarayotgan bolalarga nima deymiz? Ular qiynalib qolishmasmikan? Yo‘q. Hozir o‘rta maktabda lotin yozuvini o‘rganayotgan ko‘p farzandlarimiz kirill yozuvida ham ravon o‘qib, yoza oladi, chunki ikkinchi sinfdan boshlab rus tilini o‘rganadi, rus adabiyotini o‘qiydi, qolaversa, deyarli barcha kitoblar, gazetayu jurnallar shu yozuvda chiqib turibdi...» To‘g‘ri gap. Chorak asr mobaynida lotin yozuvida savod chiqargan avlod kirill yozuvidagi kitoblarni ham o‘qiyapti. Agar o‘sha kitob chindan zarur va foydali bo‘lsa, bu boshqa alifboda yozilgan, o‘qimayman, deb yuz o‘girayotgani yo‘q. To‘g‘ri, kirill yozuvi o‘zlari o‘rgangan lotin alifbosi qadar ularga qadrdon emas, lekin ma'naviyatni, tafakkurni boyitish yo‘lida ozgina noqulaychilikni pisand qilishayotgani yo‘q. Garchi noo‘ng‘ay bo‘lsa ham aytay, o‘zbek maktabida o‘qib, lotin yozuvida ta'lim olayotgan o‘z farzandlarim ham ko‘p badiiy va ilmiy kitoblarni kirill yozuvida o‘qiydi. Demak, lotin yozuviga to‘liq o‘tsak, kirilldagi merosdan bebahra qolamiz, degan tashvishga o‘rin yo‘q. Qolaversa, avval kirill alifbosida chop etilgan kitoblarning juda ko‘pchiligi so‘nggi yillarda yangi alifbomizda qayta nashr etildi. Quvonarlisi, bu xazina borgan sari boyib boryapti. Xususan, Prezidentimizning 2017 yil 13 sentabrda e'lon qilingan kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirishga qaratilgan qarorining alohida bandida: «lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosidagi ilmiy-texnik, adabiy-badiiy va ensiklopedik adabiyotlarni yanada ko‘paytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish» bo‘yicha qat'iy ko‘rsatma berilgan.
Ikkinchi jihat — kirill yozuvida bitirgan dastlabki avlodning yoshi saksonga borib qolgani aytilib, demak, butun xalqning savodi kirill xatida chiqqan, deb xulosa qilinadi. Iya, unda, 30 yoshgacha bo‘lgan necha millionlab yoshlar BUTUN XALQ tarkibiga kirmas ekan-da!? Muallif fikrini davom ettirar ekan, lotin yozuvi ish yuritishga to‘liq joriy qilinsa, ko‘p yoshi ulug‘ professor-ustozlar pensiyaga chiqadi, bundan millat qancha yutadi-yu, qancha yutqazadi, deb savol qo‘yadi. Avvalo, to‘g‘risini aytish kerak, lotin yozuvi mamlakatimizda ertagayoq joriy etilishiga va keksa avlodning ko‘chada qolishiga Zuhriddin akaning o‘zlari ham ishonmasa kerak. Negaki, ayni paytdagi holatimizdan kelib chiqib mushohada yuritadigan bo‘lsak, avvalo, yangi milliy yozuvimizdagi ayrim nuqsonlarni isloh qilib, uni tasdiqlatib olishimiz kerak. Keyin esa aniq reja asosida, bosqichma-bosqich, ammo ko‘p cho‘zmasdan o‘tish loyihasi — yo‘l xaritasini ishlab chiqishimiz lozim. Bu jarayonda har qanday mutaxassis, yoshidan qat'i nazar, lotinchani o‘zlashtirib oladi, deb o‘ylayman. Jiddu jahd qilinsa, tez o‘qish ko‘nikmasi ham paydo bo‘ladi. Axir, bugun zamon bilan hamnafas yashayotgan, ilg‘or dunyoqarashli otaxonu onaxonlarimiz ham lug‘at titkilab ingliz va boshqa chet tillarni o‘rganyapti. Buning oldida milliy alifboni o‘zlashtirish nima bo‘pti!
Mabodo yangi alifbomizga juda tez o‘tib ketilgan taqdirda ham nihoyatda kerakli, o‘z ishining ustasi bo‘lgan, o‘rnini boshqa hech kim bosolmaydigan mutaxassislarga istisno tarzida imtiyoz — yangi alifboni o‘zlashtirish uchun bir martalik muayyan muhlat berish mumkin. Axir, ilmdagi eng murakkab masalalarga yechim topib, qilni qirq yorayotgan mutaxassislarning 30 ta harfni yod olmasliklariga ishonib bo‘lmaydi. Holbuki, aslida bunga hech ham hojat yo‘q — bugun lotin yozuvini bilmaydigan yetuk mutaxassis tugul, oddiy odamni ham topib bo‘lmasa kerak.
Shu o‘rinda bir mulohaza: biz azal-azaldan o‘zini emas, avvalo, farzandlarini, kelajak avlodni o‘ylaydigan millatmiz. O‘g‘il-qizlar manfaati turganda, o‘zimizga qulaylik yaratish fikri xayolimizga ham kelmaydi. Ayrim G‘arb davlatlaridan farqimiz ham shunda: o‘zim qiynalsam — qiynalay, bolam qiynalmasin, deymiz. Bugun ayrim yoshi kattalarning lotin alifbosini o‘qishga qiynalaman, kirill alifbosiga o‘tsak yaxshi bo‘lardi, degan mulohazalarini eshitganimda, nahotki ular o‘g‘il-qizlariyu nabiralarining qonuniy, mantiqiy xohish-irodasini nazar-pisand qilmasa, qon-qonimizga singib ketgan ming yillik fazilatimiz nahotki shu yerda kelganda oqsasa, deb hayron qolaman. Achchiq haqiqat shu: biz — qirq yoshdan o‘tgan avlod o‘zimizning shaxsiy manfaatimizni millat manfaatidan, kelajak avlod iqbolidan ustun qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Alifbo almashtiraverish tufayli chekkan ma'naviy iztiroblarimizni, og‘riqlarimizni bolalarimizga ravo ko‘rmasligimiz kerak. Lotin alifbosini o‘qishga qiynalamiz, deyishimiz esa bolalarcha (yoki keksalarcha) injiqliqdan boshqa narsa emas.
Ha, butun xalqimizning katta qismini aynan yoshlar tashkil qiladi. Lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi 1993 yildan buyon amalda ekanini inobatga olsak, bugungi kunda bu alifboda ta'lim olgan avlodning old qatori 30 ni urib qo‘ydi. Shunday, adashayotganimiz yo‘q, Yangi alifbo joriy etilgandan buyon o‘tgan yillarga o‘shanda birinchi sinfga borgan bolalarning yoshini qo‘shing — 30 dan kam chiqmaydi. O‘ttizdan oshayotgan insonga endi yosh boladay qarab bo‘lmaydi. U bu yoshda oila qurgan, kasb egallagan, hayotda o‘z o‘rnini topgan va kelajagini ham o‘zi belgilaydigan darajada bo‘ladi. Yurtimiz aholisining 30 yoshgacha bo‘lgan qismi necha million kishini tashkil etadi — aniq raqam keltirolmasak-da, harholda, tarozining pallasini bossa kerak, deb o‘ylaymiz. Qolaversa, ularning g‘ayrat-shijoatga to‘lib, shu yurtning egasi menman, deya olg‘a intilishi posangiga qo‘shimcha zalvor yuklaydi va ularga xayrixoh bo‘lishimizni taqozo qiladi.
Uchinchi jihat — «tekis asfalt yo‘lda o‘qday uchib borayotgan mashina to‘xtasa-yu, dala tomon burilib, shudgordan yangi yo‘l ochib yura boshlasa, boyagi shiddatdan nom-nishon qoladimi?» Juda o‘rinli o‘xshatish! Lekin buni faqat katta avlodga emas, ko‘proq yosh avlodga nisbatan ishlatsak, to‘g‘riroq bo‘lardi. Negaki, bugun yosh avlod aynan shu tashbehda keltirilganidek, tekis, ravon asfalt yo‘lda shitob bilan ketayotgan uchqur mashinaga o‘xshaydi. Ular mustaqil davlatda tug‘ilib, yangi alifboda ta'lim olib, ulkan orzu-niyatlar bilan jamiyatimizga kirib kelishmoqda. Ular milliy yozuvimizni bizga o‘xshab LOTIN YoZUVI demaydi — faxr bilan O‘ZBeK YoZUVI deydi! Sizu biz kirillcha matnda qanday erkin suzsak, ular lotin yozuvida ana shunday miriqib, yayrab, quloch otib suzadi. Agar, xudo ko‘rsatmasin, kirill yozuviga qaytiladigan bo‘lsa, Zuhriddin aka ta'kidlaganiday, ularning yorqin kelajakni ko‘zlab shiddat bilan ketayotgan mashinalari bexosdan dala tomon burilib, shudgorzorga botib qolishi aniq! Sababi, bir necha oy oldin lotin-kirill mojarosi internetda, matbuotu televideniyeda avj olgan lahzalarda ko‘plab yoshlarning ko‘nglini chuqur xavotir chulg‘ab olganini, nahotki bizni o‘z yozuvimizdan ayirishsa, deb chor tarafdan madad izlab qolganlarini ko‘rdik. Eng yomoni, ular oldilariga qo‘ygan katta maqsadu loyihalardan ham chalg‘ib, jonsarak bo‘lib qolishdi. Yaxshiyamki, ko‘plab jonkuyar ziyolilar o‘rtaga tushib, milliy alifboni, uning timsolida kelajakni himoya qilib, yoshlarga dalda berishdi. Ayniqsa, O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov va O‘zbekiston Oliy Majlisi senati a'zosi, xalq shoiri Iqbol Mirzo o‘z chiqishlarida kirillga qaytilmasligini, faqat milliy alifbomizdagi ayrim jihatlarni takomillashtirishga ehtiyoj borligini aytishgach, yoshlarimiz, keng jamoatchilik yengil nafas olib, xotirjam tortdi. Ha, bugun yoshlarga davlatimiz tomonidan ulkan e'tibor berilayotgan bir pallada ularning shashtini zarracha ham pasaytirmasligimiz kerak.
To‘rtinchi jihat — bugun idoralarda o‘zbekcha emas, ruscha ish yuritilayotganiga lotin yozuvi aybdor sifatida ko‘rsatilgan. Bechora milliy yozuv! Shuncha malomatlar ustiga endi shu ayb ham uning chekiga tushyapti. Xuddi kirill yozuviga qaytilsa, birdan hamma idora o‘zbekcha ish yuritib ketadiganday. Qaytanga, bu bemalol ruscha ish yuritishga yo‘l ochmaydimi?! Hozir-ku, lotin yozuvi tufayli juda ko‘p rasmiy blankalar, idora peshtoqidagi lavhalar va boshqa yozuvlar o‘zbek tilida yozilyapti. Lotin yozuvidan voz kechilsa, o‘shalar ham ruschaga aylanmasligiga kim kafolat beradi?! Hozir milliy yozuvning yosh avlod qiyofasida millionlab tarafdorlari bor, ular ulg‘ayib, kuchaygan sari, shak-shabhasiz, milliy alifbo va tilni qat'iy himoya qilishga o‘tadi.
«Avval ona tilimizning maqomini o‘rniga qo‘yib, nomiga emas, chin davlat tili qilib olaylik, u yog‘iga xudo poshsho». Bu fikr xuddi ostona hatlamasdan turib, to‘rga o‘tib olaylik, deganday gap-ku. Axir, ona tilimizning maqomini o‘rniga qo‘yish uchun, avvalo, milliy alifbomizni to‘la-to‘kis joriy qilishimiz kerak emasmi?!
Beshinchi jihat — O‘zbekistonda lotin alifbosiga o‘tilsa, bu yozuvga ko‘chishi belgilanmagan boshqa tillar yozuvi qanday bo‘ladi, degan mulohaza. Hammamiz yaxshi bilamiz: O‘zbekistonda lotin yozuvi faqat o‘zbek tili uchun joriy qilinyapti. Ruscha yoki boshqa yozuvdagi so‘zlarni hech kim lotin alifbosi asosidagi o‘zbek yozuvida yozishga majbur qilayotgani yo‘q. Har bir til o‘z yozuvi orqali o‘rganiladi, yoziladi. Bu qonunan kafolatlangan. Agar kimdir imij yoki reklama tariqasida lotincha yozishni xohlasa — nima ham derdik. Ammo shu yerda bir mulohaza: ko‘cha-ko‘ydagi yozuvlarning to‘g‘riligini, mantiqqa mosligini tekshiradigan, nazorat qiladigan, tavsiya beradigan kengashmi, markazmi bo‘lishi shart. Toki uning tavsiyasi, hukmi qonuniy, yuridik kuchga ega bo‘lsin! Ana shunda, maqolada o‘rinli ta'kidlanganidek, «U tryox druzey»ga o‘xshash, hatto bundan-da tumtaroq bitiklarga duch kelmaymiz.
Oltinchi jihat — lotin yozuviga o‘tishga shuncha vaqt berildi, ammo o‘quv dargohlaridan boshqa hech qayerda bu yozuvda ish ko‘rilayotgani yo‘q, shu bois yangi o‘zbek alifbosiga rostakam o‘tiladigan bo‘lsa, real savodxonlik 15-20 foizga tushib qoladi, degan xavotir. Avvalo, savodxonlik darajasi bo‘yicha xulosa chiqarishimizdan oldin, 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarimiz aholining necha foizini tashkil qiladi, degan savolga aniq javob topishimiz kerak. Qolaversa, 30 yoshdan to pensiya yoshigacha bo‘lgan hamyurtlarimizni ham lotin yozuvini bilmaydi, deyish juda katta xato. Masalan, bizning avloddoshlar, ya'ni qirq yosh atrofidagi kishilar ham lotin yozuvida bemalol o‘qib, yoza olamiz. Bunday gapni yana ellik yosh atrofidagilar, hatto Zuhriddin akaning tengdoshlari orasida ham tasdiqlovchilar ko‘p. Hamma gap ixlosda: agar chindan ham to‘la-to‘kis lotin yozuviga o‘tishni istasak, erinchoqligu hafsalasizlik qilmasak, yoshimizdan qat'i nazar, qisqa muddatda qo‘llarimiz, ko‘zlarimiz yangi alifbomizga ko‘nikadi. Chunki bugun ish yuritish jarayonida to‘la foydalanmayotgan bo‘lsak-da, yangi alifbomiz hayotimizga tobora chuqurroq kirib boryapti. Bugun ishga kirayotgan yigit-qizlarning arizani o‘zbek lotin alifbosida yozishi tabiiy holga aylanyapti. Va yaqinda taniqli shoirimizni so‘nggi yo‘lga kuzatish jarayonida beixtiyor qabristondagi bitiktoshlarga e'tibor qildim: ulardagi yozuvlarning ko‘pchiligi yangi alifbomizda bitilgan ekan...
Yettinchi jihat — lotin yozuviga to‘la o‘tsak, yurtimizga chegaradosh davlatlarda yashab kelayotgan to‘rt millionga yaqin o‘zbeklar ne qiladi, axir, ular yetti yot begona emas, jon jigarlarimiz-ku, degan qondoshlarcha tashvish bilan aytilgan fikr. Avvalo, bu jonkuyarlikni faqat olqishlashimiz kerak. Biz chindan ham nafaqat O‘zbekistondagi, balki butun yer yuzidagi o‘zbeklarning ma'naviyati haqida qayg‘urishimiz lozim. Chunki, shoir yozganidek: O‘zbek ko‘p butun yer yuzida, ammo // Olamda boshqa hech O‘zbekiston yo‘q! Lekin bu jarayonda nigohimiz chegara hatlab to‘xtab qolmasligi, butun yer yuzini qamrab olishi shart. Garchi muallif «MDH doirasidagi ko‘p mamlakatlarda o‘zbeklar kirillchada o‘qitilyapti va undan voz kechish xayollariga ham kelmayapti», desa-da, Ozarboyjon va Turkmaniston lotin yozuviga allaqachon to‘liq va rasman o‘tib ketgani barchaga ma'lum. Eng katta qo‘shnimiz Qozog‘iston ham 2017 yilning oxirigacha qozoq lotin yozuvini rasman ishlab chiqib, 2025 yildan e'tiboran uzil-kesil yangi alifboga o‘tishini e'lon qildi. Ayni paytda qozog‘istonlik rasmiylar, ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan yangi alifbo loyihasini qizg‘in muhokama qilyaptilar. Hozircha kirill alifbosida qolayotgan Qirg‘izistondagi siyosatchilaru ziyolilar orasida ham, boshqa turkiy xalqlar izidan biz ham lotin alifbosiga o‘tishimiz kerak, degan chaqiriqlar borgan sari kuchliroq eshitilmoqda. To‘g‘ri, ular hozircha iqtisodiy sharoit tufayli lotin alifbosiga o‘tishimiz qiyin kechadi, lekin 2030 yilga borib o‘tsak bo‘ladi, degan fikrlarni aytishmoqda. Hatto, mustaqil davlat bo‘lmasa-da, Tatariston Respublikasida ham tatar tilining buguni va kelajagini o‘ylab, lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha so‘nggi yillarda ko‘p sa'y-harakatlar bo‘ldi va garchi bunga to‘la erishilmagan bo‘lsa ham, 2012 yilning oxiridan e'tiboran fuqarolarga rasmiy murojaatlarini lotin alifbosi asosidagi tatar yozuvida yozish huquqi berildi.
Albatta, Zuhriddin akaning Qirg‘iziston, umuman, yaqin chegara ortidagi millatdoshlarimizga qayg‘urishini to‘g‘ri tushunsak bo‘ladi, lekin biz lotin alifbosiga to‘la o‘tib ketsak, ular bizdan ajralib qoladi, degan fikr to‘g‘rimas, nazarimizda. Chunki qo‘shni mamlakatlarda yashayotgan millatdoshlarimiz ham, boshqa millat vakillari ham bugun lotin yozuvining asosini tashkil etuvchi 26 ta harfni yaxshi taniydi. Qo‘shimcha to‘rt-beshta harfni o‘zlashtirish astoydil xohlagan kishiga hech qanday muammo tug‘dirmaydi. Va yana bir narsa aniq: agar biz lotin yozuviga o‘tishni paysalga solmasdan, aniq reja asosida jarayonni tezroq yakunlasak, qo‘shni mamlakatlarda yashayotgan millatdoshlarimiz ham ora yo‘lda sarson bo‘lmasdan, yagona o‘zbek yozuvi atrofida birlashadi. Qolaversa, xorijdagi o‘zbeklar deganda, faqat yon atrofimizdagi qondoshlarimizni emas, arab dunyosi va Yevropa, AQShda yashayotgan millatdoshlarimizni ham unutmasligimiz kerak. Yon-atrofimizdagi o‘zbeklarning aksariyati ham lotin, ham kirill yozuvini biladi, ammo olis mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizning ko‘pchiligi kirill yozuvini bilmaydi — lotin yozuvi ularni Vatanga bog‘lab turgan hayotbaxsh rishta hisoblanadi. Xorijda yashovchi millatdoshlarimizning kirillga qaytmaslikni so‘rab, davlatimiz rahbariga yozgan maktubini o‘qigan kishi bunga yana bir karra ishonch hosil qiladi. Qolaversa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda AQShga qilgan safari mobaynida o‘sha yerda yashayotgan o‘zbeklar bilan uchrasharkan, olis qit'alarda ham qondoshlarimiz ko‘pligini va ular bilan mustahkam xalqa qurishda lotin alifbosi qanchalik katta imkoniyatga ega ekanini yanada chuqurroq his qildik.
Yana bir jihat — alifbolarning texnik-dasturiy qulayligi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya moslamalariga mutanosibligi. Bu haqda juda ko‘p mulohazalar bayon qilingani va bu borada qaysi alifbo ustun ekani barchaga ma'lum bo‘lgani bois ortiqcha izoh berib o‘tirmaymiz.
Navbatdagi jihat — masalaning iqtisodiy tomoni. Men ham Zuhriddin aka kabi moliyachi emasman. Shu bois chorak asr mobaynida mamlakatni lotin yozuviga o‘tkazish jarayonida qancha mablag‘ sarflanganini va agar kirillga qaytilsa, havoga uchgan shuncha mablag‘ni nima deb oqlash mumkinligini bilmayman. Va yana bolalarimiz lotin yozuvida o‘qiyotgan kitoblaru dasturlarni, o‘quv dargohlaridagi ko‘rgazmali qurollarni, idorayu ko‘chalardagi turli bannerlarni va boshqa ko‘plab ma'lumotlarni kirillchaga o‘tkazish qancha mablag‘ talab qiladi — aytolmayman. Harholda, bilganim shuki, oldinga yurish uchun qancha mablag‘ sarf qilinsa ham, o‘zini oqlaydi, ortga yurish uchun xarjlangan har qanday chaqa uvol hisoblanadi.
Va yana bir xato xulosa — lotin yozuvimizda qo‘shaloq harflar mavjud bo‘lgani bois kirill yozuvidagi o‘n sahifalik matn o‘n bir sahifaga aylanadi, bu esa har o‘n tonna qog‘oz sarfiga yana bir tonna qo‘shiladi, degan fikr. Tajriba uchun istagan kishi bir xil matnni, bir xil shrift va kattalikda har ikki imloda yozib ko‘rsin: hatto hozirgi qo‘shoq harflarga ega alifbomizda yozilgan matn ham kirill alifbosida yozilgan «egizak»iga nisbatan bir muncha kam joy egallaydi. Jumladan, ushbu fikr bayon etilayotgan abzats kirill alifbosida sakkiz yarim qator bo‘lsa, joriy o‘zbek lotin alifbosida sakkiz misra ham chiqmaydi. Mabodo qo‘sh belgili harflarni isloh qiladigan bo‘lsak, matn yanada ixchamlashadi va qog‘oz xarajati jiddiy kamayadi.
Tajriba uchun Word dasturida, A4 formatda, 1,0 intervalda, 14 pt kattalikdagi Times New Roman shriftida yozilgan kirill alifbosidagi 77 sahifalik matn xuddi shu o‘lchovlar asosida o‘zbek-lotin alifbosiga o‘girilganda 72 sahifani egalladi. Besh bet qog‘oz tejalishi ma'lum bo‘ldi.
Va nihoyat, maqolada huquqiy jihatga e'tibor qaratilib, lotin yozuviga o‘tish umumxalq referendumida ko‘rib chiqilmagan, deyiladi. To‘g‘ri. Lekin Oliy Kengash deputatlari xalq vakillari emasmi? Tilshunos olimlar, ziyolilar, mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan alifboni xalq bergan vakolat doirasida ko‘rib chiqib, tasdiqlashlari qonuniy jarayon hisoblanmaydimi? Qolaversa, bu hujjatga xalq tomonidan saylangan Prezident imzo chekkan! Bugun bizdan chorak asr keyin lotin alifbosiga o‘tayotgan qardosh Qozog‘istonda ham referendum o‘tkazilayotgani yo‘q. Ammo bu hol ularni noqonuniy yo‘l tutyapti, deyishimizga asos bo‘lolmaydi.
Eng muhim masala shundaki, bugun mamlakatimizda ulkan yangilanish jarayoni ketyapti. Oldimizda nihoyatda ulkan vazifalar, marralar turibdi. Bunday pallada butun xalqimizning – yoshu qarining birligi, jipsligi har qachongidan ham muhimroq. Shu bois millatni qarama-qarshi qutblarga bo‘ladigan har qanday tashabbuslardan ehtiyot bo‘lishimiz darkor. Xususan, kirill alifbosiga qaytish haqida gapni qo‘zg‘ash – yosh avlod qalbida sarosima, g‘ulg‘ula uyg‘otib, ularni katta avlodga zid pozitsiya egallashga majbur qiladi. Bu esa bizning tarix oldidagi, kelajak oldidagi eng katta xatomiz bo‘ladi. Zuhriddin aka maqolasi xulosasida «Albatta, farzandlarimiz oldida uzrxohmiz. Ammo o‘g‘il-qizlarimiz buning uchun bizdan ginalab yurmaslar», deya hazrat Navoiyning:
Otadan kelsa xato, bilma xato,
Savob bil dag‘i xato qilsa ato, –
degan misralarini qalqon sifatida keltiradi. To‘g‘ri, farzandlarimiz bizning – otalarining xatosini ham savob bilib boshiga ko‘tarishi mumkin, ammo biz oqil ota bo‘lsak, ularni ataylab noto‘g‘ri yo‘lga boshlamasligimiz, o‘ng‘aysiz holatga tushirmasligimiz kerak. Shu o‘rinda ulug‘ yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» romanidagi yoshu qari yoddan biladigan lavha esga tushadi. Farzandi taqdirini uning ra'yiga qaramasdan hal qilib qo‘ygan Yusufbek hoji o‘g‘liga yuzlanadi:
« – O‘g‘lim, hali san eshitdingmi-yo‘qmi, haytovur, biz saning ustingdan bir ish qilib qo‘ydiq…
Otabek, ma'lumki, ularning «qilib qo‘ygan yoki qilmoqchi bo‘lg‘an ishlarini» albatta bilar edi. Shundoq ham bo‘lsa bilmaganga solindi:
– Aqllik kishilarning o‘g‘ullari ustidan qilg‘an ishlari albatta noma'qul bo‘lmas, – dedi. Hoji o‘g‘lining bu javobidan yerga qaradi va nima deb davom qilishni bilmay qoldi».
Ha, bugun farzandlarimiz bizni tushunadi, deb, amaldagi yozuvni kirill yozuviga o‘gartirishni orzu qilayotgan otalarga yoshlarning javobi aniq. Bu javobni eshitib, Yusufbek hoji kabi mulzam tortib, boshimizni egishdan boshqa choramiz qolmaydi. Chunki ular zohiran taqdirga tan bersalar-da, ko‘ngillarida hech qachon qarorimizni qabul qilishmaydi. Ehtimol, sho‘ro davridagi xatolarimizni tushunib, bizni malomat qilmasliklari mumkin, ammo ozod davlatda yashab turib, o‘z g‘oyamizga ega bo‘laturib yigirma besh yil davomida amal qilgan milliy alifbomizdan o‘z ixtiyorimiz bilan voz kechishimizni hech qachon tushunmaydi, hazm qila olmaydi. Shu bois bu gina farzandlar ko‘ksida ildiz otib, pinhoniy norozilikka aylanadi. Va kelajak avlod oldidagi mas'uliyatni anglab, ko‘p emas, oradan o‘n besh, yigirma yil o‘tib, ular hal qiluvchi kuchga aylangach, o‘tgan kunlardagi xatoni to‘g‘rilash maqsadida dunyo ahli oldida xijolat teriga botganlaricha oltinchi marta alifboni o‘zgartirishga, o‘zlariga qadrdon bo‘lib qolgan, ko‘z ochib ko‘rgan, ongu shuuriga, qalbiga ma'rifat ziyosini olib kirgan va insoniyatning asosiy qismiga tushunarli bo‘lgan alifboga qaytishga jazm qilishadi. Ana shunda, Zuhriddin aka Isomiddinov aytganlaridek, biz alifbosini eng ko‘p o‘zgartirgan xalq sifatida chindan ham Ginnesning rekordlar kitobiga kirsak, ajabmas. Nazarimda, bunday rekord bizga hecham kerakmas.
Zuhriddin akaning maqolasi so‘ngida kirill yozuvida ham takomillashtirilishi lozim bo‘lgan o‘rinlar, ortiqcha harflar, o‘zbek tovushlarini aks ettirishdagi kamchiliklar borligi aytilgan. Ammo, qizig‘i, bu hol «ko‘p ham mushkul ish emas» deb baholangan. Bizningcha, ana shu ko‘p ham mushkul bo‘lmagan ishga ketadigan kuch-quvvatimizni amaldagi yangi alifbomizni takomillashtirishga sarflaganimiz maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz…
Nodir JONUZOQ,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir
Mavzuga oid
12:59 / 27.09.2023
Lotin yozuvini takomillashtirish: muammoli 4 ta harf nega o‘zgartirilmoqda?
22:11 / 25.09.2023
Ortiqchasi ortiqcha. O‘ va G‘ harflarini tuzatishning o‘zi kifoya
20:05 / 05.07.2023
Shavkat Mirziyoyev: Alifbomizni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazishimiz zarur
18:51 / 29.05.2023