Jahon | 18:15 / 09.10.2017
43443
6 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev vs Atamboyev: mojaro davom etadi, Qozog‘iston bosh vaziri bayonot berdi

Foto: Nur.kz

Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyevning bildirgan mojaroli fikrlariga javoban Boqijon Soqintayevning bayonotini tarqatdi

«Joriy yilning 7 oktabrida Qirg‘iziston prezidenti Qozog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi muayyan jihatlari bo‘yicha bir necha nodo‘stona bayonotlar bilan chiqqandi.

Qirg‘iziston bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga bo‘lgan sodiqlikni tasdiqlab, men Qirg‘iziston prezidentining saylovoldi maqsadlarda qilingan mas'uliyatsiz, provokatsion va yolg‘on bayonotlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va o‘zaro yordam aloqalariga ziyon keltira olmasligiga aminman.

Shu munosabat bilan men Qirg‘iziston jamoatchiligini Qozog‘istonning real iqtisodiy rivojlanishi to‘g‘risida darhol xabardor qilishga qaror qildim.

Mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz 20 baravarga o‘sdi. 2012 yilda Qozog‘iston dunyodagi eng raqobatbardosh 50 mamlakat qatoriga kirdi. Mamlakatda kuchli milliy biznes barpo etildi. Jahon bankining «Doing Business» reytingida Qozog‘iston 35-o‘rinni egallaydi. Bugungi kunda 1,3 mln. tadbirkorlik tuzilmasi umumiy milliy boylikning 1/4 qismini ishlab chiqaradi. So‘nggi o‘n yil ichida sanoat va innovatsion rivojlanish Davlat dasturi doirasida mingdan ziyod yangi ishlab chiqarish obektlari barpo etildi. Mamlakatimizda hech qachon ishlab chiqarilmagan 500 ta yangi mahsulotning chiqarilishi o‘zlashtirildi.

Qozog‘istonning transport infratuzilmasi modernizatsiya qilinmoqda. 25 yil mobaynida 10 ming kilometrdan ziyod yo‘llar qurildi va rekonstruksiya qilindi. Kelgusi yillarda, qo‘shimcha ravishda, uzunligi 8000 km dan ortiq bo‘lgan avtomobil yo‘llari tarmog‘i modernizatsiya qilinadi.

Biz «G‘arbiy Yevropa-G‘arbiy Xitoy» magistralining Qozog‘istondan o‘tuvchi qismining qurilishini to‘liq yakunladik. Uning uzunligi 2800 km.ga teng. 2,5 ming km.dan ortiq yangi temir yo‘llari qurildi. Oqtou dengiz portining infratuzilmasi kompleks tarzda modernizatsiya qilindi, Kuriq yangi kema porti qurildi. Kaspiyda dengiz portlarining umumiy o‘tkazish imkoniyati 26 mln. tonnaga qadar oshdi. Har yili yangi aeroportlar va temir yo‘l vokzallari foydalanishga topshirilmoqda.

Qozog‘iston mustaqillik yillarida 120 mln. kv. metr uy-joy qurib, 1,1 mln.dan ortiq oilalarni turar-joy bilan ta'minladi. Faqatgina 2017 yilning 8 oyi ichida Davlat dasturi doirasida 6,9 mln. kv.m. yangi uy-joy foydalanishga topshirildi. 61 mingdan ortiq oilalar o‘z yashash sharoitlarini yaxshilab olishdi. Uy-joy qurilishi faol ravishda rivojlanmoqda. Mamlakatda ijtimoiy infratuzilma ham bir joyda to‘xtab turgani yo‘q. 1,3 mingdan ortiq yangi kasalxona va poliklinikalar, 500 ta yangi bolalar bog‘chasi va 1,4 ming maktab qurildi.

Qozog‘iston prezidenti Nazarboyev tashabbusi bilan tashkil etilgan dastur bo‘yicha mamlakatning 12,5 mingdan ortiq yosh fuqarosi jahondagi eng nufuzli 200 ta oliy ta'lim dargohida tahsil oldi. Har yil o‘rtacha 270 mingta yangi ish o‘rni yaratilmoqda. 

So‘nggi 15 yil ichida Qozog‘istonda o‘rtacha ish haqi va pensiyalar 10 marotabaga oshdi. Xalqaro pensiya va ijtimoiy fondlar assotsiatsiyasi rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi pensiyalarning minimal va o‘rtacha hajmi Qirg‘izistondagidan mos ravishda 5 hamda 3 martaga yuqori.

Mamlakatimizda umr ko‘rishning o‘rtacha davomiyligi 72,3 yilgacha oshdi. Biz yangi poytaxt – Ostonani qurdik. Poytaxtni rivojlantirishga 50 mlrd. dollardan ortiq sarmoya jalb etildi. Bugungi kunda Qozog‘istonning milliy jamg‘armasi va oltin-valyuta zaxiralari umumiy hajmi qariyb 91 mlrd. AQSh dollariga teng.

Qirg‘izistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi doirasida Qozog‘iston prezidenti tomonidan 100 mln. AQSh dollari miqdoridagi texnik yordam taqdim etish haqida qaror qabul qilindi. Gumanitar sohada esa Qirg‘izistonga 20 mln. AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ ajratildi, Bishkek va O‘shda ikkita maktab qurib berildi. Mamlakatga qozoq sarmoyalari hajmi 820 mln. dollarni tashkil etdi. Aynan ular tufayli minglab qirg‘izlar ish o‘rinlariga egalar.

Shu ta'kidlab o‘tish lozimki, Qirg‘iziston tomonidan sanitariya, veterinariya va fitosanitar tizimlarni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi talablariga moslashtirish bo‘yicha majburiyatlar bor, lekin ular haligacha bajarilmadi.

Bu Qozog‘iston bozori va intergratsion birlashmaga xatar uyg‘otadi. Biroq, biz tomondan qirg‘izlar qishloq xo‘jaligi mahsulotini Qozog‘iston bozoriga kirishini yengillashtiruvchi qator chora-tadbirlar qabul qilindi.

Yuqoridagilar mamlakatlarimizning ikki tomonlama hamkorligiga oid ro‘yxatning to‘la varianti emas. 

Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlab o‘tmoqchimanki, Qirg‘iziston prezidenti Atamboyevning bunday bayonotlariga qaramay, Qozog‘iston hukumati o‘zaro strategik sheriklikni bundan keyin ham chuqurlashtirish va kengaytirish niyatida», - deyiladi Soqintayevning bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 7 oktabr kuni Atamboyev Nazarboyevni keskin tanqid qilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid