O‘zbekiston | 22:10 / 09.10.2017
28759
14 daqiqa o‘qiladi

Prezidentning qishloq xo‘jaligi to‘g‘risidagi farmoniga sharh e'lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga sharh e'lon qilindi.

Ekin maydonlari xatlanadi, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tuziladi

Mamlakatning iqtisodiy barqarorligi va aholining munosib hayot kechirishini ta'minlashda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, ularning yer maydonlaridan samarali foydalanish masalasi alohida o‘rin tutadi.

Shu sababli o‘tgan davr mobaynida fermerlik harakati, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish kabi yo‘nalishlarda bir qator islohotlar amalga oshirildi. Natijada fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi asosiy sub'yektlarga aylandi.

O‘tkazilgan islohotlar tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 99 foizidan ortig‘i fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer maydonlarida yetishtirilishiga erishildi.

Ayni vaqtda amalga oshirilgan ishlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu sohada erishilgan yutuqlar bilan birga o‘z yechimini kutib turgan qator muammo va kamchiliklar ham to‘planib qolgan.

Bundan besh yil oldin tashkil etilgan O‘zbekiston fermerlari kengashi fermer xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fermerlik harakatini yanada rivojlantirish yuzasidan o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni yetarli darajada bajara olmadi.

Aholi ixtiyoridagi 480 ming gektardan ortiq tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi past darajada qolmoqda. Ayrim yer egalari ushbu maydonlardan uzoq yillar foydalanmay, qarovsiz holda qoldirgan bo‘lsa-da, ularning yerga nisbatan munosabatini o‘zgartirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmayotir.

Fermer va dehqon xo‘jaliklarining yer maydonlari hamda tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish ustidan parlament, vakillik va jamoatchilik nazorati lozim darajada o‘rnatilmagan.

Fermer xo‘jaliklarining qayta ishlash, saqlash, tayyor mahsulotlarni sotish va xizmatlar ko‘rsatish kabi ko‘p tarmoqli faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini moddiy-texnika resurslari bilan ta'minlash va ularga xizmat ko‘rsatishda, sohada bozor mexanizmlarini shakllantirishda ham muammolar mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ana shunday muammolarni hal qilish va 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni ijro etish maqsadida qabul qilindi.

Farmonda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi:

birinchidan, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali tizimini yaratish, ushbu sohada normativ-huquqiy bazani takomillashtirish.

Xususan, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning yer maydonlaridan samarali foydalanish borasidagi mas'uliyatini oshirish yuzasidan amaldagi qonun hujjatlariga, shu jumladan Yer kodeksi, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi, «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi;

ikkinchidan, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan samarali foydalanishdagi shaxsiy manfaatdorligi va mas'uliyatini oshirish, bu borada parlament, vakillik va jamoatchilik nazoratining ta'sirchan tizimini yaratish.

Ushbu yo‘nalishda mutasaddi tashkilotlar aniq maqsadga yo‘naltirilgan amaliy chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mahalliy xalq deputatlari Kengashlari hamda Oliy Majlis palatalari tomonidan yerlardan samarali foydalanish ustidan doimiy nazorat va monitoring olib boriladi;

uchinchidan, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ekin yer maydonlaridan samarali foydalanishni ta'minlash bo‘yicha vazifalarini aniq belgilash hamda ularning javobgarligini kuchaytirish.

Farmonda belgilangan vazifalarning to‘liq va so‘zsiz ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasiga, tegishli vazirlik va idoralarga qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish mexanizmini yaratish bo‘yicha aniq topshiriqlar beriladi;

to‘rtinchidan, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini kuchaytirish.

Mazkur yo‘nalishda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining huquqiy maqomini belgilash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi, fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

beshinchidan, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini ta'minlash, ularning tayyorlov, qayta ishlash, ta'minot va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarida zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning yerlarini sug‘orish uchun doimiy ravishda yetarli miqdorlardagi suv bilan ta'minlash, agrofirmalar, tayyorlov tashkilotlarining faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar qabul qilinadi;

oltinchidan, «Tomorqa – qo‘shimcha daromad manbai!» shiorini qishloq aholisi orasida keng targ‘ib qilish hamda yer egalarining kundalik faoliyatiga singdirish.

Xususan, ommaviy axborot vositalarida turkum teleko‘rsatuvlar, radio eshittirishlar va bosma matbuotda chiqishlar, dehqonchilik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan konferensiyalar, davra suhbatlari va seminar-treninglar tashkil etiladi.

yettinchidan, yer egalarining bilim va tajribalarini oshirish, ularni zarur ma'lumot va axborotlar bilan ta'minlash tizimini rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, fermer xo‘jaliklarining mehnat munosabatlarini tashkil etish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va tomorqa yer egalarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash yuzasidan bir qator amaliy choralar ko‘riladi, shu jumladan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan ta'lim muassasalari qoshida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida o‘zini o‘zi boshqarish va nazorat qilishning samarali tizimini yaratish maqsadida shu yilning 22 sentabr kuni konferensiya qarori bilan O‘zbekiston fermerlari kengashi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi sifatida, joylardagi fermerlar kengashlari fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari sifatida qayta tuzildi. Shu munosabat bilan Farmonda mazkur Kengashning qayta tuzilganligi alohida ta'kidlab o‘tildi.

Ta'kidlash lozimki, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish uchun vakillik va jamoatchilik nazoratining ta'sirchan mexanizmlarini o‘rnatish talab etiladi.

Shuning uchun ham Farmonga binoan, fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashlarida, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini har oyda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida muhokama qilib borish tartibi joriy etildi.

Ayni vaqtda, yer maydonlaridan samarasiz foydalangan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘liq ekmagan, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga nisbatan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishigacha bo‘lgan qat'iy javobgarlik choralari ko‘rilishi belgilab qo‘yildi.

Yangi tizimning samarali ishlashini ta'minlash maqsadida mazkur hujjatda parlament nazoratini o‘rnatishning samarali mexanizmlari belgilandi, ya'ni Oliy Majlis palatalari vakillari sohada amalga oshirilayotgan ishlar ahvolini doimiy ravishda o‘rgangan holda tegishli amaliy choralarni ko‘radi.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda 2018 yil 1 oktabrga qadar barcha dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda ularning yagona reyestrini shakllantirish topshirildi.

Mazkur vazifaning sifatli va to‘liq bajarilishini tashkil etish maqsadida Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda shakllantirilgan yagona reyestrning nazorat holatida yuritilishini, undagi ma'lumotlarning haqqoniyligi, to‘liqligi va doimiy ravishda yangilanib borilishini ta'minlash vazifasi yuklatildi.

Farmonda fermerlik harakatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining 2018-2021 yillarda fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi hamda 2022 yilning 1 yanvaridan boshlab ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘ymagan fermer xo‘jaliklari bilan yer ijarasi shartnomalari qonun hujjatlariga muvofiq bekor qilinishi belgilab qo‘yildi.

Ushbu islohotning bosqichma-bosqich, o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasiga har yili fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari kesimida hududiy dasturlarning ishlab chiqilishini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat Kengashlarida tasdiqlanishini ta'minlash, shuningdek hududiy dasturlar asosida ishlab chiqilgan respublika miqyosidagi dasturlarni ko‘rib chiqish va ma'qullash uchun Oliy Majlis Senatiga kiritish topshirildi.

Farmon bilan Vazirlar Mahkamasiga chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, meva-sabzavotchilik, asalarichilik va qishloq xo‘jaligining boshqa muhim yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish va uning samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va kiritish topshirildi.

Qayd etish joizki, fermer xo‘jaliklarida mehnat munosabatlarini tashkil etish holati bugungi kun talablariga javob bermaydi, ularning faoliyatida yangi agrotexnologiyalardan foydalanishda bir qator muammolar saqlanib qolmoqda. Shu munosabat bilan, hukumat tomonidan qishloq xo‘jaligi samaradorligi va rentabelligini oshirishda, ayniqsa paxta yig‘im-terimini mexanizatsiyalashtirishda bozor infratuzilmalarini, innovatsiyalarni, fan yutuqlari hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek sohada mehnat munosabatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Qishloq xo‘jaligida mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish bilan birga oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash masalasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda 2018–2020 yillarda respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklatildi.

Dehqonchilik madaniyatini oshirishda munosib hissa qo‘shgan va ishlab chiqarishda yuksak natijalarga erishgan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari taqdirlanadigan «Ilg‘or fermer», «Mehnatkash dehqon» va «Namunali tomorqachi» ko‘krak nishonlari ta'sis etildi. Ushbu ko‘krak nishonlarining ta'sis etilishi qishloq aholisining mehnatini rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Farmonda nazarda tutilgan islohotlarni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yaratish, unda belgilangan vazifa va ustuvor yo‘nalishlarni hayotga tatbiq etish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga bir hafta muddatda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritish topshirildi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va realizatsiya qilishni ko‘paytirishga xizmat qiladi va ushbu yo‘nalishdagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun keng yo‘l ochib beradi.

Mavzuga oid