Jamiyat | 16:12 / 09.10.2017
7975
2 daqiqa o‘qiladi

Soliq to‘lovlarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan tadbirkor jazoga tortildi

Mahmudjon Madaminov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar, imkoniyatlardan foydalangan. Biroq huquqlarini tasarruf etgan-u, majburiyatlarini ado etishga kelganda g‘irromlik qilgan, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Hujjatli taftishda aniqlanishicha, u rahbarlik qilgan “Soft Gold Wage” MChJ tomonidan 2015 yil va 2016 yilning 9 oyi mobaynida 11 mlrd. 282 mln. so‘mlik mahsulot aylanmasi amalga oshirilgan. Jamiyat rahbari DSIga taqdim etgan hisobotlarda esa soliqqa tortiladigan bazani 1 mlrd. 661 mln. so‘mga kamaytirib ko‘rsatgan. Natijada davlat byudjyetiga to‘lanishi lozim bo‘lgan 83 mln. so‘mlikdan ziyod soliq va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lanmagan. Ya'ni tadbirkor shuncha miqdordagi soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagan.

Bundan tashqari, u tegishli qonun hujjatlari talablariga zid ravishda, bir yil-u to‘qqiz oy mobaynida 7 mlrd. 389 mln. so‘mga pul o‘tkazish yo‘li bilan xarid qilingan tez sotiladigan xaridorgir mahsulotlarni naqd pulga sotib, savdo pullarini bank muassasasiga topshirmagan.

Savdo qoidalarini juda ko‘p miqdorda buzib, soliq to‘lovlarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan M.Madaminovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudda ko‘rildi.

Sudlanuvchining aybi iqrorligidan tashqari hujjatli dalillar ham isbotini topdi. DSIning qaroriga muvofiq ravishda 30 kun muddat ichida qo‘shimcha hisoblangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni ixtiyoriy to‘lagani e'tiborga olingan holda M.Madaminovga sud eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.  

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid