21:11 / 10.10.2017
14051

Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) rahbari o‘z lavozimidan chetlatildi

Foto: Roman Kruchinin/TASS

Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) intizom komissiyasi tashkilot prezidenti Ching-Kuo Vuni o‘z lavozimidan chetlatdi. Yangi prezident saylanguncha uyushma maxsus organ tomondan boshqariladi. 

"AIBA intizom komissiyasi tashkilot prezidenti Vuni chetlatishga qaror qildi. Bu qaror bir necha sabablarga ko‘ra qabul qilindi. Birinchi navbatda, u ijroiya qo‘mitasining har qanday qarorini to‘sish maqsadida qo‘mitaning bir necha a'zosini bo‘shatishga uringan. Shuningdek, janob Vu bir nechta zaymlar bo‘yicha o‘z zimmasiga majburiyatni olib, tashkilotni deyarli bankrotlik yoqasiga olib keldi. Bundan tashqari, prezident tashkilotning navbatdan tashqari kongressi uyushtirilishiga xalaqit qilmoqchi bo‘lgan", deb aytilgan komissiya qarorida.     

"Endi AIBA ijroiya qo‘mitasining Lozannada o‘tadigan yig‘ilishida muvaqqat komissiya tuziladi. Ushbu komissiya yanvarda Dubayda o‘tadigan kongressgacha tashkilotni boshqarib turadi", deb tushuntirdi Rossiya boks federatsiyasi bosh kotibi Umar Kremlev. 

Iyul oxirida Moskvada tashkilotning yig‘ilishida bir qator delegatlar 70 yoshli Vuga ishonchsizlik bildirgandilar. Tashkilotdagi jiddiy moliyaviy muammolar bunday qarorning sabablaridan biri bo‘lgan. Vuga o‘z xohishi bilan iste'foga ketish taklif qilingan, biroq u bundan bosh tortgan.

Shundan keyin Vuning iste'fosi tarafdorlari Shveytsariya federal sudiga murojaat qilishgan, biroq sud vaqtinchalik qo‘mitaning barcha talablarini rad etib, Vuni o‘z lavozimida qoldirishga qaror qilgan.

Ching-Kuo Vu AIBA’ga 2006 yildan boshchilik qilib kelgan. 2014 yil noyabrda u bu lavozimga uchinchi muddatga qayta saylangandi.

Mavzuga oid
Top