19:47 / 10.10.2017
8999

Xitoy soatiga 4 ming km tezlik bilan harakatlanuvchi Hyperloop kapsulasini qurmoqchi

Foto: Southwest Jiaotong University

Xitoyning CASIC (Shina Aerospace Science and Industry Corp) aerokoinot korporatsiyasi Hyperloop turidagi vakuum poyezdlar tarmog‘ini yaratishga kirishdi. Korporatsiya bu maqsadda butun dunyo bo‘yicha 20 tadqiqot institutidan mutaxassislarni jalb qildi. Dastavval CASIC 1000 km/soat tezlikka ega maglev liniyasini qurmoqchi bo‘lgandi, biroq endi kapsulasi tezligi 4000 km/soatlik transmilliy vakuum tarmog‘ini yaratishni mo‘ljallamoqda.

ChinaDaily nashri ushbu loyiha borasidagi yangi ma'lumotlarni chop etdi. Loyihaning bosh muhandisi Mao Kaining aytishicha, kapsulalar tunnellar va quvurlar bo‘ylab magnit levitatsiyasi prinsipi bo‘yicha harakatlanadi, ularning tezligi shaharlararo safarlar uchun 1000-2000 km/soatni, xalqaro safarlar uchun 4000 km/soatni tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, Xitoydagi eng tezyurar poyezdlar 350 km/soat tezlikka erisha olishi mumkin, reaktiv yo‘lovchi samolyotlar esa 800-900 km/soat tezlik bilan uchadi.

Hozircha kompaniya tizimni qurish uchun zarur bo‘lgan dastlabki tadqiqotlarni o‘tkazmoqda. Shundan keyin korporatsiya sinov trekini quradi. Bu trekda yo‘lovchi kapsulalarini 1000 km/soatgacha tezlashtirish mumkin bo‘ladi. Birinchi navbatda ohista tezlashish va to‘xtash tizimini ishlab chiqish hamda quvurlar va tunnellar konstruksiyasini yaratish kerak bo‘ladi.

Loyihaning taxminiy qiymati hozircha ma'lum qilinmayapti. Biroq tizim yuqori talab evaziga o‘ziga ketgan xarajatlarni qoplashiga yaxshi imkoniyatlar bor, chunki Xitoyda tezyurar poyezdlarda kuniga 4 mln kishi harakatlanadi.

Vakuum poyezdlar tarmog‘ini qurish g‘oyasini 2013 yilda Ilon Mask taklif qilgan. Maskda shaharlar va davlatlar o‘rtasida tez harakatlanishning yana bir g‘oyasi zaxirada bor. Bu Mars raketasi bo‘lib, u nafaqat koinotga, balki Yerning bir nuqtasidan ikkinchisiga ham uchadi. Bu transport vositasi bilan Nyu-Yorkdan Parijga (masofa deyarli 6 ming km) yarim soatda yetib olish mumkin bo‘ladi.

Top