Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy elektromobillar uchun yangi qattiq xavfsizlik talablarini joriy etmoqda
Xitoy hukumati elektromobillar xavfsizligini oshirish maqsadida dunyodagi eng qat’iy talablardan birini joriy etmoqda. Yangi qoidalarga ko‘ra, elektromobil batareyalari hatto nosozlik holatida ham yong‘in chiqarmasligi va portlamasligi lozim bo‘ladi.
Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan qabul qilingan «Elektromobillar uchun quvvat batareyalari xavfsizligi talablari» (GB38031-2025) standarti 2026 yil 1 iyuldan kuchga kiradi. Yangi me’yorlar elektromobil ishlab chiqaruvchilar uchun majburiy hisoblanadi.
Yangilangan standartning eng muhim jihati shundaki, batareyalarda «termik qochish» (thermal runaway) deb ataluvchi xavfli jarayon yuz bergan taqdirda ham yong‘in yoki portlash sodir bo‘lmasligi kerak. Ilgari amalda bo‘lgan talablarda haydovchini xavf haqida kamida besh daqiqa oldin ogohlantirish yetarli hisoblangan bo‘lsa, endi xavfning o‘ziga yo‘l qo‘yilmasligi talab etilmoqda.
Shuningdek, batareyalar tezkor quvvatlash sharoitidagi chidamlilik, mexanik ta’sirlarga bardoshlilik va avariya vaqtidagi xavfsizlik bo‘yicha qo‘shimcha sinovlardan o‘tkaziladi. Yangi qoidalar elektromobillar ishonchliligini oshirish bilan birga, ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha xarajatlar ham keltirib chiqarishi mumkin.
So‘nggi yillarda Xitoyda elektromobillar bozori jadal rivojlanmoqda. Biroq batareyalar bilan bog‘liq ayrim yong‘in holatlari va yo‘l-transport hodisalari xavfsizlik masalasini kun tartibiga olib chiqqan. Shu sababli mamlakat regulyatorlari sohadagi nazoratni kuchaytirishga kirishgan.
Mutaxassislar fikricha, Xitoyning yangi standartlari nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar, balki jahon avtomobil sanoati uchun ham namuna bo‘lishi mumkin. Ayrim tahlilchilar Yevropa va AQSh ham kelgusida shunga o‘xshash talablarni joriy etishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Mavzuga oid
12:18 / 15.06.2026
O‘zbekiston prezidenti Xitoy raisiga tabrik maktubi yo‘lladi
08:43 / 11.06.2026
Jahon neft savdosi markazi Osiyoga ko‘chmoqda
22:15 / 09.06.2026
Xitoyda ilk marta odamga cho‘chqaning ikkita buyragi va jigari muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazildi
21:33 / 09.06.2026