O‘zbekiston | 17:48 / 10.10.2017
20615
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident «O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil» esdalik nishonini ta'sis etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil» esdalik nishonini ta'sis etish to‘g‘risida farmon imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

«O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil» esdalik nishoni 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘ladi. Esdalik nishonining qalinligi – 2,2 millimetr.

Uning old tomoni markazida oq emaldan ishlangan sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan. Yulduz markazida, taralayotgan quyosh nurlari fonida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining rangli emaldan ishlangan hilpirab turgan tasviri aks etgan.

Yulduzning tepa qismida balandligi 3,5 millimetr bo‘lgan «25» yozuvi, pastki qismida esa balandligi 2,5 millimetrli «yil» yozuvi joylashgan. Esdalik nishonining pastki qismida, sakkiz qirrali yulduz ostida moviy rangdagi emaldan ishlangan ochilgan holatdagi kitob – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tasviri aks ettirilgan.

«O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil» esdalik nishoni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi munosabati bilan hamda mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo‘shgan fuqarolarni taqdirlash maqsadida ta'sis etildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid