20:43 / 10.10.2017
13524

Total pasayish: Niderlandiya terma jamoasidagi katastrofa sabablari

«Baxtli oilalarning hammasi bir-biriga o‘xshaydi, baxtsiz oilalarning esa har biri o‘zicha baxtsizdir». Lev Tolstoyning bu iborasini bemalol futbolga ham qo‘llab ko‘rsa bo‘ladi. Muvaffaqiyatli jamoalarga faqat qarsak chalish va o‘yinlaridan zavqlanish mumkin. Omadsizlikka uchragan jamoalar esa hammasi farqli, o‘z holicha sabablari, muammolari borki, bir-biriga umuman o‘xshamaydi. Hozirgina Avstraliyadan yutqazib, mundialdan quruq qolgan Suriyada urush bo‘layapti, muammo bu ham, avvalroq o‘z imkoniyatidan mahrum bo‘lgan O‘zbekistonning muammolari esa, boshqacharoq.

Bugun esa, atigi 3 yil oldin jahon chempionatida medal olib, atigi 3 yilda ikkita yirik musobaqada qatnashish huquqini qo‘ldan boy bergan Niderlandiya terma jamoasi haqida gaplashamiz. Xo‘sh, ularning muammolari nimalardan iborat?

EReDIVIZIYaDAGI PASAYISh

Odatdagidek, har yili yosh futbolchilardan tarkib topgan va juda chiroyli futbol namoyish eta oladigan Erediviziya klublaridan hayratga tushamiz. Yevropa Ligasi finaligacha yetib borgan «Ayaks», ikki yil oldin o‘rtacha yoshi 22 bo‘lgan holda mamlakat chempioniga aylangan PSV...

Ammo aslida Erediviziyaning aytaylik, Portugaliya yoki Fransiya chempionatidan ancha pasayib ketganini e'tiborga olish kerak. Bir qaraganda, bo‘lajak top-yulduzga aylanishi kerak bo‘lgan futbolchilarni keyinchalik, yo‘qotib qo‘yishimizning sababi shu, pastda yana keltiriladigan sabablar bilan bu futbolchilarning saviyasi kuchli chempionatlar uchun tortmayapti. 

Lokadiya, Depay, Villems, Bruma, Narsinyagh, De Yong... Atigi ikki yil oldin barchani o‘ziga qaratib, Niderlandiya terma jamoasining yorqin kelajagini va'da qilgan bu yoshlar hozir qayerda?  Bruma va Villemsning yetib borgani «Volsfburg» va «Ayntraxt» bo‘ldi, De Yong Angliyada muvaffaqiyat qozona olmadi, Depay Fransiyada hammasini noldan boshlashga majbur bo‘lmoqda. 

Umuman, Yevropa top-klublarining Erediviziyaga bo‘lgan munosabati allaqachon o‘zgargan, liganing eng yulduz futbolchilari uchun ham nari borsa 15-25 million yevro taklif qilishmoqda xolos. Futbolchilar yulduz sifatida katta pulga emas, zaxira variant yoki muruvvat sifatida olib ketilganda, albatta, ularning taqdiri, transferning muvaffaqiyatsiz bo‘lib qolish xavfi haqida hech km o‘ylamay qo‘yadi.

HUJUMChILAR MALAKASIDA PASAYISh

Zamonaviy futbolda haqiqiy top-goleador futbolchilarning kamayib ketgani sir emas. Iguain, Lukaku yoki Morata kabi haqiqiy «9»liklarning juda qimmat narxda baholanayotganining adekvat sababi ham mana shu. 

Niderlandiya doim Marko van Basten, Patrik Klyuyvert, Ruud van Nistelroy, Robin van Persi kabi yuqori saviyali top-hujumchilari bilan maqtana olgan. Afsuski, xuddi shu vazifa bugungi tarkibda o‘z egasini topmay kelmoqda. Erediviziyada deyarli har yili juda ko‘p gol ura oladigan to‘purarlar paydo bo‘ladi, ammo yuqorida aytilganidek, liganing saviyasi oldingidek emasligi, bu futbolchilarning kelajagini o‘zgartirib yuboradi, ularing ko‘pi boshqa ligalarga o‘tganida asta-sekin yo‘qolib boraverdi. Dost, Yanssen, Lyuk De Yong, Sim De Yonglar shular jumlasidandir. Aytaylik, Fransiyadagi yosh hujumchilar hozirdanoq superyulduz sifatida baholanib, millionlar taklif qilinayotgan bir paytda, bugungi Lokadiya yoki Dolbergning keyingi taqdiri ham xudi shunday mavhumligicha qolmoqda.       

AVLODLAR ALMAShINUVI

Aren Robben, Robin van Persi, Uesli Sneyder – bu futbolchilar o‘n yil oldin ham terma jamoa yetakchilari sanalishgan. Bu futbolchilar eng cho‘qqiga chiqqan paytlarida Niderlandiya jahon chempionati finalida maydonga tushgandi. Oradan 7 yil o‘tdi hamki, bu futbolchilar haliyam jamoa asosiy tarkibida maydonga tushmoqda. 

Bu futbolchilar rostanam tajribali va iqtidorli, bunga shubha yo‘q, lekin yosh o‘tgan sari ularning o‘yinida pasayish kuzatilishi tabiiy hol. Ularning yonida yangi yulduzlarni sinab borish, kerak bo‘lganida ularni almashtirishga tayyor bo‘lish ulkan murabbiylik mehnatini talab qiladi. Ammo aynan mana shu davrda Niderlandiya Yevro-2016 dan quruq qoldi. 

Birinchidan, bu muvaffaqiyatsizlik yosh futbolchilarni katta musobaqa, katta vazifalarga ko‘niktirish imkoniyatidan mahrum kildi.

Ikkinchidan, keyingi yirik turnirdan ham quruq qolish xavfi futbolchilarga ortiqcha bosim yukladi.

Uchinchidan, uch yillik o‘zlikni axtarish, natijalarni qisqa fursatda yaxshilashga bo‘lgan ehtiyoj ketma-ket murabbiylarning almashishiga olib keldi. Lui Van Gaaldan keyingi uch yilda Gus Hiddink, Danni Blind va Dik Advokat ishladi. Bu ham o‘z navbatida avlodlar almashinuvi og‘riqli kechishiga olib keldi. 

JISMONIY TAYYoRGARLIKDA PASAYISh

Aslida avlodlar almashinuvi mana shunday muvaffaqiyatsizliklar girdobida kechishi kerak, degan qoida yo‘q. Ya'ni bu jarayon o‘z xolicha mag‘lubiyatlar uchun omil bo‘la olmaydi. Fransiya yoki Germaniya terma jamoasidagi yosh futbolchilarga e'tibor bering, yoki mana shu Niderlandiya ham Yevro-96ga 20 yoshli Zeyedorf, Klyuyvert bilan borib, chorak finalda ishtirok etgan edi. Xo‘sh, unda muammo nimada?

Bu muammoga ikki yil oldin, terma jamoa Yevro-2016 saralashida mag‘lubiyatga uchraganida, sobiq futbol yulduzi Ruud Gullit baho bergandi:

«Hozirda klublar yosh futbolchilarni juda g‘o‘rligida, maktab partalaridan olib, asosiy tarkibga tashlashmoqda. Ya'ni mashg‘ulotlar jarayonidan futbolchining rivojlanish dasturi o‘zgarib ketyapti»

Bu nima degani? Butun dunyoda bolalar futbolida asosan jismoniy yetishtirish va chiniqtirishga e'tibor qaratilayotgan bir paytda, Niderlandiya futbol akademiyalari 14 yoshdan to‘p bilan ishlashga urg‘u beradilar. Texnik tomondan yaxshi shakllangan, to‘p bilan ajoyib muomala qila oladigan juda ko‘p yosh futbolchilarni bilamizki, jismoniy tarafdan oqsaydilar. Bir paytlar bunday yengillik jahon maydonlarida foyda bergan, «uchar gollandlar» atamasini paydo qilgandir, lekin bugun futbol o‘zgarib ketdi. Futbolchilar bir-biriga juda yaqin holatda himoyalanmoqdalar, jismoniy baquvvat bo‘lish juda muhim talab bo‘lib qoldi. Niderlandiya terma jamoasida jismoniy yetuklar zarur bo‘ladigan tayanch zonasi deymizmi, himoya markazi deymizmi, shu joy juda nozik va yengil futbolchilardan tashkil topgan. 

Shu darajadaki, «Feyyenoord» o‘yinchisi De Vrey terma jamoadan chaqiruv olgach, o‘sha o‘yinlardagi talablardan kelib chiqib, jismoniy tayyorgarlikka zo‘r berish lozimligini anglaydi va mashg‘ulotlarda jismoniy mashqlarni ko‘paytiradi. Bundan achchiqlangan «Feyyenoord» esa, futbolchini sardorlik bog‘ichidan mahrum qiladi.  

TALABLAR O‘RTASIDAGI FARQLAR

Go‘yoki, Niderlandiyani yetakchi top-klublarga yulduzlarni yetkazib beradigan davlat sifatida bilamiz. Uzoq yillardan buyon saqlanib kelayotgan bu stereotip aslida bugun noto‘g‘ri, yuzaki tahlil qilib ham buni isbotlash mumkin. Bir paytlar gollandlar asosida ajoyib jamoa tuzgan «Barselona» tarkibida faqat darvozabon Silessen bor – La Ligada yakka o‘zi, Germaniyada Robben va Rekik, Italiyada De Vrey va Strootman. To‘g‘ri, Angliyada o‘nlab sanash mumkin, lekin Veynaldumdan boshqa hammasi ikkinchi va uchinchi darajali jamoalarda o‘ynashmoqda. 

Bu yerda faqat skautlikdagi xususiyatlar yoki sharoitlarni aytish bilan cheklanish mumkin emas. Aslini olganda, juda ko‘p niderlandiyaliklar APLga borishmoqda, ammo ularning eng iqtidorlilari ham u yerning talablariga mos bo‘lib chiqmayapti. Erediviziyada 27 gol urgan Yanssen «Tottenhem»da yil bo‘yi atigi 2 gol urdi, ikki yil Niderlandiyada tengsiz bo‘lgan Memfis Manchesterda kulgiga qoldi, Lyuk va Sim De Yong kabi bombardirlar Angliyada hatto o‘rtamiyonalar tarkibiga ham kira olishmadi. So‘nggi bir yilda Berxgeys, van Volfsvinkel, Krul, Assaidi, van Ginkel, Alves, Sim De Yong kabi futbolchilar Erediviziyaga qaytib kelishdi. 

«Erediviziyadagi o‘yinlarga qarab turib ham, qaysi futbolchi APLda o‘ynab keta olishini aytsa bo‘ladi» – deydi «Vest Hem» murabbiylaridan biri Rori Kempbell. - Jismoniy tayyorgarlik uchun talab juda yuqori bo‘lgan Angliyada texnikasi yuqori futbolchilar o‘ynab keta olishi qiyin».

Bu yerda Angliyaga e'tibor qilingani bilan, yetakchi terma jamoalarning asosini aynan shu ligada to‘p suradigan yulduzlar tashkil qiladi. Albatta, bu jamoalarga qarshi niderlandiyaliklar muammolarga duch kelishi tabiiy. 

To‘g‘ri, Niderlandiyaning bu xususiyati yangilik emas, ammo avvallari tarkibda Gullit, Raykaard, Vinter, Davids, Zeyedorf, Klyuyvert, De Yong kabi surinamlik yulduzlar ko‘p bo‘lgan. Hozir esa, terma jamoa asosiy tarkibida faqat lotin amerikaliklardan Promes va Veynaldum bor xolos.  

MURABBIYLARNING PASAYIShI

Qiyin vaziyatda qolgan Niderlandiyaga qutqaruvchi sifatida Yevropada allaqachon unutilayozgan Dik Advokat tayinlanishining o‘ziyoq, bu yerda murabbiylarning tarkibi va saviyasi borasida tanazzul ekanini bilish mumkin.

Aslida, JCh-2014 oldidan ham mamlakatda iste'dodlar inqirozi boshlanayotganini payqasa bo‘lardi. Yoshlar bilan ishlay oladigan va turli qoliplarga «tupurib qo‘ygan» Lui van Gaalning borligigina terma jamoani sharmandagarchilikdan asrab turgandi. Lui o‘shandayoq jamoa kelajagi shubhali ekanini sezib turardi, shuning uchun total futbolning asosi bo‘lmish 4-3-3 sxemasidan ham voz kechdi va 3 himoyachi bilan o‘ynay boshladi. U shogirdlariga qarshi hujumda o‘ynashni buyurdi – bu ko‘rsatmani ba'zi yosh futbolchilar umrilarida birinchi marta eshitishgan bo‘lishi ham tabiiy.  

Van Gaal ketgach, Guus Hiddink tayinlandi, Danni Blind unga yordam berishi kerak edi. Guus odatiy uslubda o‘sha eski kospektlaridan foydalana boshladi – yana o‘sha 4-3-3. Lui total futbolni butun dunyo o‘rganib olgani, endi jismoniy va individual ustunliksiz natijaga erishib bo‘lmasligini ko‘p bora ta'kidlagan bo‘lsa-da, Hiddink ko‘r-ko‘rona eski yo‘ldan ketdi. Uning o‘rniga kelgan Blind ham hech narsani o‘zgartirmadi yoki buning uchun unda tajriba yo‘q edi. 

«Biz hammasini boshidan boshlashimiz kerak. O‘zimizni zo‘r deb o‘ylashni to‘xtatishimiz shart, chunki aslida zo‘r emasmiz», – degandi Aren Robben Yevro-2016 saralashidagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin. 

Blind iste'foga chiqarilgach, boshqa bir veteran, nafaqaga chiqayotganini e'lon qilishga ulgurgan Dik Advokatdan boshqa yo‘l topa olishmadi. Yaqinda 70 yoshni qarshi olgan Dik Niderlandiya terma jamoasi tarixidagi eng yoshi katta murabbiy edi. U faqat 4-3-3 sxemasini 4-2-3-1 sxemasiga o‘zgartirdi, aslida bu sxemalar o‘rtasida katta farq yo‘q, faqat ikkinchisida tayanch yarim himoyasiga urg‘u beriladi. Ammo savol tug‘iladi, De Yong saviyasidagi kuchli tayanch yarim himoyachilarisiz buni qo‘llashdan nima naf?

Rostdan ham Niderlandiyada nafaqat futbolchilar, balki murabbiylar borasida ham yetishmovchilik mavjud. Butun dunyoga murabbiylarning «eksporti» bilan nom qozongan yurtda terma jamoaga hatto nemis murabbiyi Rojyer Shmidtning tayinlanilishiga sal qolgandi. Hamma rad etdi: Kuman «Everton» bilan band edi, Peter Bosh «Ayaks»dagi chala ishlarini tugatishni istadi, hatto «Al-Jazira»da ishlayotgan Henk Ten Kate ham terma jamoani boshqarishdan bosh tortgandi. 

Kelajakda bu murabbiylardan faqat Ronald Kuman va Peter Bosh terma jamoada o‘zgarish qila olishi mumkin. Chunki, bu murabbiylar total futbol asiri bo‘lib qolishmagan. Masalan, Boshni o‘tgan yili ko‘pchilik «Ayaks»dan 3-5-2 sxemasini qo‘llaganida tanqid qilgan edi, ammo keyinchalik, jamoa bu taktika bilan Yevropa Ligasi finaligacha ham bordi, murabbiyning o‘zi esa, g‘oyalarini Dortmundda sinab ko‘rishni boshlab yubordi.

G‘OYaSIZLIK

80-yillardagi chempion Rinus Mixels taktik daho edi. Kroyf ham. U total futbolni kashf qilgan, yangi amplua yaratgan va o‘ng oyoqdan foydalanadigan futbolchilar o‘ng qanotda, chapaqaylar chap qanotda o‘ynashi kerak, degan g‘oyani ilgari surgan edi. Ammo u hech qachon jismoniy tayyorgarlikka zo‘r berish tarafdori bo‘lmagan – «yaxshi o‘yinchi kuchli bo‘lishi shart emas» – degandi bir vaqtlar Yohan Kroyf. Lekin taktik bilim juda zarur bo‘lgan. 70-yillar uchun bu g‘oyalar o‘ziga yarasha ajoyib va revolyutsion bo‘lgani aniq. Niderlandiyaliklar jahon chempioni bo‘lishmasa-da, uzoq yillar bu mamlakat futboli dunyoda g‘oyaviy yetakchilik qildi. Peshqadamlikning esa, o‘ziga yarasha oqibatlari bor.

Hammaning nigohi Amsterdamga qaratilgan, murabbiylar niderlandiyalik murabbiylar qo‘lyozmalari asosida o‘z futbolini qurayotgan bir paytda Amsterdam joyida turib qoldi. Ishlab turgan tizimga tegish shartmi?

«Biz uzun davr mobaynida uxladik» – deydi Ruud Gullit – «hamma biz tomonga qarar, bizdan o‘rnak olar, biz esa g‘ururlanib turaverdik. Bu davr mobaynida boshqa mamlakatlar o‘z uslublarini rivojlantira borishdi, kichik davlatlar esa yaxshi himoyalanishni o‘rganib olishdi».

Misol o‘laroq, Gvardiolaning «Barselona»sini keltirish mumkin, aynan golland futboli asosida o‘yin qurgan ispaniyalik murabbiy qo‘shimcha sifatida yuqori va tezkor pressing elementlarini rivojlantirdi – bu uslub Ispaniya terma jamoasiga bir nechta yirik g‘alabalarni olib keldi, ispan futboli dunyoda urfga kirdi.

Endi peshqadam emas, ergashuvchi maqomga o‘tishga Niderlandiya futboli qanchalik tayyor? Uzoq yillardan buyon o‘ziga mos va xos bo‘lgan g‘oyalar ostidan ergashgan tizim uchun boshqa muvaffaqiyatli yo‘nalishlarga moslashish qanday kechadi?

Ochig‘i, Niderlandiya terma jamoasini Rossiya-2018 da ko‘rishdan ko‘ra, yaqin yillarda mana shu savollarga javob olish qiziqroq tuyulyapti menga. Sizgachi?

Qahramon Aslanov tayyorladi

Top