Andijonda 120 nafar profilaktika inspektoriga xizmat uylari va shaxsiy avtomashinalar topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi tomonidan joriy yilning 7 oktabr kuni Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur bog‘ida Andijon viloyati IIB ichki ishlar organlari tayanch punktlarining 120 nafar profilaktika inspektorlarini qasamyodga keltirish, ularga xizmat uylari va imtiyozli ravishda berilayotgan shaxsiy avtomashinalar kalitini tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi. Bu haqda KUN.UZ’ga O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasi xabar berdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi hukumati a'zolari, davlat boshqaruv organlari va viloyat hokimligi rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari, profilaktika inspektorlarining ota-onalari, oila a'zolari ishtirok etishdi.
Dunyoda insonning hayotidan, uning tinchligidan ham azizroq, muhimroq narsa bo‘lmasa kerak. Bugungi davrda ichki ishlar organlari xodimlari, ayniqsa, profilaktika inspektorlari vatan kelajagi va istiqboli uchun daxldorlik hissi bilan yashashi, yurtiga fidoiylarcha xizmat qilib, o‘z qasamyodiga sodiq qolgan holda jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta'minlashga o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Xalqning dardini, har bir insonni qiynayotgan va tashvishga solayotgan muammolarni birinchi navbatda kim tinglaydi, albatta, ichki ishlar organi xodimi. Chunki najot, tinchlik istab inson avvalambor uning oldiga shoshadi. Ana shunday damlarda ichki ishlar organi xodimi, ayniqsa, profilaktika inspektoridan kuchli sabr-toqat, mehr-oqibat, matonat, yuksak ma'naviyat talab etiladi.
Ana shu talabdan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 10 apreldagi farmoni asosida joylardagi profilaktika inspektorlari soni oshirilib, ular uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari tayanch punktlari tashkil etildi.
Shuningdek, profilaktika inspektorlari nufuzini oshirish va xizmatni samarali o‘tashlarini ta'minlash maqsadida zarur kommunal-maishiy sharoitlarga ega bo‘lgan, zamon talablari va standartlariga to‘la javob beradigan qulay xizmat uy-joyi bilan ta'minlash maqsadida prezidentning 2017 yil 20 apreldagi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror talablari asosida profilaktika inspektorlariga o‘zlari xizmat qilayotgan hududdan oila a'zolari bilan yashashlari uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan xizmat uylari ajratilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 3 avgust kunidagi qaroriga asosan uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida shaxsiy avtoulovlar olishlari uchun sharoit yaratildi.
Andijon shahrining Bobur haykali oldida, el-yurt tinchligi va osoyishtaligini ta'minlashdek sharafli, shu bilan birga mas'uliyatli xizmatni o‘tashga qasamyod qilish uchun qad rostlab turgan navqiron, mard, jasur profilaktika inspektorlarni ko‘rgan har bir kishi ularga havas bilan qarayotgani aniq. Bu esa profilaktika inspektorlarga g‘urur va iftixor bag‘ishlashi bilan birga, mas'uliyatlarini ham oshiradi.
Mana shunday quvonchli va hayajonli damlarda ichki ishlar organlarining har bir profilaktika inspektori xalq va prezidentga sodiq bo‘lishga mardonavor ravishda qasamyod qildi. Umid qilamizki, ular zimmasidagi mas'uliyatni chuqur his etib, el-yurt tinchligi, osoyishtaligini himoya qilishdek muqaddas burchni sharaf bilan ado etadilar.
Mavzuga oid
22:45 / 19.11.2024
Madaniy meros agentligi Andijondagi Bobur haykalini ko‘chirish bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi
10:40 / 19.11.2024
Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga savdo majmuasi, ko‘ngilochar markazlar qurish rejalashtirilmoqda
21:10 / 18.11.2024
Andijonda 1800 gektar yerning toifasi o‘zgartirilib, ishlab chiqarish majmualari quriladi
11:09 / 08.11.2024