Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kataloniyadagi vaziyat tufayli 500 dan ko‘proq kompaniya yuridik manzilini o‘zgartirdi
Kataloniyada mustaqillik referendumi o‘tkazilgandan keyin umumiy hisobda 540 ta kompaniya Ispaniyaning boshqa viloyatlarida ro‘yxatdan o‘tish uchun yuridik manzilini o‘zgartirdi. Bunday ma'lumotlarni Ispaniya qayd qiluvchilari uyushmasi taqdim qildi.
Bu kompaniyalar orasida o‘nlab yirik kompaniyalar, jumladan Sabadell va CaixaBank banklari, Gas Natural Fenosa energetik kompaniyasi, mamlakatning eng yirik yo‘l-qurilish kompaniyasi Abertis, simsiz telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat yurituvchi Cellnex, ko‘chmas mulkni ijaraga beruvchi Colonial kompaniyalari va Planeta mediaguruhi bor.
Ispaniya iqtisodiyot vaziri Luis de Gindos Ispaniya hukumati Kataloniyadagi inqiroz sababli 2018 yilgi prognozlarni qayta ko‘rib chikishiga to‘g‘ri kelishini aytgan. Avvalroq yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2,6 foiz atrofida baholanayotgan edi.
De Gindosning aytishicha, iqtisodiyoti Ispaniya YaIMning 20 foizini tashkil qiluvchi Kataloniyadagi siyosiy inqiroz o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmaydi.
"Kataloniya jyeneralitetining mas'uliyatsiz qarorlari oqibatida investitsiyaviy loyihalar to‘xtab qoladi", deb qo‘shimcha qilgan vazir. Uning aytishicha, viloyatdagi iqtisodiy vaziyat Kataloniya parlamenti yaqin kunlarda o‘zining maqomi bo‘yicha qanday qaror qabul qilishiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.
"Vaziyatning eng yaxshi ssenariysi – Ispaniya hukumati bilan kelishilgan referendum o‘tkazilishi, Kataloniyani Yevropa Ittifoqida saqlab qolish va Madrid bilan aktivlar hamda qarzlarning "do‘stona" taqsimlanishi vaziyatida ham to‘lanadigan haq yuqori bo‘ladi: kompaniyalarning ko‘chishi va barqarorsizlik", deb aytdi Ispaniyaning "Alternativa jamg‘armasi" tashkiloti mutaxassisi Manuel de la Rocha Vaskes.
Voqealar rivojining yana bir, o‘rtamiyona variant ko‘riladigan bo‘lsa, Kataloniya ancha vaqt Yevropa Ittifoqi tashqarisida va xalqaro hamjamiyat tomondan tan olinmagan holda qoladi va bu viloyatdagi kompaniyalarning ommaviy ravishda "qochishiga" sabab bo‘ladi. "Ko‘chib o‘tish xarajatlari katta bo‘ladi, Ispaniya ham ziyon ko‘radi, biroq Kataloniya uchun vaziyat yanada og‘irroq bo‘ladi", deb aytmoqda mutaxassis.
Kataloniyada 1 oktabrda Ispaniya hukumati tomondan tan olinmayotgan mustaqillik referendumi bo‘lib o‘tdi. Viloyatning mustaqilligi uchun 90,18 foiz saylovchi ovoz bergan. Shu kunning o‘zida viloyat rahbari Karles Puchdemon va Kataloniya mustaqilligining boshqa tarafdorlari mustaqillik deklaratsiyasini imzolashdi. Ayni vaqtda bu hujjat hech qanday yuridik kuchga ega emas.
Ispaniya vazirlar kengashi 11 oktabrda Kataloniya rahbariyatiga u mustaqillikni e'lon qilgani yoki qilmaganini tushuntirish talabi bilan murojaat yo‘lladi. Puchdemon 16 oktabr, dushanbagacha javob berishi kerak. Agar javob bo‘lmasa yoki u ispan hukumatini qanoatlantirmasa, unda markaziy hukumat konstitutsiyaning 155-moddasini qo‘llay boshlaydi. Unga ko‘ra Kataloniyani o‘zini boshqarishi cheklanishiga ruxsat beriladi.
Mavzuga oid
15:15 / 16.06.2026
Afrikacha master-klass: Kabo-Verdedan nimalarni o‘rganish kerak?
09:01 / 25.05.2026
Ispaniyada uy-joy inqirozi: ijarachilar ko‘chalarga chiqdi
00:04 / 20.05.2026
Ispaniyada Mango do‘konlari asoschisining o‘g‘li otasini o‘ldirishda gumon qilinib ushlandi
08:04 / 13.05.2026