Sport | 11:00 / 15.10.2017
25712
3 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor» - «Qo‘qon-1912» o‘yinida ishlagan hakamlar diskvalifikatsiya qilindi

Oliy Liga 24-turida doirasidagi «Paxtakor» – «Qo‘qon-1912» o‘yinidagi hakamlik darajasi yuzasidan O‘FF hakamlar va nazoratchilar qo‘mitasi favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. 

O‘FF matbuot xizmati xabar berishicha, yig‘ilishda 14 oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Paxtakor» – «Qo‘qon-1912» o‘yinini boshqargan hakamlar brigadasining ishi o‘rganib chiqildi.

O‘FFning hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi tarkibidagi ilmiy-uslubiy ta'minoti bo‘limi mazkur o‘yinda maydonda bosh hakam sifatida ishlagan Vadim Agishev, uning yordamchilari Bahodir Bahromov hamda Nabijon Ro‘zimovning hakamligini alohida ko‘rib chiqdi. Natijada, Vladimir Shtern boshchiligidagi guruh maydondagi barcha hakamlar uchrashuvni sifatsiz boshqargan va o‘yin tizginini qo‘ldan chiqargan deb baholadi.

Shu asosda, hakamlar va nazoratchilar qo‘mitasi bosh hakam Vadim Agishev, uning yordamchilari Bahodir Bahromov va Nabijon Ro‘zimov, to‘rtinchi hakam Asker Najafaliyevni O‘zbekiston chempionati, 1-liga, kubok va yoshlar birinchiligi bahslaridan mavsum oxirigacha chetlatish haqida qaror qabul qildi.

Hakamlar brigadasi a'zolariga bahoni ko‘tarib qo‘yganligi uchun o‘yin inspektori Igor Nixochin ham O‘zbekiston chempionati, 1-liga, Kubok va yoshlar birinchiligidan mavsum oxirigacha chetlatildi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida ham Oliy liganing ikki uchrashuvida ishlagan hakamlarga jazo choralari ko‘rilgandi. Dastlab, «Buxoro» va «Dinamo» uchrashuvidan keyin mezbon jamoa muxlislari noroziligiga sabab bo‘lgan Rustam Bobomurodovning xizmat haqi yuz foizga kamaytirilib, hakamlikdan butunlay chetlatildi.

Ko‘p vaqt o‘tmasdan, O‘zbekiston chempionatining 22-turidan o‘rin olgan «Sho‘rtan» va «Navbahor» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni boshqarib borgan hakam Olim Tolibjonov 10ta uchrashuvga chetlatilgandi.

Mavzuga oid