Shimoliy-g‘arbiy derbi, «Chelsi»ning sensatsion, «Arsenal»ning odatiy mag‘lubiyati va turning boshqa voqealari
Bugun, 16 oktabr oqshomida bo‘lib o‘tadigan «Lester» – «Vest Bromvich» o‘yinini aytmasa, Angliyada 8-tur o‘z yakuniga yetdi. «Tribuna.uz» an'anaviy tarzda Angliya Premer Ligasining navbatdagi turiga nazar tashlaydi.
TUR O‘YINI
«Hamma xuddiki «Liverpul» hujumkor o‘ynaganini, bizning esa, himoyalanganimizni aytmoqda. Lekin e'tibor beringchi, Klopp hujumni kuchaytirish uchun biror harakat qildimi? «Liverpul»ning o‘yinchi almashtirishlari hujumni kuchaytirish uchun bo‘ldimi? Yo‘q!», – dedi Joze Mourino o‘yindan keyingi matbuot anjumanida.
Bunday katta o‘yinlarda «Liverpul» tezkor hujumlarni, «Yunayted» esa, maydon markazini «betonlash»ni bosh maqsad qilishini yaxshi bilamiz. Qizig‘i, har ikki jamoa uchun ham mana shu yo‘nalishdagi eng muhim futbolchilarning safda bo‘lmaganlari edi. Mezbonlardan Mane, mehmonlardan Fellaynining yo‘qligi, balki murabbiylarning o‘yinga sal boshqacharoq yondashishi mumkinligidan darak berardi.
Yurgen Klopp jamoasi ayniqsa, 2-bo‘limda katta tashabbusga ega bo‘lsa-da, juda ehtiyotkor bo‘lganini e'tirof etish joiz. Markazdagi Jan – Veynaldum – Henderson uchligi o‘yin oxirigacha o‘zgarishsiz qoldi va barcha almashtirishlar pozitsiyalar bo‘yicha bo‘ldi – uch hujumchi boshqa uch hujumchi o‘rniga maydonga tushdi. Mourino hamkasbidan bunday ehtiyotkorlikni kutmagani tabiiy.
Mourino bu haqida ochiq aytdi: «Men ular nihoyat markazdagi bir futbolchi o‘rniga to‘rtinchi hujumchini tushirishlarini kutdim. Bu haqida tanaffusda futbolchilarga ham aytdim, rejamiz, o‘shanday holatda Reshford va Lingard yordamida qarshi hujumlar uyushtirish edi. Ammo Klopp bu ishni qilmadi va bu holat bizning vazifamizni qiyinlashtirib yubordi. Markazni qo‘lga olish uchun ixtiyorimda futbolchi yo‘q edi, «Liverpul» markazidagi uchlik esa, juda yaxshi pressing qildi va ustunlikni ta'minladi».
Agar Klopp hujumni mana shu uchlikdan birini olib tashlash orqali, amalga oshirganda, yakun nima bo‘lardi, aytish mushkul. Lekin Mane va Pogbaning jarohatlari qaysi jamoaga ko‘proq ta'sir qilganini payqasa bo‘ladi. Klopp yarim himoyachilarni o‘yin oxirigacha almashtirmaganidan bilish mumkinki, Mane sog‘ bo‘lganida, ko‘proq Saloh yoki Firminodan birining o‘rnini egallagan bo‘lardi. Bu futbolchilarning uslubi va vazifalari Manenikiga yaqin, demak «Liverpul» uchun o‘yin kartinasi o‘zgarishsiz qolardi.
Mourino esa, Pogba misolida, markazda to‘pni nazorat qila oladigan va asosiysi, uzoq masofalarda aniq paslar berishi mumkin bo‘lgan quroldan ayrilgandi. Qanotlarga terma jamoalar yig‘inida qatnashmagan Marsiyal va Yang joylashganidan, urg‘u tezkor qarshi hujumlarga qaratilganini anglash mumkin, ammo ular ham, Mxitaryan ham ko‘proq to‘pni hujumga o‘zlari bilan olib borishga odatlangan, buni esa, «Liverpul»ning tezkor o‘yinchilari pressing bilan «yeb tashlashdi». Errera esa, maydonda eng ko‘p (9) marta raqibdan to‘pni olib qo‘ygan bo‘lsa-da, unga jismoniy kuch yetishmadi – shuncha marta to‘pni yo‘qotdi ham.
Xulosa qilib aytish mumkinki, «Liverpul» g‘alabaga yaqinroq edi va yaratilgan vaziyatlar borasida ham yaqqol ustunlik qildi. Ammo yakunlangan terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffuslar har ikki jamoaga ham ta'sirini ko‘rsatdi. Kloppning ehtiyotkorligi ham aynan shu narsa bilan, futbolchilarning jismoniy holati bilan bog‘liqligini taxmin qilish mumkin.
«MOURINO AVTOBUSI»
Kuchli raqiblarga qarshi safarda durang, o‘z maydonida esa, imkon qadar barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonish – Joze Mourinoning chempionlik formulasi bu va yillar davomida o‘zgarmay kelmoqda. Albatta, maydon markazidagi muammolar tufayli, Joze shunday o‘ynashdan boshqa yo‘l topa olmaganini aytish mumkin, lekin portugaliyalik mutaxassisning Manchesterdagi faoliyatida nazar tashlasak, bu odatiy «avtobus» ekanini ko‘ramiz.
«MYu» Joze Mourino qo‘l ostida top-6 jamoalariga qarshi shu kungacha 6 o‘yinda maydonga tushdi va atigi 1ta gol urdi xolos. U ham bo‘lsa, hech narsani hal qilmaydigan «Tottenhem»ga qarshi o‘yindagi muhim bo‘lmagan gol edi xolos. Mourino aynan durangni niyat qilib kelgan o‘yinlarda «Liverpul» bilan ikki marta va bir marta «Manchester Siti» bilan, 0:0 hisobini saqlab qolishning uddasidan chiqqan. Faqat «Chelsi» maydonida bu reja amalga oshmagan, Pedroning 1-daqiqadagi goli barchasini buzib yuborgandi. O‘shanda oldinga borishga majbur bo‘lgan manchesterliklar 0:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Mavsumdagi eng qiyin safarlardan biri «Enfild»da, Pogba va Fellaynisiz ochiq o‘yin qilish mumkinmidi? Balki. Bu holatda barcha Mourinoning o‘zgarganini aytishi, «Manchester Yunayted» esa, nihoyat hujumkor bo‘lib qolganini e'tirof etishlari mumkin edi. Shu bilan birgalikda, bunday munosabat, «Arsenal»da bo‘lgani kabi, 0:4 hisobidagi mag‘lubiyatga olib kelishi ehtimoli ham bor edi. Zarracha shunday ehtimol bor ekan, Mourinodan boshqacha o‘yin kutmang, «MYu» muxlislari. Avtobus – bu Joze Mourinoning o‘ziga xos brendi, uning deyarli barcha yirik g‘alabalarining ostidan shunday o‘yinlar chiqib keladi. Murabbiyni qabul qildingizmi, ba'zida mana shunday o‘yinlar tomosha qilishga tayyor turishingiz kerak. Mourino qayerda uch ochko yotganini va qayerda bir ochkoga rozi bo‘lish kerakligini biladi.
TUR IQTIBOSI
Hisobning haqqoniy yoki haqqoniy emas, mavzuda gapirmoqchi emasman, sababi, biz 20 emas, 2-3ta chinakam vaziyat yaratdik, xolos. Raqib himoyaga katta e'tibor berdi va «ochilmadi». Ularning bu harakatini tanqid qilmoqchi emasman, ammo sovrinlar uchun kurashayotgan «Manchester Yunayted»ning bu uslubini «Liverpul» hech qachon qo‘llamaydi. Biz hech qachon vaziyat poylab «yotmaymiz», oldinga borishga harakat qilamiz.
«WATFORD TIME»
O‘tgan safar jamoa hujumchisi Risharlisonning so‘nggi daqiqalardagi gollari haqida yozgandik, aslini olganda, bu daqiqalar umuman «Uotford»ning xususiyati bo‘lib bormoqda. O‘yinning so‘nggi daqiqalarida «Arsenal» darvozasini penaltidan ishg‘ol qilgan «Uotford» qatorasiga uch o‘yinda 90-daqiqalarda gol urmoqda. Bu gollarning har biri muhim bo‘lgani, jamoaga ikki marta g‘alaba, bir marta durang olib kelganini ta'kidlash joiz.
Jamoa yetakchisi Troy Dini esa, «Arsenal» futbolchilarining yetarlicha «erkak» emasliklari haqida hamma joyda gapirib yuribdi:
«Har safar «Arsenal» bilan o‘ynaganimizda bunga amin bo‘laman – men to‘p uchun kurashlarda imkon qadar agressiv bo‘lishga intilganimda, men bilan kurashga qo‘rqishadi. Masalan, Martezakerni havo kurashida yutishim uchun sakrab ham o‘tirmadim, u men bilan kurashgani qo‘rqdi. Ballerinning qo‘polligi haqida, nima deyishim mumkin, u sochini qizlarniki kabi o‘stirib olgan va bu sochlar tufayli u nima qilayotganini bilmay qoldi, shekilli»
«KRISTAL PELAS» HISOBNI OChDI
Premer Liga davriini qo‘yib turing, Angliya chempionatining 1899/1900 mavsumida «Liverpul» dastlabki 8 uchrashuvda mag‘lubiyatga uchrab, antirekord sohibi bo‘lib turgan edi. Navbatdagi raqib «Chelsi» ekanidan kelib chiqib, «burgutlar» bu rekordni yangilashi haqiqatga yaqinroqdek tuyulgandi. Ammo Xojson shogirdlari nafaqat mavsumdagi ilk gollarini kiritdilar, balki chempion ustidan ajoyib g‘alabaga ham erishdilar. Ushbu o‘yinda «Kristal Pelas»ga yordam berishi mumkin bo‘lgan barcha omillar ishlaganiga e'tibor berish lozim.
Birinchidan, terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus ko‘proq «Chelsi»ga xalaqit berishi tabiiy edi, chunki, terma jamoa yig‘inlariga boradigan futbolchilar soni Konteda ko‘proq edi. «Kristal Pelas» esa, to‘liqroq tarkibda uchrashuvga uzoq vaqt tayyorlanish imkoniga ega bo‘ldi.
Ikkinchidan, mezbonlarning yetakchi hujumchilaridan biri Uilfrid Zaa 1-turda jarohat olganicha, jamoasiga yordam bera olmay kelayotgandi. Uning safga qaytishi hujumdagi rang-barangning oshirishi va “Kristal Peles”ni xavfliroq jamoaga aylantirishi kutilayotgandi. Shunday bo‘ldi ham, Zaa hal qiluvchi gol muallifi bo‘ldi.
Uchinchidan, «Chelsi»ning bir qator muhim futbolchilari jarohat olishgandi. Alvaro Morataning o‘rnini bosishi kerak bo‘lgan Batshuayi ishonchni oqlay olmadi va 57-daqiqadayoq almashtirildi. Maydon markazida Ngolo Kantening yo‘qligi esa, eng katta yo‘qotish bo‘lgani tabiiy. Asosan Kantening vazifalarini bajargan Bakoyoko yakunda uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb e'tirof etilgan bo‘lsa-da, ayniqsa, o‘yin oxirida maydon markazini qo‘lga olish uchun Ngolo yetishmadi.
«GAPIR, BeNJAMIN, GAPIR»
Joye Bartonni biz ko‘proq maydondagi o‘yinlari orqali emas, asosan uzun tili, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi orqali yaxshi bilamiz. Yozda «Monako»dan transfer qilingan Benjamin Mendi Angliyadagi mana shunday futbolchilar safini to‘ldirdi, desak bo‘ladi.
Mavsumni yaxshi boshlagan, ammo og‘ir jarohat sababli, endi mavsum oxirigacha maydonga tushishi gumon ortida qolgan fransiyalik himoyachi tvitterda barchaning e'tiborida bo‘lishga intilmoqda. Avvaliga, u Pep Gvardiolaning Mendi jarohati tufayli yanvarda boshqa futbolchi olishi mumkinligi haqidagi fikrlarini yozgan «Manchester Siti» rasmiy akkauntiga «Mening o‘rnimni Fabian Delf bilintirmay turadi» deb javob yozdi. «Stok Siti»ga qarshi o‘yindan keyin esa, Mendi jamoasini atrofidagi barcha mavjudotlarni yeb borayotgan akulaga o‘xshatdi. Angliyadagi boshqa jamoalar o‘sha mavjudotlar emish.
Albatta, tan olish lozimki, Mendining bu bahosi «shaharliklar» ko‘rsatayotgan o‘yinlariga juda mosdir. Pep Gvardiola shogirdlari barcha musobaqalardagi so‘nggi 9 o‘yinda qatorasiga g‘alaba qozondilar. Bu o‘yinlardagi to‘plar nisbati ham raqiblarni dahshatga soladi – 34-4!
RAQAMLAR
- «Sauthempton» hujumchisi Shey Long 246 kundan buyon gol ura olmayapti.
- «Uotford» APLda qatorasiga uch o‘yinda 90-daqiqalarda gol urgan ilk jamoa bo‘ldi.
- «Tottenhem» ushbu mavsumda o‘z maydonidagi ilk g‘alabasiga erishdi.
- Atigi 8 tur o‘tgan bo‘lsa-da, Faqat «Manchester Yunayted» va «Arsenal» ushbu mavsumda hali o‘z maydonlarida ochko yo‘qotishgani yo‘q.
- Chex «Arsenal» safidagi o‘yinlarda uning darvozasiga belgilangan 12 penaltining birortasini ham qaytara olmagan.
- Kevin De Bryuyne o‘zining «Manchester Siti»dagi debyut o‘yinidan (2015, sentabr) buyon 32 golli uzatma amalga oshirgan. Shu davr uchun eng yuqori ko‘rsatkich.
- David De Xea ushbu mavsumda 5 marotaba «o‘ta xavfli» deb baholanadigan vaziyatlarda jamoasini qutqardi. Bu ligada eng yaxshi ko‘rsatkichdir.
- Bu turda hozircha mehmonlar biror o‘yinda ham g‘alaba qozona olishmadi. 4 durang, 5 mag‘lubiyat.
Turnir jadvali
Mavzuga oid
15:52 / 10.11.2024
«Arsenal»da ham inqiroz. Buning sabablari nimada?
16:05 / 08.11.2024
«Old Trafford»da «Amorim-bol»: Yangi murabbiy qo‘l ostidagi «MYu» qanday taktik yechimlar taqdim etadi?
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024