Bag‘dod Kirkuk ustidan nazoratni to‘liq qaytarib oldi
Iroq kuchlari 20 oktabrda uch soatlik jangdan keyin kurdlarning peshmerga jangchilarini Kirkuk viloyatining ular nazoratidagi oxirgi tumani – Altun-Ko‘pridan siqib chiqardilar. Bu haqda Iroq xavfsizlik kuchlaridagi manba ma'lum qildi.
Iroqning aksilterrorchilik xizmati, federal politsiya va Eron tomondan qo‘llab-quvvatlanuvchi Xalq safarbar kuchlaridan iborat kuchlar Altun-Ko‘priga mahalliy vaqt bilan soat 7.30da hujum boshlashgan.
Peshmerga jangchilari Zab daryosi bo‘yida joylashgan shaharni iroqlik harbiylar bilan janglardan keyin tark etishgan. Janglar davomida pulemyotlar, minomyotlar va reaktiv granatalar qo‘llangan.
Bungacha Iroq markaziy hukumati kuchlarining Kirkukdagi hujumi kurd ayirmachi kuchlari tomondan qarshilikka uchramagandi.
Bu vaziyat Iroq shimolidagi kuchlar balansini o‘zgartirdi va kurdlarning mustaqillikka erishishga urinishlari va neftga boy Kirkuk ustidan nazoratini yo‘qqa chiqarishi mumkin.
16 oktabrda Kirkukka qilingan hujum davomida o‘nlab odamlar halok bo‘lgandi va jarohat olgandi.
Iroq kuchlari kurdlar tomondan 2014 yilda IShIDga qarshi kurash vaqtida egallangan, Kurdiston muxtoriyati tashqarisidagi hududlar ustidan nazoratni tiklashga harakat qilmoqda.
Iroq shialarining diniy rahnamosi oyatulloh Ali Al-Sistoniy 20 oktabr, juma kuni hukumatni Iroq shimolidagi kurdlarni himoya qilishga chaqirgan.
O‘n minglab kurdlar Kirkuk va Tuz-Hurmatdan Kurdistonning ikkita bosh shahri – Erbil va Sulaymoniyaga qochishgan.
BMT 19 oktabrda kurdlarning zo‘ravonlik bilan ko‘chirilishi va ularga qarashli uylar va korxonalarning vayron qilinishi haqidagi xabarlardan xavotir bildirgan.
Iroq konstitutsiyasiga ko‘ra, kurdlar Iroq shimolidagi uchta tog‘li viloyatda boshqaruv va neftdan olinadigan umumiy daromaddan qat'iy o‘rnatilgan daromad olish huquqiga ega. Iroqning qolgan qismi urush girdobida qolgan bir vaqtda, neftdan olinadigan daromad ushbu viloyatlarning farovonligini ta'minlagan.
Kirkuk Iroq Kurdistoni tashqarisida bo‘lsa ham, ko‘plab kurdlar uni tarixiy vatanlarining markazi va bu yerda olinuvchi neftni ularga tegishli deb hisoblaydilar.
Mavzuga oid
09:20 / 31.10.2024
Iroq o‘z havo hududi Isroil tomonidan buzilgani yuzasidan BMTga shikoyat qildi
12:10 / 28.10.2024
Turkiya HHK Iroq shimolidagi 34 ta obektni yo‘q qildi
11:00 / 23.10.2024
Iroq: G‘azo va Livandagi urush boshqa mintaqalarda yangi mojarolarga olib kelishi mumkin
23:04 / 02.10.2024