Jahon | 12:35 / 21.10.2017
16117
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Tramp Kennedining o‘limiga oid ba'zi maxfiy hujjatlarni yashirmoqchi

Oktyabr oyi oxirida AQSh sobiq prezidenti Jon Kennedining o‘ldirilishi ishi bo‘yicha hujjatlar arxiviga qo‘yilgan 25 yillik maxfiylik muddati tugaydi. Politico manbalarining fikricha, Donald Tramp bu arxivdan barcha hujjatlarni e'lon qilishdan bosh tortmoqchi.

Donald Tramp ma'muriyati AQShning 35-prezidenti Jon Kennedining o‘ldirilishi bo‘yicha to‘liq hujjatlar arxivining e'lon qilinishiga xalaqit bermoqchi. Ular, qonunga ko‘ra, 2017 yilning 26 oktabr kuni oshkor qilinishi lozim, deya yozadi Politico nashri vaziyatdan xabardor manbalarga asosan.

Bu hujjatlarni e'lon qilishga 25 yillik taqiq qo‘yish to‘g‘risidagi qonun Kongress tomonidan 1992 yilda, katta Jorj Bush prezidentligi vaqtida qabul qilingan.

O‘shanda maxsus komissiya alohida arxivlardan hujjatlarni yig‘di va milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan ular yana 25 yil maxfiy bo‘lishi lozimligini tavsiya qilgan.

Biroq bu arxivga komissiyaning ish vaqti, 1990-yillarga tegishli bo‘lgan hujjatlarning yuzlab sahifalari ham kirgan. Nashr manbasi so‘zlariga ko‘ra, Oq uydagilarning fikricha, ular e'lon qilinsa, milliy xavfsizlikka ziyon keltirishi mumkin. Ularda 90-yillarda o‘tkazilgan razvedka amaliyotlari haqida so‘z yuritiladi hamda Tramp bu hujjatlarni e'lon qilishdan bosh tortishi mumkin.

Nashr gap qancha ma'lumotlar hajmi haqida ketayotganiga oydinlik kiritmagan. Arxivdagi ma'lumotlarning aksariyati o‘tgan asrning 60- va 70-yillarida yaratilgan hamda ular, aftidan, ilk bora to‘la hajmda e'lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Jon Fitsjyerald Kennedi 1963 yilning 22 noyabr kuni, Texas shtatidagi Dallas shahrida mergan miltig‘idan o‘qqa tutilgan. Ertasi kuni «Amerikaning eng suyukli prezidenti» olgan jarohatlari tufayli hayotdan ko‘z yumgan, prezidentning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov ishlarini olib borgan maxsus komissiya esa Kennedi mergan Li Harvi Osvaldning qurboni bo‘lgani haqidagi xulosaga kelgan. Uning ustidan sud o‘tkazilmagan, sababi Osvald Kennedining o‘limidan ikki kun o‘tib o‘ldirilgan: politsiya boshqarmasidan okrug qamoqxonasida olib o‘tish chog‘ida uni tungi klub egasi Jyek Rubi otib tashlagan.

Mavzuga oid