Jahon | 12:31 / 22.10.2017
12103
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya Bosh vaziri Kataloniya mustaqilligiga nuqta qo‘ymoqchi

Foto: urhokpotareporters.com

Barchasi tamom. Ispaniya Bosh vaziri Mariano Rahoy 21 oktabr kuni mamlakat Senat a'zolariga Kataloniya ma'muriyatini bekor qilishni, shuningdek, kelgusi olti oy ichida saylov masalasi qayta ko‘tarilmasligini so‘rab talabnoma yubordi.

Hukumat 1978 yilda qabul qilingan konstitutsiyaning 155 moddasi, ya'ni ma'muriy birlikni davlat qonuniga majbur bo‘ysundirish huquqidan foydalanmoqchi bo‘lmoqda. Ayni paytda Senat ushbu so‘rovni 27 oktabrga qadar ko‘rib chiqishi shart. Buning ustiga Rahoyning konservativ Xalq partiyasi Senatda ko‘p o‘ringa ega siyosiy kuch ekanligi inobatga olinsa, talabnomaning taqdirini oldindan aytish mumkin. Shuningdek, Sotsialistlar ham Bosh vazir ilgari surgan g‘oyani ma'qullashi kutilmoqda.

"Hech qanday demokratik jamiyatda bosh qomusda belgilangan qonun normalari buzilishi kuzatilmaydi”, deydi Ispaniya rahbari.

Ammo, siyosatchi katalanlarning 43 foizi referendumda ishtirok etgani, ulardan 90 foizga yaqini Kataloniya mustaqilligi uchun ovoz berganiga munosabat bildirishdan bosh tortgan. Ayni paytda ko‘chadagi tartibsizliklar kuchaygani sari, rasmiy Madrid katalanlarning poytaxtdan bildirilayotgan buyruqlarni bajarmasligidan xavotirda bo‘lmoqda.

el Periódico​ nashrining yozishicha, talato‘plar avj olishi bilan mustaqillik istagi bilan ko‘chaga chiqqan katalanlarning soni kamyib bormoqda. Xabarda aytilishicha, 36 foiz katalanlargina mustaqillikni istaydi, ayrimlar esa mintaqaviy saylovni qayta tashkil etishni xohlaydi.

Mavzuga oid