Sport | 20:30 / 25.10.2017
11955
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston U-19 termasi BAA yoshlarini yirik hisobda mag‘lub etdi

Aleksandr Mochinov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston U-19 terma jamoasi Osiyo chempionati saralash bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida bugun, 25 oktabr kuni BAA yoshlar termasiga qarshi navbatdagi bahsni o‘tkazdi.

Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida, nazorat o‘yini maqomida bo‘lib o‘tgan mazkur bellashuvda O‘zbekiston yoshlar termasi 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. Dilshod Saidov, Jahongir Abdusalomov, Shohrux Abdurahmonov va Jasur Ermamatovning gollariga Ahmad Favzi bitta gol bilan javob qaytardi.

Eslatib o‘tamiz, 23 oktabr kuni har ikki jamoa o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilgandi va unda Aleksandr Mochinov shogirdlari 1:0 hisobida g‘alaba qozongan edi.

O‘yindan keyin O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Mochinov O‘FF matbuot xizmatiga uchrashuv borasidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Avvalo bugungi g‘alaba bilan rahbariyatni, jamoamni va bizni qo‘llab-quvvatlash uchun stadionga tashrif buyurgan muxlislarni tabriklayman. Birinchi o‘yindan keyin raqibni o‘rganib chiqqanimiz o‘z samarasini berdi. BAA yoshlar termasi bosh murabbiyini ham alohida ta'kidlab o‘tgan bo‘lardim. Serbiyalik mutaxassis qo‘li ostida BAA yoshlari ancha kuchaydi.

Har ikki jamoa futbolchilarining bugungi o‘yinga tayyorgarligi yaxshi bo‘lganini ko‘rish mumkin. Avval ham ta'kidlaganimdek, bu yoshda futbolchilar o‘yin davomida xushyorlik va e'tiborni yo‘qotadi, menimcha shuning evaziga bugun raqib darvozasiga ko‘p gol urishga  erishdik. Shu bilan birgalikda, so‘nggi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gollar ustida ishlashimiz kerak.

31 oktabr kuni Osiyo chempionati saralash bosqichi uchrashuvlarini o‘tkazish uchun Tojikistonga uchib ketamiz. U yerda oson o‘yinlar bo‘lmaydi. Bundan tashqari, o‘yinlar sun'iy qoplamali maydonda o‘tkaziladi. Ertadan jamoamiz ham sun'iy qoplamali maydonda mashg‘ulotlar o‘tkazib, bo‘lajak o‘yinlar oldidan so‘nggi tayyorgarliklarni o‘tkazadi», – dedi Aleksandr Mochinov.

Ma'lumot uchun, shu yilning 31 oktabr – 8 noyabr kunlari U-19 Osiyo chempionatiga saralash bosqichi o‘yinlari o‘tkaziladi. “B” guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi OCh yo‘llanmasi uchun mezbon Tojikiston, Shri-Lanka, Bangladesh va Maldiv orollariga qarshi maydonga tushadi.

Nazorat uchrashuvi
Toshkent, “Bunyodkor”
25 oktabr, chorshanba

O‘zbekiston U-19 – BAA U-19 — 4:1 (2:0)

Gollar: Dilshod Saidov (19 – penalti), Jahongir Abdusalomov (38), Shohrux Abdurahmonov (73), Jasur Ermamatov (88) – Ahmad Favzi (90+2)

Ogohlantirishlar: Shohrux Abdurahmonov (72), Islom Kenjaboyev (90) – Salim Ahmad (18), Yusuf Ayman (53), Xolid al-Belushi (90)

O‘zbekiston U-19: Javohir Qilichev (Obidjon Tolipov, 87), Jasur Ermamatov, Ibrohim Yo‘ldoshev (Shohrux Abdurahmonov, 66), Dilshod Saidov (Shahboz Umarov, 87), Suhrob Izzatov (Nodir Kuybakov, 84), Alisher Salimov (Elbek Jumanov, 86), Rasul Yo‘ldoshev (Islom Kenjaboyev, 46), Boburjon Asqarov, Akmal Mozgovoy (Sanjar Zokirov, 57), Jahongir Abdusalomov (Hasan Yo‘ldoshev, 76), Abbos Jumaqulov (Asadbek Sobirjonov, 62).

Zaxira: Umid Ergashev, Obidjon Tolipov, Jasur Rahimov, Nodir Kuybakov, Abubakir Mo‘ydinov, Shahboz Umarov, Sanjar Zokirov, Hasan Yo‘ldoshev, Islom Kenjaboyev, Elbek Jumanov, Shohrux Abdurahmonov, Asadbek Sobirjonov.

BAA U-19: Salim Ahmad, Saif Abdulrazzoq, Muhammad al-Dosari (Ahmad Favzi, 85), Rashid Xalfan, Fahad Marvan (Xolid al-Belushi, 64), Sulton Said Moftah, Muhannad Ahmad (Majid Sulton, 85), Nahiyan Adhil (Ali Saleh, 80), Yusuf Ayman (Abdulrahmon Saleh, 64), Muhammad Sirvashi, Fahal al-Hammadi (Saif al-Suadi, 73).

Zaxira: Suhail Abdulla, Umar Said, Majid Sulton, Saif al-Suadi, Umar Salim, Xolid al-Belushi, Ali Saleh, Halfan al-Nobi, Abdulrahmon Saleh, Ahmad Favzi, Essa Ahmad.

Mavzuga oid