Sport | 19:30 / 27.10.2017
10976
12 daqiqa o‘qiladi

Chempion hikoyalari: Kelajakdan maktub (Aren Robben)

Salom, o‘n olti yoshli Aren!

Bugun payshanba va onang maktabga qo‘ng‘iroq qilmoqda. Yana va yana. Boshida biroz xavotir olasan, axir hech qachon, sinfda ekaningda onang seni axtarmagandi. Avvalo, o‘zingni bos, xavotirli hech narsa yo‘q. Hammasi joyida. Buni gaplashganingda bilib olasan, lekin u senga aytadigan gaplarga ishonishing qiyin kechadi. Sen dars tugab, onangga qaytib qo‘ng‘iroq qilganingda, hammasini eshitasan. Hammasi bir onda o‘zgarib ketadi. Juda tez.

Ayni shu pallada, sen hali onang bilan gaplashmasingdan, kel, senga bir gapni aytishga imkon ber: doim futbolni chanqoq bilan o‘yna, doim yanada yaxshiroq bo‘lishga, ko‘prog‘ini uddalashga harakat qil, bo‘ptimi?

«Groningen murabbiyi seni yakshanba kuni asosiy tarkib bilan o‘yinga olib ketmoqchi»

Onangga qaytib qo‘ng‘iroq qilganingda, u senga shu xabarni aytadi. Zo‘r-a? Rostanam ajoyib!

Men nega shu xatni yozishga qaror qildim, bilasanmi? Men so‘nggi paytlarda bu haqida juda ko‘p o‘ylayapman – hammasi qanday boshlangani haqida. 33 yoshga kirgach, faqat bir yillik shartnomalar asosida o‘ynayotgan pallada, hammasi yakunga qarab ketayotganini sezasan. Negadir, oxiri ko‘rinib qolgan paytda eng boshi haqida ko‘proq o‘ylay boshlar ekansan. Futbol shunchaki o‘yin bo‘lmay qolgan ilk yillarga...

«Groningen» sen uchun «PSV» sari yo‘l ochadi, «PSV» esa, seni «Chelsi»ga yo‘llaydi. Yigirma yoshingda Premer Ligada bo‘lasan.

Murabbiying? Uning ismi Joze Mourino. Seni bunga tayyorlashim kerak. Chunki u sendan juda ko‘p narsa kutadi, buni bilib qo‘yishing kerak. U hammadan ko‘p narsa kutadi. Xarakteri shunaqa. Sen darrov Premer liga klubidagi farqlarni sezasan: bu yerda sen kuchliroq, tezroq, qat'iyroq bo‘lishing lozim.

Nihoyat yaxshi o‘ynadim deb hisoblaganing hamono, sen bu ishni yana va yana amalga oshirishing shart. Tarkibda qolish uchun sen har hafta Jozega o‘zingni ko‘rsatishing kerak bo‘ladi. U juda kuchli inson va boshqalardan ham buni talab qiladi. Bilaman, sen yoshligingdan o‘zingga o‘zing ham shu talablarni qo‘yib kelgansan, ammo baxting shundaki, xuddi shunday murabbiyga yo‘lliqaning. Bu juda baxtli tasodif, bilasanmi?

Jarohatlar... Sen bunday boshlashni kutmaganding, bilaman. Mavsumoldi yig‘inlarida singgan suyak bilan uyoqdan buyoqqa yurasan, ikki oy maydonga tusha olmasligingni eshitasan. Ammo bu ham senga o‘zingni ko‘rsatishda imkoniyat bo‘lsin. Sen Jozega, jamoadoshlaringga, «Stemford Brij»ga va avvalo, o‘zingga jarohatlar seni sindira olmasligini ko‘rsatishing kerak. Bu ham bir tajriba.

Ha, «Stemford»dagi ilk o‘yiningda, 2004 yilning noyabrida gol urasan, eslab qol. Jarima maydoni yaqinidan, chap oyoqda.

Ha aytgancha, chap oyoq haqida. Sen qanotdan turib markazga qarab borish va chap oyoqda zarba berishni ko‘proq mashq qil. Ishonaver, senga bu juda yordam beradi hali. 

Sen «Chelsi»da atigi ikki yil o‘ynaysan, ammo faoliyatingda juda muhim bosqich bo‘ladi. Bu murabbiy, bu yigitlar, jarohatlar bilan senga yaxshi tajriba va xotiralar qoladi. Jozega qoyil qolish kerak, sizlar birgalikda ajoyib jamoa qurasizlar. Muhimi, bu xuddi murabbiylaring kabi o‘ziga xos jamoa bo‘ladi.

Yo‘q, faqat bu yerda Lempard, Chex, Drogba yoki Terri o‘ynagani uchun emas. Jamoada hamma bir-biri haqida o‘ylaydi. Hamma jamoa haqida o‘ylaydi. Jamoadagi muhit ajoyib! Sen keyinchalik ham o‘sha yillari birga o‘ynagan sheriklaringni sog‘inasan, ular bilan aloqada bo‘lib turasan, lekin hammasidan ham Jon Terrini unutish qiyin.

Senga u haqida nimalarni aytishim mumkin... Hammasini...

Eng muhimi, bir jamoaning sardori bo‘lish uchun nima kerak bo‘lsa, hammasini Jondan o‘rganish mumkin. U doim yordamga tayyor, nafaqat futbol, har qanday mavzuda ham suhbatlashmoqchi bo‘lsang, yoningda bo‘ladi. U doim senga maslahatlar beradi. Meni eshit, sen undan ko‘proq narsalarni o‘rgan va doim gapiga quloq sol, kelishdikmi? Hozir Terri sen uchun qanchalik muhim bo‘lishini so‘z bilan tushuntirib bera olmayman, lekin keyin, mening yoshimga yetgach, bilasanki, sen u kabi futbolchi bilan birga boshqa to‘p surmaysan.

Sizlar birgalikda «Chelsi»ni ellik yillik tanaffusdan so‘ng, shohsupaga olib kelasizlar. Sen ko‘p vaqtingni jarohatda o‘tkazganing uchun siqilma, bilginki, sen ham shu jamoaning bir parchasi eding, sen ham boshqalar kabi muhim bo‘lgansan. Kelasi yili yana chempion bo‘lasizlar. Keyin?

Keyingi qadam... «Real» Madrid.

Angliyada, birinchi maydonga tushganingdayeq muxlislar futbol bilan yashashlarini, futbol bilan nafas olishlarini sezganing, hayron qolganing esingdami? Bilasanmi, Ispaniyada boshqacharoq. Bu yerda ular futbol bilan yashamaydilar, bu yerda futbol hayotning o‘zginasi!

Albatta, ikki yil o‘tib, futbol shuningdek, biznes ekanini tushunib yetasan. Bu senga yoqmaydi.

Qaragin, shu paytgacha, go‘yoki hammasida mazmun bordek tuyulgandi. Avval «Groningen», keyin «PSV», «Chelsi», endi «Real». Ligalar, kuboklar, Chempionlar Ligasi yarim finali. Bu harakatlarning barchasi tushunarli, sen oldinga qarab ketayotgandek eding. O‘yining takomillasha borgan sari maqsadlaring ham, atrofing ham buyuklashib borayotgandi.

Endi esa, «Bavariya». Sen buni orqaga tashlangan qadam deb bilasan. To‘g‘ri, «Bavariya» Germaniyaning eng katta klubi, mamlakatda va Yevropada bir qator sovrinlari bor. Ammo «Real» bilan solishtirganda, kichikroq ko‘rinadi. Sen uchun Madrid futbol olamining cho‘qqisi edi, u yerdan har qayerga ketish mana shu cho‘qqidan pastga tushishdek baholanadi. Bilaman, bu cho‘qqiga boshqa hech qachon qaytib chiqmaydigandek tuyuladi hammasi sen uchun.

Ammo shuni bilib qo‘y: sen o‘shanda nohaq bo‘lasan.

Chunki, «Bavariya»ga o‘tish futbol faoliyatingdagi eng to‘g‘ri qaroring bo‘lib chiqadi. Sen u yerda kattaroq bir kuchning muhim bo‘lagi bo‘lasan. Har tomonlama. Mana ko‘rasan.

Sizlar hech kim kutmagan paytda Chempionlar Ligasi finaligacha borasizlar. Kelasi yil kutilmagan mag‘lubiyat, 2012 yil finali esa, aynan «Bavariya» maydonida bo‘ladi va sen sobiq klubing «Chelsi»ga qarshi o‘ynaysan.

Ajoyib hikoya uchun zo‘r ssenariy, to‘g‘rimi?

Ammo, biroz o‘tib hammasi dahshatga aylanadi. Bu haqida juda ko‘p yozilgan. Sen amalga oshirishing kerak bo‘lgan, ammo amalga oshira olmagan penalti haqida, masalan.

Lekin bilasanmi, yana bir jihat borki, bu haqida yozishmaydi, hech kim bilmaydi. Bu oradan bir necha hafta o‘tib, keyingi mavsum uchun tayyorgarlik uchun borganingda ro‘y beradi. Aslida sen o‘sha finalning ertasigayoq, mashg‘ulotlarga qaytishga tayyor eding. Ammo o‘sha tanaffus ham kerak shekilli. Endi senda qandaydir boshqa tuyg‘u bor.

Ochig‘i, hayotingda bunaqa birinchi mashg‘ulotlar juda ko‘p bo‘ladi. Hammasi bir xil. Hamma qandaydir yengillik va chanqoqlik bilan mashg‘ulotlarga qaytadi va asta-sekin tiklanib boradi. Bu safar boshqacha. Bu safar shunchaki istak emas, boshqacha ruhiyat qamrab oladi seni. Qasos olishga bo‘lgan chanqoqlik.

Va keyingi har o‘yinda, bundesligadagi uchrashuv bo‘ladimi, oddik kubok o‘yinimi, Chempionlar ligasi guruh o‘yinlarimi, farqi yo‘q, sen endi boshqacha o‘ynay boshlaysan. Boshqacha o‘ylay boshlaysan. Har bir g‘alaba, har bir harakat faqat va faqat yana o‘sha finalga qaytishga bo‘lgan qadam kabi tuyula boshlaydi.

Ha, esingdami senga chap oyoq bilan zarba berishni o‘rganib turishni maslahat bergandim? Mana, payti keldi. Sen o‘sha finalga yetib borganingda, yana bir bor eslab ko‘r. O‘yinning ikkinchi bo‘limida, «Borussiya» hisobni tenglashtirgach, gaplarimni esla.

89-daqiqada, vaqt deyarli qolmaganda, o‘ng tomondan markazga kirib bor va zarba ber. 

«Bavariya»dagi 8 yil faoliyatingdagi eng yorqin yillar bo‘ladi. Uch marta chempionlar ligasi yarim finali. Uch final. Chempionlar Ligasi kubogi. Olti marta Bundesliga chempionligi. To‘rtta kubok.

Baribir bu klub qalbingda qanchalik o‘rin olishini tushuntirib bera olmayman. Nima desam ham, o‘sha payti kelganda bu holat senga kutilmagandek bo‘lib tuyulaveradi.

Faqat shuni aytishim lozimki, hatto 33 yoshga kirib ham, bu yerda sen hali ham chanqoqlikni his qilayotgan bo‘lasan. Komillikka bo‘lgan intilish seni bu yoshda ham tark etmaydi. Orqaga qaraganimda men buni ko‘proq anglayman, doimo yanada yaxshiroq bo‘lish istagi bizni mana shu yerlargacha yetaklab keldi, kutmaganimdan ham ko‘proq yutuqlarni sovg‘a qildi.

Balki shuning uchunmi, bu chanqoq meni bir kun tark etishiga ishonmayman. Bu kun qachon kelishini, bu qanday bo‘lishini tasavvur ham qila olmayman. Bilmayman, balki kelasi yilidir, balki yana bir yil o‘tib. Balki boshqa nima haqidagi o‘ylash vaqti kelganini anglab yetarman.

Balki, biroz chekinish, balki so‘nggi, yana bir yangi qadam tashlash uchun yangi chaqiriq kerakdir. Vaqt ko‘rsatadi.

Bilasanmi, bu vaqt juda tez o‘tar ekan.

Shuning uchun, bor, onangga tezda qo‘ng‘iroq qil. Uni kuttirma!

 

Aren Robben/ The Players Tribiune

Mavzuga oid