MXX 10 ming dollarlik firibgarlikning oldini oldi
Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan birgalikda Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yashovchi 55 yoshli fuqaroni 10 ming AQSh dollarini olish chog‘ida ashyoviy dalil bilan ushlashdi.
Kuni kecha MXX idoralariga Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanining Qo‘shtegirmon qishlog‘ida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, Jamila ismli ayol 10 ming dollar evaziga besh nafar tanishini (har biri uchun 2 ming dollardan) Qo‘qon davlat institutining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritishga ko‘maklashishi bo‘yicha taklif bilan chiqqani haqida xabar bergan.
Ushbu ariza asosida MXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan tezkor guruh tashkil etildi, u ushbu shaxsni ariza beruvchi 10 ming dollarni topshirayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo‘lga oldi.
Dastlabki tergov davomida qo‘lga olingan shaxs Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Dang‘ara tumanining Jahonobod qishlog‘ida yashovchi 55 yoshli Jangish To‘rayeva ekani aniqlandi.
Ushbu holat bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamenti tomonidan J.To‘rayevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov olib borilmoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, J.To‘rayeva avval 168- va 273-modda (Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Mavzuga oid
11:59 / 05.11.2024
O‘zbekistonlik olimlar Farg‘ona vodiysidan yangi baliq turini topdi
09:40 / 02.11.2024
Hindiston Farg‘onada xalqaro ko‘p tarmoqli klinika tashkil etadi
19:32 / 30.10.2024
Farg‘onada jamoat transporti yo‘l haqi oshirildi
16:35 / 30.10.2024