O‘zbekiston | 14:24 / 30.10.2017
25453
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston sudyalari assotsiatsiyasi raisi o‘zgardi

“Turkiston” saroyida O‘zbekiston cudyalari assotsiatsiyasining navbatdagi V s'yezdi bo‘lib o‘tdi. Unda assotsiatsiyaning 2012-2017 yillardagi ish faoliyati hamda istiqboldagi vazifalar muhokama etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi M.Usmonov, Oliy sud raisi K.Komilov, Sudyalar assotsiatsiyasi raisi vazifasini bajaruvchi U.Mingboyev va boshqalar huquqiy demokratik davlat barpo etishda qonun va adolat ustuvorligini ta'minlash alohida e'tiborda ekanini ta'kidladi. Bu borada sud tizimi muhim o‘rin tutadi.

S'yezd ishtirokchilari o‘tgan davrda sudyalarning mustaqil faoliyat yuritishini ta'minlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilganiga e'tibor qaratdi. Xususan, sudyalarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida ularning ish haqi oshirildi. Soha vakillari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilindi.

1997 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston sudyalari assotsiatsiyasi sudyalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning malakasini oshirish, sud hokimiyatining nufuzini oshirishda muhim o‘ringa ega bo‘lishi lozim. O‘tgan davr davomida assotsiatsiya sud hokimiyatini mustahkamlashga munosib hissa qo‘sha oladigan mustaqil jamoat tashkiloti sifatida shakllangan.

Shu nuqtai nazardan, uning rolini yanada oshirish, faoliyatini takomillashtirish lozimligiga e'tibor qaratilib, qator taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilar assotsiatsiya sudyalarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish bilan birga yetuk kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo‘nalishidagi faoliyatini yanada kuchaytirishi zarurligi qayd etildi.

Sud tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan sudyalar orasidan saylangan delegatlar, sud faxriylari, Oliy Majlis, Bosh prokuratura, Adliya va Ichki ishlar vazirliklari, nodavlat-notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston sudyalari assotsiatsiyasi raisi lavozimiga Ubaydulla Mingboyev saylandi. Markaziy kengash a'zolari va taftish komissiyasining yangi tarkibi saylandi.

Mavzuga oid