Jahon | 08:40 / 31.10.2017
5183
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: Suriyada 13 mln kishi insonparvarlik yordamiga muhtoj

Foto: Reuters

Suriya hamon og‘ir gumanitar inqiroz qurshovida. 13 milliondan ortiq suriyalikka zuddik bilan insonparvarlik yordami ko‘rsatish talab etiladi. Ularning 6,3 millioni hayot-mamot yoqasida, deb bayonot berdi Favqulodda yordamlar koordinatori Mark Lokok BMT Xavfsizlik kengashidagi brifingda. Brifing Suriyadagi gumanitar vaziyatga bag‘ishlandi.

U Iordaniya poytaxti Amman shahridan amalga oshirgan videoaloqasida ma'lum qilishicha, so‘nggi bir yilda Suriyadan majburiy ravishda ko‘chuvchilar soni 200 ming kishiga kamayib, 6,1 mln kishini tashkil etgan. 

Ko‘plab vaqtincha ko‘chganlar o‘z uylariga qaytishgan. Biroq o‘z mamlakatida qochqinga aylanayotganlar soni hamon yuqoriligicha qolmoqda. Joriy yilning yanvar-sentabr oylari mobaynida ichki qochqinlar soni 1,8 mln kishiga ko‘paygan. 

«Raqqa viloyatida qurolli to‘qnashuvlar faollashgani va havo zarbalari kuchaygani oqibatida oddiy aholi vakillari orasida qurbonlarning ko‘payib borayotgani jiddiy tashvish uyg‘otmoqda», - degan BMT vakili.
 
O‘tgan yilning noyabr oyida IShIDga qarshi amaliyotlar boshlanganidan buyon o‘tgan davr mobaynida Raqqadan 436 ming kishi qochgan. Mark Lokokning qayd etishicha, bugungi kunda ko‘plab suriyaliklar, mahalliy hokimiyatning ogohlantirishiga qaramay, Raqqaga qaytishga urinmoqda.
 
BMT vakili, shuningdek, qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan Dayr az Zor va Sharqiy Gut viloyatlaridagi aholi taqdiridan ham chuqur tashvish bildirdi. Uning ta'kidlashicha, Suriyadagi shifoxonalarga hanuz bombalar yog‘dirilmoqda. Dayr az Zordagi shifoxonalardan biriga bomba tashlanishi oqibatida 140 mingdan ortiq vaksina yo‘q bo‘lgan. 

Suriyaning 3 mln aholisi qamalda qolgan va borish qiyin bo‘lgan hududlarida istiqomat qilmoqda. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid