17:40 / 03.11.2017
6549

Xitoy sun'iy intellekt sohasida AQShni ortda qoldirish uchun barcha imkoniyatlarga ega

Foto: East News

Alphabet kompaniyasining direktorlar kengashi raisi, milliarder Erik Shmidt AQSh hukumati sun'iy intellekt (SI) sohasida yetakchilikni saqlab qolish uchun ko‘proq choralar ko‘rishi kerak, deb hisoblaydi. Iyul oyida Xitoy SI strategiyasini taqdim etdi, unga ko‘ra, mamlakat 2030 yilga borib soha yetakchisiga aylanishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Business Insider.

"Menga ishoning, xitoyliklar SI sohasida juda faol va ular bu texnologiyani ham tijoriy, ham harbiy maqsadlarda qo‘llashadi", - dedi Shmidt sun'iy intellekt va global xavfsizlikka doir yig‘ilishda.

"Bu juda oson, - deydi xitoyliklarning iyul oyidagi hisoboti bilan tanishib chiqqan Shmidt. - 2020 yilda ular bizga yetib olishadi, 2025 yilda bizdan yaxshi ishlay boshlashadi va 2030 yilga borib SI sohasida yetakchiga aylanishadi. Buning uchun ularga ko‘p vaqt kerak emas". 

AQShda SI-texnologiyalari rivoji bilan Google, Facebook, Microsoft, IBM, OpenAI kabi AT-gigantlari shug‘ullanadi, biroq Xitoyda ham bunga munosib javob qaytara oluvchi ilg‘or AT-kompaniyalar mavjud - Alibaba, Baidu va Tencent.

Pentagon muhofazasi sohasida Innovatsiyalar bo‘yicha maslahatchi kengashni boshqaruvchi Shmidt AQShni SIga doir mamlakat strategiyasi yo‘qligi hamda eng yangi dasturiy ta'minotlarni sekin joriy qilayotganligi uchun tanqid qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sun'iy intellekt AQSh harbiy kuchlarida muayyan o‘ringa ega. Bunga yaqqol misol sifatida SIdagi kuzatuv ilovalaridan biri keltiriladi. "Qo‘pol qilib aytganda, odamlarning uzoq vaqt davomida, diqqatni susaytirmay biror nimani kuzatishi 100 foizlik natija bermaydi. Kompyuterlar esa uzoq vaqt mobaynida kuzatuv olib borishi mumkin, ularning e'tibori susaymaydi, ular boshqa narsalarga chalg‘ishmaydi, qandaydir o‘zgarish aniqlangan taqdirda esa, insonlarni ogohlantiradi. Bu texnologiyadan foydalanishning eng oddiy yo‘li, biroq bizning harbiylarimiz an'anaga ko‘ra, qo‘mondonlardan foydalanmoqda, go‘yoki bu odamlar uchun eng yaxshi qo‘llanmadek", - deydi Shmidt.

Shmidtning ta'kidlashicha, harbiylar SI-ekspertlarga ko‘proq pul taklif qilish yo‘lini topishlari kerak. "Biz Karnegi-Mellon va boshqa oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari har qachongidan ham talabgor bo‘lgan davrda yashayapmiz. Ular 20 yoshidanoq ko‘p millionli takliflar olishadi. Bunday odamlar bozorda juda qadrli", - deya ta'kidlaydi Shmidt.

Shu bilan birga, Shmidt AQSh butun dunyodan keluvchi SI-mutaxassislarning mamlakatga kirishini soddalashtirishi kerakligini qo‘shimcha qildi. "Eng yaxshi mutaxassislarning Amerikani qo‘ymaydigan mamlakatlarda yashashi shok, albatta, - dedi u. - Eron dunyodagi eng aqlli AT-mutaxassislarni yetishtiradi. Men ularning bu yerga kelishi tarafdoriman. Men ularning Alphabet va Google'da ishlashlarini istayman. Bu odamlarni mamlakatga qo‘ymaslik - misli ko‘rilmagan ahmoqlik".

Shunday bo‘lsa-da, hozircha Xitoy SI-poygasida AQShdan ortda qolmoqda. Bunga sabab - xitoylik iste'dodli SI-mutaxassislarning AQShga ko‘chib ketayotganligida, ular o‘z vatanlarida ma'lum bir yutuqlarni qo‘lga kiritganlaridan so‘ng Amerikaga ko‘chib ketishmoqda. Bunga yorqin misol sifatida Endryu Inni keltirish mumkin, uning ketishi Xitoyning Baidu korporatsiyasiga 1,5 milliard dollarga tushdi. 

Top