Sun’iy intellekt va samaradorlikning yangi darajasi
MIT (Massachusets texnologiya instituti) va Harvard Business School tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki: o‘z faoliyatini endi boshlagan yoshlarda va tajribasi kamroq xodimlarda sun’iy intellekt (AI) ish unumdorligini keskin — o‘rtacha 35-40 foizga oshiradi.
Haqiqatdan ham, bugungi yosh marketolog, kopirayter, dizayner yoki yosh mutaxassisning ish uslubini kuzatsangiz, o‘zgarishlar hayratlanarli. Ilgari sohaga yangi kirgan odamga biror vazifa — aytaylik, kompaniya uchun reklama matni yozish, oylik hisobot tayyorlash yoki yangi loyiha taqdimotini tuzish topshirilsa, u uzoq vaqt sarflar edi. Tajriba kamligi sababli internetdan qidirar, kitoblarni titib chiqarardi. Xatolar ustida soatlab bosh qotirar, eng muhimi — o‘zidan tajribaliroq hamkasblari yoki rahbaridan borib maslahat so‘rardi.
Bu jarayon, ya’ni ma’lumot qidirish, xatoni to‘g‘rilashga urinish va jamoa bilan maslahatlashish bosqichlari tabiiyki vaqt oladi. Lekin bu mashaqqat ortida katta maktab yotgan.
Bugun esa vaziyat butunlay boshqacha. Hozirgi yosh mutaxassis topshiriq olishi bilan birinchi bo‘lib ChatGPT yoki Claude kabi SI vositalariga yuguradi. SI esa tayyor matnni, chiroyli reja yoki tayyor tahlilni bir zumda taqdim etadi. Natijada ishlar ko‘z ochib yumguncha bitdi, hamma xursand. Biroq, bu yerda jiddiy bir savol tug‘iladi: bu yosh mutaxassis jarayon davomida haqiqatda nimadir o‘rgandimi yoki shunchaki «nusxa ko‘chiruvchi»ga aylandimi?
Bilim illyuziyasi va kognitiv qarz
Gap shundaki, SI paydo bo‘lmasidan oldin ishlagan mutaxassislar o‘sha qiyin va qidiruvga to‘la jarayonda nafaqat kasbiy bilimni, balki hayotiy ko‘nikmalarni (soft skills) ham o‘rganishgan. Ma’lumotni saralash, turli manbalarni solishtirish va o‘z yechimini yaratish — bularning hammasi tahliliy va tanqidiy fikrlashni shakllantirgan. Hamkasblardan yordam so‘rash esa muloqot qilish va to‘g‘ri savol bera olish qobiliyatini rivojlantirgan.
SI bilan ishlashda esa bu fundamental bosqichlar shunchaki sakrab o‘tiladi. Natijada mutaxassisda haqiqiy bilim emas, balki psixologiyada «bilim illyuziyasi» (Illusion of Knowledge) deb ataladigan holat paydo bo‘ladi. Inson sun’iy intellekt bergan tayyor va chiroyli javobni o‘zining shaxsiy zakovati mahsuli o‘rnida qabul qila boshlaydi. Hech qanday mehnat qilmasdan: «Men buni bajara olaman», deb o‘ylaydi, lekin aslida ishni u emas, kompyuter bajardi.
Bu hodisa psixologiyada ancha oldin o‘rganilgan







