Samarqanddagi bitishi cho‘zilayotgan ko‘prik yo‘l-transport hodisalarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda
Avtomobil yo‘llari har bir davlatning muhim iqtisodiy «qon tomirlari»dir. Shunday ekan, yo‘llarning holati, sifati bu mamlakat iqtisodiyotida muhim rol o‘ynaydigan omildir. Ayniqsa, yo‘llarda avtomobillarning erkin va bemalol harakatlanishlari uchun qurilgan va qurilayotgan ko‘priklarning ahamiyati juda kattadir. Shu bois, so‘nggi yillarda mamlakatimiz bo‘ylab o‘tgan xalqaro yo‘llarda, poytaxtimiz va viloyat markazlarida yangidan-yangi ko‘priklar qurilmoqda, eskilari esa ta'mirlanmoqda.
Ana shunday muhim ko‘priklardan biri bu Samarqand shahriga kirish joyda Zarafshon daryosi uzra qurilgan ko‘prikdir. Bu ko‘prik sobiq ittifoq davrida qurilgan bo‘lib, so‘nggi yillarda ancha ta'mirtalab bo‘lib qolgan edi. Ayniqsa, ko‘prikning Samarqanddan Toshkentga boradigan qismi torroq barpo etilgan, ikki qator mashinalar yurishi uchun kamlik qilar edi.
Shu tufayli ham bundan qariyb bir yarim yil oldin ana shu ko‘prikning yarmi buzib olinib, yangidan qurilish qurish uchun ishlar boshlangan edi.
Ammo, ming afsuski ko‘prikning yarmi ishga tushish muddati cho‘zilib ketmoqda. Butun mamlakat aholisi foydalanadigan bu ko‘prikda xozirgi kunda harakatlanish ko‘prikning ikkinchi yarmida yo‘lni toraytirib qo‘yish orqali qilib qo‘yilgan. Ammo bu holat haydovchilar uchun ko‘plab noqulaylik tug‘dirmoqda va ko‘prik ustida tez-tez yo‘l-transport hodisasi (YTH) sodir bo‘lib yo‘lning soatlab yopilib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
KUN.UZ mobil muxbirining xabar berishicha 1 noyabr kuni tushdan keyin aynan ko‘prik ustida yo‘l harakati hodisasi ro‘y bergan va usti to‘la tosh va shag‘al ortgan yuk mashinasi evakuvatorni bosib ustiga chiqib ketgan va yo‘l batamom yopilib qolgan. Buni oqibatida yo‘lning ikki tarafida sanoqli daqiqalarda ulkan tirbandlik paydo bo‘lgan.
Muxbirimizning yana xabar berishicha YPX xodimlari evakuvatorni yuk mashinasining ostidan chiqarib olish uchun kran ham topib kelishgan, ammo ancha urinib ham evakuvatorni yuk mashinasining ostidan chiqarib olisholmagan. Muxbirimiz tirbandlikda turgan haydovchilardan «bunday YTH ortidan tirbandlik tez-tez sodir bo‘lib turadimi?» deb bergan savoliga ular «Afsuski, ha! Yaqinda ham ko‘prik ustida uch mashina ishtirokida YTH sodir bo‘lib, qatnovning bir tomoni ikki soatlar chamasi yopilib qoldi», deb javob berishgan.
Yanayam e'tiborli tarafi — ko‘prikka Samarqand tomondan tushishda nishablikdan tushib boriladi, yuk mashinalarining tormozi qizib ketib, mashina to‘xtay olmay, baxtsiz hodisa ro‘y berishi uchun har dam juda qulay sharoit yetilib turadi. Hozir ko‘prikning ikkinchi yarimini tiklash ishlari yakunlargan, daryoz uzra ustun va to‘sinlar o‘rnatilib, yo‘lning ravonligini ta'minlab, asfaltlash qolgan, xolos. Biroq g‘animat bo‘lib turgan issiq kunlar kunlar boy berilayotgani kishini o‘ylantiradi.
Bizning bu masalani ko‘tarib chiqayotganimizning sababi — yuqorida ham yozdik — ko‘prik Toshkentga eltadigan muhim va yagona yo‘lda barpo etilgan. Undan janubiy va g‘arbiy viloyatlardan poytaxt va vodiy tomon otlangan fuqarolarimiz, shuningdek xorijiy avtomobillar ham foydalanishadi. Shunday ekan, so‘nggi paytlarda ko‘priksozlarimiz qisqa muddatda — 2–3 oyga yetmasdan yangidan-yangi ko‘priklarni tiklayotganlari holda bu ko‘prikni ta'mirlash bilan shug‘ullanayotgan korxona nega bu ko‘prikning qariyb bir yildan beri bitkaza olmayotgani o‘ta tajjublanarli holat.
Biz bu hodisaga yo‘l-yo‘lakay baho berib ketdik, bu ko‘prikni qaysi tashkilot ta'mirlayotganini bilmaymiz ham. Shunchaki ushbu ko‘prikda so‘nggi paytlarda ro‘y berayotgan ko‘plab YTH ko‘prik bitmayotgani tufayli yo‘l torlik qilib sodir bo‘layotganiga e'tibor qaratdik, xolos. Umid qilamiz mutasaddi tashkilotlar bu muammoga e'tibor qaratadilar va biz bu mavzuga yana qaytamiz.
Mavzuga oid
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024