O‘zbekiston | 23:37 / 05.11.2017
24676
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy maqsaddagi mahsulotlar nazorati bo‘yicha kelishuv tuzilishi mumkin

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga O‘zbekistonga yetkazib beriladigan harbiy maqsaddagi mahsulotlarni maqsadga muvofiq qo‘llanishini nazorat qilish tartibi bo‘yicha kelishuvni imzolash yuzasidan O‘zbekiston bilan muzokaralar o‘tkazish topshirig‘ini berdi.

Putinning tegishli buyrug‘i 3 noyabrda huquqiy ma'lumotlar portalida e'lon qilingan, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.

“2016 yil 29 noyabrdagi Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish haqidagi kelishuv doirasida O‘zbekistonga yetkazib beriladigan harbiy maqsaddagi mahsulotning mavjudligi va maqsadga muvofiq qo‘llanishi nazoratini amalga oshirish tartibi bo‘yicha Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida kelishuvni tuzish maqsadida muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha Rossiya hukumatining taklifi qabul qilinsin”, deyilgan hujjatda.  

Kelishuvda harbiy maqsaddagi mahsulotni yetkazib beruvchi davlat (Rossiya) bu mahsulotning mavjudligi va maqsadga muvofiq qo‘llanishini nazorat qilishga haqli ekanligi, ikkinchi tomon (O‘zbekiston) esa, mos ravishda, bu nazorat amalga oshirilishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishi kerakligi nazarda tutiladi.  

Rossiya hukumatiga muzokaralar o‘tkazilgandan keyin bu kelishuvni imzolash yuklangan.

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish haqidagi kelishuv 2016 yil 29 noyabrda imzolangan. U harbiy maqsaddagi mahsulotni o‘zaro yetkazib berishni amalga oshirish, qurol-aslaha va harbiy texnikani yaratish, ishlab chiqarish, ekspluatatsiya qilish, ta'mirlash, modernizatsiya qilish va utillashtirish sohasida o‘zaro hamkorlikning qulay tartibini belgilaydi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid