Jahon | 08:45
977
4 daqiqa o‘qiladi

Sanksiyalar yumshatilishi Rossiya neft eksportiga turtki berdi

Bloomberg agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya so‘nggi haftada dengiz orqali neft eksport qilish hajmini sezilarli darajada oshirib, 2026 yil boshidan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi. Bu holat AQShning Eronga nisbatan sanksiyalarni yumshatishi va jahon neft bozorida raqobat kuchayishi sharoitida yuz bermoqda.

Foto: REUTERS

15–21 iyun kunlari oralig‘ida 38 ta neft tankeriga jami 28,79 million barrel Rossiya nefti yuklangan. Bu bir sutkada o‘rtacha 4,11 million barrel neft eksport qilinganini anglatadi. Bloomberg tahlilchilari buni 2026 yil boshidan buyon qayd etilgan eng yuqori haftalik natija sifatida baholamoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning neft eksporti hajmi Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyingi yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ham oshib ketgan. Shuningdek, Rossiya nefti tankerlarda uzoq vaqt kutib qolmayotgani, balki xaridorlarga faol ravishda yetkazib berilayotgani ta’kidlangan.

Sanksiyalar vaqtincha yumshatildi

Bloomberg ta’kidlashicha, eksport hajmining o‘sishiga AQSh tomonidan Rossiya neftiga nisbatan ayrim sanksiyalarning vaqtincha yumshatilishi ham ta’sir ko‘rsatgan. Vashington bunday qarorni Eron bilan bog‘liq harbiy mojaro tufayli Ho‘rmuz bo‘g‘ozida yuzaga kelgan xavflar va ehtimoliy yonilg‘i inqirozining oldini olish maqsadida qabul qilgan.

Natijada dengizda bo‘lgan Rossiya neftini tashishga nisbatan ayrim cheklovlar vaqtincha bekor qilingan. Bu imtiyoz 17 iyungacha amal qilgan bo‘lsa-da, uning yana uzaytirilishi haqida hozircha rasmiy ma’lumot berilmagan.

Eksport ko‘paymoqda, ammo daromadlar kamaymoqda

Eksport hajmining rekord darajaga chiqishi Rossiya uchun yuqori daromadlarni anglatmayapti. Chunki jahon bozorida neft narxlari sezilarli ravishda pasaymoqda.

Buning asosiy sabablaridan biri — AQSh va Eron o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi bo‘lib, u Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qayta ochilishiga va Eron portlaridagi cheklovlarning bekor qilinishiga olib keldi. Natijada Eron nefti xalqaro bozorga yana qaytdi va taklif hajmi oshdi.

Shu tufayli jahon neft narxlari taxminan 16 foizga arzonlashgan.

Argus Media hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning asosiy eksport navlari hisoblangan Urals va ESPO nefti narxi bir hafta ichida qariyb 20 foizga tushib ketgan.

Rossiya yanada ko‘proq xom neft eksport qilishi mumkin

Bloomberg yana bir omilga e’tibor qaratadi. So‘nggi vaqtlarda Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari (NQZ)ga qilingan hujumlar soni ortib bormoqda.

Agar bu holat davom etsa, Rossiya ichki bozorda neftni qayta ishlash o‘rniga uni xomashyo sifatida ko‘proq eksport qilishga majbur bo‘lishi mumkin. Bu esa Rossiya neftining xalqaro bozorda yanada arzonlashishiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Hindiston bozori uchun raqobat kuchaymoqda

Mutaxassislar fikricha, Eron neftining bozorga qaytishi Rossiya uchun yana bir jiddiy muammoni keltirib chiqarishi mumkin. Xususan, Eron nefti Hindiston bozorida Rossiyaning asosiy eksport navlaridan biri bo‘lgan Urals nefti o‘rnini bosishi ehtimoli mavjud.

Hindiston hozirda Rossiya neftining eng yirik xaridorlaridan biri hisoblanadi. Shu bois ushbu bozorni saqlab qolish uchun Moskva xaridorlarga qo‘shimcha chegirmalar taklif qilishga majbur bo‘lishi mumkin.

Tahlilchilarning fikricha, kelgusi oylarda Rossiya neft eksporti hajmi yuqori bo‘lib qolishi mumkin, ammo narxlar pasayishi va raqobatning kuchayishi tufayli neft savdosidan tushadigan daromadlar bosim ostida qolishi ehtimoli yuqori.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid