Jamiyat | 16:30 / 06.11.2017
17451
4 daqiqa o‘qiladi

​“Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi​ qonun loyihasi ishlab chiqarilmoqda. U nima?

Dunyodagi zamonaviy taraqqiyot tendensiyasi shuni ko‘rsatmoqdaki, iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishini rag‘batlantirish, ilg‘or ilm-fan yutuqlarini iqtisodiyot tarmoqlariga joriy qilish barqaror iqtisodiy o‘sishning bosh omili hisoblanadi. Masalan, hozirgi kunda GFRda YaIMning 2,7%ini, AQShda -2,8%ini va Yaponiyada 3,5% ini aynan innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilayotgani yuqoridagi fikrning yaqqol dalilidir.

2016 yilda Davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish uchun byudjyetdan ajratilgan mablag‘ hajmi 172,3 mlrd. so‘mni tashkil qildi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish korxonalarining bundan ham ko‘p mablag‘lari innovatsion faoliyatga yo‘naltirilgan bo‘lib, 2016 yilda ushbu mablag‘ 300 mlrd. so‘mdan ziyodni tashkil etdi. 

Ushbu sohada to‘plangan tajriba va amaliyot shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirish yo‘lida bir qator muammolar mavjud bo‘lib, ular ichida ayniqsa, innovatsiya faoliyatini tartibga soluvchi alohida qonun hujjatining yo‘qligi; ayniqsa, innovatsiyalarni yaratuvchi sub'yektlarga va innovatsiyalardan foydalanuvchilarga tegishli imtiyozlar beruvchi va rag‘batlantiruvchi mexanizmlar ko‘zda tutilmaganligi bu borada zudlik bilan hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifalardan biri hisoblanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, innovatsiyalarning hayotimizga keng kirib kelishi yo‘lida hali qator tashkiliy-huquqiy ishlarni amalga oshirilishi lozim. Bunda “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tezroq qabul qilishni bugungi davrning o‘zi taqozo etib turibdi.

Shu maqsadda maxsus tuzilgan ishchi guruhi tomonidan taqdim etilgan “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ana shu huquqiy bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida ishlab chiqilgan. 

Qonun loyihasi qator progressiv normalarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi innovatsion faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Unda, eng avvalo, innovatsiyalar va innovatsion faoliyat bilan bog‘liq asosiy tushunchalarning ta'riflari keltirilgan hamda ushbu sohada davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish tamoyillari shu bilan birga mexanizmlari ochib berilgan. Qonun loyihasida shuningdek, innovatsiyalar sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi asosiy organlar hamda ularning vakolatlari nimalardan iboratligi birma-bir sanab o‘tilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa vakolatli organlarning bu sohadagi vakolatlari, innovatsion faoliyat sub'yektlarining huquq hamda majburiyatlari ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga, innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar, ularning huquq va majburiyatlari ham qonun loyihasida ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Shu kunlarda mazkur qonun loyihasi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tmoqda. Jumladan, Toshkent Davlat Texnika universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Fanlar Akademiyasi, Fan va texnologiyalar agentligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va boshqa qator tashkilot va muassasalarda ushbu qonun loyihasi yuzasidan muhokamalar tashkil qilinib, unda keng jamoatchilik, mutaxassislar, ekspertlar, deputatlar, olimlar, shu jumladan, yosh olimlar ishtirok etmoqda.

Bildirilgan takliflar ishchi guruhi tomonidan diqqat bilan o‘rganib chiqiladi va ularni umumlashtirish asosida qonun loyihasi takomiliga yetkazilib, ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati Qodir Jo‘rayev

Mavzuga oid