Fan-texnika | 20:59 / 07.11.2017
16789
2 daqiqa o‘qiladi

Apple sudda Samsung ustidan g‘alaba qozondi

Ko‘p yillik bahslardan keyin Apple sudda Samsung'ni mag‘lub qildi. Endi Samsung Apple korporatsiyasiga 120 million dollar to‘lashga majbur. Bu haqida TheVerge xabar berdi. 

Foto:theverge.com

Gap Apple'ning blokdan yechishga doir patenti haqida borgan.  Kupertino kompaniyasi yuristlari sud jarayonlari davomida Samsung muhandislari kompaniya patentiga doir huquqni buzib, o‘z smartfonlarida ham ekranni blokdan yechishning xuddi shunday texnologiyasini qo‘llashganini isbotlashdi. 

AQSh Oliy sudi ikki texnologiya gigantining patent "jang"iga nuqta qo‘ydi va qarorni Kaliforniya kompaniyasi foydasiga hal qildi. Ma'lum bo‘lishicha, Samsung kompaniyasi Apple'ning ikki patentini buzgan va undan foydalangan - smartfonni ishlab chiqarish texnologiyasi va smartfon ekranini blokdan yechish uchun zarur slayd-bar faoliyati.

Tabiiyki, Samsung sud qaroridan norozi bo‘lgan. "Ko‘pchilik bizning sud qaroriga qarshi bergan da'voimizni qo‘llab-quvvatladi", - dedi Samsung vakili. U  shuningdek sudning bu qarori Apple'ga "nohaq daromad olish" imkonini berishini aytdi. 

Apple bunga hech qanday izoh berib o‘tirmadi. Bu Apple va Samsung o‘rtasidagi qonun doirasidagi  janglarning oxirgisi emas. 

Mavzuga oid