Jamiyat | 10:00 / 08.11.2017
13041
4 daqiqa o‘qiladi

Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari bilan ta'minlashni nazorat qilish respublika komissiyasi tugatildi

Prezidentning «Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2016 yil 31 oktabrdagi PQ–2647-son qarori bilan tashkil etilgan Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari bilan ta'minlashni nazorat qilish respublika komissiyasi uning funksiyalarini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuklagan holda tugatildi. 

Belgilanishicha, Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari uchun qat'iy narxlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “O‘zmedimpeks” DUKning O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan takliflariga ko‘ra belgilanadi. 

“O‘zmedimpeks” DUK 2023 yil 1 yanvarga qadar barcha turdagi soliq va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlar to‘lashdan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining buyurtmalari bo‘yicha dori vositalari, tibbiyot buyumlari, tibbiyot texnikalari va maxsus tibbiyot avtotransporti yetkazib berish shartnomalari yuzasidan bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lashdan ozod qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi uch oy muddatda: 

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ro‘yxatga olish, narxini belgilash tartibini takomillashtirishni, qonunchilikka “in bulk” mahsulotning aniq belgilangan tushunchasini kiritishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi; 

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat ko‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ushbu Farmon talablarini hisobga olgan holda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining qat'iy narxini, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining tartibga solinadigan narxlarini belgilash tartibini tasdiqlaydi; 

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini ularning xalqaro va milliy standartlarga muvofiqligini hisobga olgan holda mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar deb topish mezonlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi; 

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar deb topish mezonlarini tasdiqlangan kundan boshlab dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar deb topish nuqtai nazaridan ularning ishlab chiqarilishini texnologik auditdan o‘tkazadi; 

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini olib kirish bo‘yicha yagona logistika markazini tashkil etish yuzasidan takliflar kiritadi; 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida yaratilgan loyihalarni bajarish guruhlari faoliyatining samaradorligini o‘rganadi. 

Mavzuga oid