Jahon | 21:40 / 09.11.2017
13858
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda BMTning e'tirozlariga qaramay meksikalik qatl etildi

Foto: Ben Margot / AP

Texas shtati hukumati Meksika fuqarosi Ruben Kardenas Ramiresga nisbatan chiqarilgan o‘lim jazosi ijrosini amalga oshirdi. Vaholanki, BMT Ramiresning ishi qayta ko‘rib chiqilishini talab qilgan edi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar bermoqda

BMT mutaxassislari avvalroq Vashingtonni Ramiresning ishi qayta ko‘rib chiqilmasdan uning qatl etilishi AQSh tomondan xalqaro standartlar bajarilmasligi va qatl “birovni o‘ldirishdek” qabul qilinishidan ogohlantirgandi.    

Texasdagi qamoqlardan birida saqlangan 47 yoshli Ramires 9 noyabrga o‘tar kechasi dori vositasini kiritish orqali qatl etilgan. Qatldan avval ushbu hukm bo‘yicha bir qator appelyatsiyalar berilgan, biroq ularning barchasi rad etilgan. 

Ramires o‘zining 16 yoshli xolavachchasi Mayra Lagunani zo‘rlagani va o‘ldirgani uchun 1998 yilda o‘lim jazosiga mahkum qilingan. U bu jinoyatni 1997 yil giyohvand moddalar ta'sirida amalga oshirgan. Ramires so‘roqlar vaqtida o‘z aybini tan olgan. Biroq BMT mutaxassislari tergov davomida ko‘plab qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilganiga ishora qilishgan.

Jumladan, ayblanuvchi qo‘lga olingandan keyin 11 kun davomida advokat bilan gaplashish imkoniga ega bo‘lmagan. Bundan tashqari, Ramires hibsga olinganda xorijiy fuqaro sifatida konsullik yordami olish huquqiga ega ekanligidan xabardor qilinmagan. BMTning xalqaro sudi keyinchalik AQSh bu ishda konsullik aloqalari bo‘yicha Vena konvensiyasi bo‘yicha majburiyatlarini buzgani haqidagi xulosaga kelgan va shu sababli ish qayta ko‘rilishi lozim bo‘lgan.   

BMT mutaxassislari aynan shunga asoslanib AQShni o‘lim jazosini bekor qilishga va barcha xalqaro me'yorlarga amal qilingan holda yangi sud jarayonini o‘tkazish kerakligiga chaqirishgandi.

Mavzuga oid