Jahon | 19:20 / 09.11.2017
15379
2 daqiqa o‘qiladi

Ijyevskda ko‘p qavatli uyning bir qismi quladi

Rossiya tarkibiga kiruvchi Udmurtiston Respublikasining poytaxti hisoblanuvchi Ijyevsk shahrida 9 qavatli turar-joy binosining qulashi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, 4 kishi, jumladan bir qutqaruvchi jarohat oldi. Bu haqda Udmurtiston sog‘liqni saqlash vazirligi vakili ma'lum qildi.   

“Ma'lumki, uch kishi halok bo‘lgan. Ikki kishining jasadi tibbiy ekspertizalar byurosiga olib ketilgan, uchinchi jasad vayronalar ostidan chiqarib olinmoqda”, deb aytgan agentlik manbasi. Uning aytishicha, jarohatlanganlar 4 kishidan iborat: 2 o‘smir, 55 yoshli ayol va qutqaruv ishlari vaqtida jarohat olgan qutqaruvchi.

9 noyabrda binoning bir pod'yezdi 9 qavatdan 1 qavatgacha qulab tushgan. 8 ta xonadon to‘liq vayron bo‘lgan. Ularda 28 kishi yashagan.

Vayronalar ostida yana odamlar qolayotgan bo‘lishi mumkin. Ularni qidirish ishlari olib borilmoqda. Voqea joyida 400 ga yaqin odam va 100 ga yaqin texnika ishlamoqda. Ishlar to‘xtovsiz davom etadi, uyning qolgan qismi qanchalik mustahkamligini aniqlash maqsadida u “Struna” mobil majmuasi yordamida tekshiriladi va uning kelgusi taqdiri borasida qaror qabul qilinadi. Uydagi barcha aholi evakuatsiya qilingan. Ular yaqin oradagi ikkita maktabda joylashtirilganlar. 

Binoda hammasi bo‘lib 6 ta pod'yezd bo‘lgan. Uy 27 yil avval qurilgan va unda taxminan 550 kishi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lgan.

Guvohlarning aytishlaricha, kuchli portlash va uyning yuqori qavatlarida chaqnash kuzatilgan. So‘ngra kuchli tutun tarqala boshlagan. Ularning fikricha, gaz portlagan.

Ushbu fojia yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Uyning qulashiga maishiy gaz portlashi sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Respublika rahbari Aleksandr Brechalov ushbu hodisa bilan bog‘liq holda respublika bo‘yicha favqulodda vaziyat tartibini kiritgan.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid