26 sentabr tongida Ijevskdagi 88-sonli maktabga bostirib kirgan noma’lum shaxs o‘t ochdi. Hodisa tafsilotlari hozircha ma’lum emas: telegram-kanallar sinfxonalarda qamalib olgan o‘quvchilar jo‘natgan foto va videolarni tarqatgan.

15 kishi halok bo‘lgan, shundan 11 nafari maktab o‘quvchilari. Bu haqda Tergov qo‘mitasi ma’lum qildi. Dastlabki xabarlarda qurbonlar orasida ikki qo‘riqchi va ikki o‘qituvchi borligi aytilgandi. 24 kishi, jumladan 20 o‘quvchi turli darajada tan jarohatlari olishgan. 9 nafar bola jonlantirish bo‘limida qolmoqda. Baza nashri xabariga ko‘ra, ayrimlar yuqori qavatlardan sakrash vaqtida jarohatlangan.

Baza maktabdan evakuatsiya jarayoni aks etgan videoni ham namoyish etdi; unda qutqaruvchilar yarador o‘quvchilarni olib chiqayotgani, politsiyachilar odamlarni maktab atrofidan uzoqroqda turishga chorlayotganini ko‘rish mumkin.

Udmurtiya rahbari Aleksandr Brechalov 29 sentabr kunini respublikada motam kuni deb e’lon qildi.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, hujum qilgan shaxs o‘z joniga qasd qilgan. Baza ma’lumotiga ko‘ra, u natsistcha ramzlar aks etgan qora kiyimda bo‘lgan (bu ma’lumotni keyinroq Tergov qo‘mitasidagilar ham tasdiqladi) va ikkita Makarov to‘pponchasi bilan qurollangan (tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bu travmatik qurol bo‘lishi mumkin). Soat 12:20 atrofida Tergov qo‘mitasi gumonlanuvchi jonsiz holda yotgan videoni namoyish etdi, tasvirlarda uning kiyimida svastika belgisi borligini ko‘rish mumkin.

Soat 13 atrofida Tergov qo‘mitasi gumonlanuvchining shaxsini ma’lum qildi — bu 1988 yilda tug‘ilgan, 88-maktabni tamomlagan Artyom Kazansev. «Ayni vaqtda Rossiya Tergov qo‘mitasi tergovchilari uning yashash manzilida tekshiruv o‘tkazishmoqda, uning shaxsi, qarashlari va atrofidagilar o‘rganilmoqda. Uning neofashistik qarashlar va natsistik mafkurasi tarafdori ekani tekshiriladi», — deyiladi Tergov qo‘mitasi bayonotida.

Udmurtiya rahbari Aleksandr Brechalov Artyom Kazansev ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turgani haqida xabar berdi. «112» telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, u muqaddam sudlanmagan va ma’muriy javobgarlikka ham tortilmagan.

Baza ma’lumotiga ko‘ra, jinoyatchining to‘pponchalarida 1999 yilda Amerrikadagi «Kolumbayn» maktabida 13 kishini o‘ldirgan Erik Harris va Dilan Kliboldning ismlari, shuningdek Columbine yozuvi aks etgan breloklar (zanjirli jyevakcha) bo‘lgan. Qurol magaziniga «nenavist» (nafrat) yozuvi tushirilgan. RF hukumati Rossiyada «Kolumbayn» nomi ostida «terrorchilik harakati» mavjud deb hisoblaydi.