Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqand viloyatida 2 yil ichida qariyb 11 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so‘zlagan nutqida viloyat salohiyati haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Ma'lumki, Samarqand viloyati zamonaviy, yaxshi rivojlangan ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya, ijtimoiy infratuzilmalarga ega ekani, insoniy va intellektual salohiyati bilan boshqa ko‘pgina hududlarimizga nisbatan ustun turadi. Ya'ni, Samarqanddagi imkoniyat hamma joyda ham mavjud emas. Lekin, afsuski, ana shunday ulkan salohiyatdan to‘liq foydalanishda viloyatda oqsoqlik bor. Bu – haqiqat va buni ochiq aytishimiz kerak.
Boshqa hududlarga borsangiz, rahbarlar imkoniyat qidirish bilan ovora ekanini ko‘rasiz. Bu yerda esa viloyatning sobiq birinchi rahbari Himmat Oqbo‘tayevda tashabbusning yo‘qligi va befarqligi tufayli bor imkoniyat ham ishga solinmadi. Oqibatda yalpi hududiy mahsulotning o‘sishi ancha sekinlashdi. Bu boradagi ko‘rsatkich shu yilning 9 oyi davomida respublika bo‘yicha 5,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, viloyatda 3,4 foizni tashkil etgani ham buni ko‘rsatib turibdi.
Yalpi hududiy mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 24 foiz atrofida bo‘lib, bu mamlakatimizdagi eng past ko‘rsatkichlardan biridir. Boya men bu yerdagi katta imkoniyatlar haqida bekorga gapirganim yo‘q. Shuning uchun bunday raqam bilan kifoyalanib yurish Samarqand viloyatiga mutlaqo yarashmaydi.
Viloyatda sanoatning eng rivojlangan tarmog‘i – iste'mol tovarlari ishlab chiqarish sohasi ham bir joyda to‘xtab, depsinib turganini, mana, shu sohaning rahbarlari o‘tiribdi bu yerda, ular buni qanday izohlaydi? Sizlar nima uchun bu masala bilan qiziqmaysizlar? Bu faqat viloyatning muammosi emas. Ichki bozorimizni sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, eksport qilish – bu barchamizning ishimiz.
Xalqqa eng yaqin yana bir soha – xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham o‘sish sekinlashgani kuzatilmoqda. Eksport bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish masalasida ham savollar ko‘payib bormoqda. Shu sababli ushbu sessiya arafasida tegishli vazirliklar, kompaniya va banklar rahbarlarini Samarqand viloyatiga yubordik. Ular bu yerda o‘n kun mobaynida qo‘shimcha rezervlarni aniqlab, konkret investitsiya loyihalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullandi. Bu ishlarning natijasi sifatida qo‘shimcha investitsiya loyihalarini o‘z ichiga olgan yangi Dastur loyihasi shakllantirildi”, - degan Mirziyoyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Dasturga muvofiq 2018-2019 yillarda Samarqand viloyatida umumiy qiymati 4 trillion 200 milliard so‘m bo‘lgan 321 ta yirik loyiha amalga oshiriladi va qariyb 11 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mavzuga oid
23:04 / 13.06.2026
Samarqandda Rossiyada ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun test markazi ochiladi
10:50 / 12.06.2026
Samarqandning olis tumanlariga investitsiyalar jalb etiladi
17:46 / 10.06.2026
Samarqand tumanlari qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashgan hudud sifatida rivojlantiriladi
17:45 / 05.06.2026