O‘zbekiston | 01:45 / 10.11.2017
21549
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatida 321 ta yirik loyiha amalga oshiriladi

Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyatida umumiy qiymati 1 trillion 800 milliard so‘mlik 321 ta yirik loyihani amalga oshirish ishlari boshlandi. Bu haqida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi nutqidan ma'lum bo‘ldi. 

"Oddiy yurtdoshlarimiz bugun hayotdagi o‘zgarishlardan rozi bo‘lib, mamnun bo‘lib gapirayotgani, o‘zlari ham ana shu o‘zgarishlarning ishtirokchisiga aylanib borayotgani – bu bizni quvontiradi. Haqiqatan ham, xalqimiz bugun harakatga keldi. Odamlarda ishonch paydo bo‘ldi. Davlat organlari xalqqa, xalqimiz esa o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga qarab intila boshladi.

Men qayerga borsam, shu gapni takrorlayman: xalq bizdan rozi bo‘lsa, ishimizda unum, baraka bo‘ladi. Odamlarning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir.
Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy dasturlar va investitsiya loyihalari ham aynan ana shu maqsadlarga qaratilgani bilan e'tiborlidir.
Sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohasini oladigan bo‘lsak, umumiy qiymati1 trillion 800 milliard so‘mlik 321 ta yirik loyihani amalga oshirish boshlandi", - dedi davlat rahbari.

O‘tgan davrda viloyatda 24 ta yirik korxona ishga tushirildi. Xususan, Samarqand shahrida yiliga 8 million dona dori vositalari ishlab chiqaradigan korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jomboy tumanida 300 gektar yong‘oqzor barpo etildi. Samarqand tumanida 1 millionta parranda boqiladigan xo‘jalik tashkil etildi. Yil oxiriga qadar yana 20 ta yirik korxona ishga tushiriladi.

"Bu korxonalarning barchasi ichki bozorimiz uchun, odamlarimiz uchun kerakli mahsulotlar chiqarib, Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga xizmat qilmoqda.
Yana bir muhim tomoni shundaki, bu loyihalarning hammasi tadbirkorlarning tashabbusi bilan, ularning o‘z mablag‘lari ishtirokida amalga oshirilmoqda. Biz ularga moliyalashtirish va ruxsat berish, qulay imkoniyat yaratish bo‘yicha yordam bermoqdamiz, xolos.

Men o‘z mablag‘i, tashkilotchiligi bilan hech bo‘lmaganda 2-3 ta ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman, deb aytgan gaplarimni bugun ham takrorlashdan charchamayman. Mana, Samarqandning o‘zida shuncha korxonalar ochilib, ming-minglab ish o‘rinlari yaratilayotgan ekan, buning uchun viloyatdagi barcha kichik biznes va tadbirkorlik sohasi vakillariga chin yurakdan rahmat aytmoqchiman", - dedi Prezident.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid