00:19 / 11.11.2017
23486

iPhone X egalari ommaviy ravishda ekrandagi nuqsondan shikoyat qilishmoqda

Telefon xarid qilinganidan so‘ng bir hafta ishlatilishi hamono smartfon displeyida uzunasiga yashil chiziq tushib qolmoqda va u yo‘qolmayapti.

Foto: Twitter/mix0mat0sis‏

MacRumors sayti xuddi shunday simptomli muammolarning bir qanchasini yig‘ib chiqqan — ekranda yashil chiziq paydo bo‘lib qolgan. Foydalanuvchilarda u ekranning turli qismlarida paydo bo‘lmoqda, biroq chiziqning ko‘rinishi bir xil va butun displey uzunligini egallab olgan.

Foto: Twitter/MACinCLE va Nate Heagy‏

Muammodan jabr chekayotganlarning so‘zlariga qaraganda, ular smartfonni qayta yuklash yoki zaxira nusxasidan tizimni tiklab ham chiziqni bartaraf eta olishmayapti. Bu holatda chiziq shunchaki boshqa joyda paydo bo‘lib qolmoqda hamda vaziyat aynan dasturiy ta'minotdagi nuqson bilan tushuntirilmoqda.

Foto: MacRumors 

Hozircha barcha holatlar orasida ma'lum bir qonuniyat aniqlanganicha yo‘q. Telefonlarni qo‘ldan tushirib yuborishmagan. Chiziq darhol emas, aynan bir haftacha foydalangandan keyin paydo bo‘lmoqda. Muammo ma'lum bir partiya yoki mintaqaviy modelga oid emas — muammo AQSh, Kanada, Avstraliya  va boshqa ko‘plab davlatlarda sotilgan telefonlarda kuzatilmoqda.

Foto: MacRumors 

Ba'zilar muammo yuzasidan Apple servis markaziga murojaat ham qilishgan va ularning displeylari bepul almashtirib berilgan. Aftidan, kompaniya nuqsonlar borasida ma'lumotlarni endi to‘plamoqda, uning paydo bo‘lish sababini hozircha o‘zi ham bilmasa kerak. Kompaniya vakillari vaziyatga izoh berishmagan.

Bu iPhone X bilan bog‘liq birinchi ommaviy muammo emas. Oldinroq iPhone X’ning sensor ekrani bilan bog‘liq yana bir muammo ham aniqlangan edi. Aniqlanishicha, sovuq havoda smartfon ekrani bosishlarga javob bermay qo‘yarkan.

«Biz iPhone X ekrani sovuq muhitga keskin o‘tilganda sensori ishlamay qolishi holatlaridan xabarimiz bor. Sensor bir necha soniyadan keyin yana ishlab ketadi. Bu muammo smartfonning keyingi yangilanishi vaqtida hal qilinadi», deb aytilgan kompaniyada.

Apple noyabr boshida iPhone X ekrani kuyib, qorayib ketishidan ogohlantirgandi. Bu muammo ekranda uzoq vaqt o‘ta kontrast yorqin surat ochiq bo‘lganda vujudga keladi.

Top