08:05 / 11.11.2017
14753

Saudiya Arabistoni koalitsiyasi Yaman mudofaa vazirligiga zarbalar berdi

Saudiya Arabistoni koalitsiyasi Yaman poytaxti Sanoda joylashgan mamlakat mudofaa vazirligiga aviazarbalar berdi. Bu haqda “Al-Jazira” telekanali xabar bermoqda. Hujum oqibatida tinch aholi jabr ko‘rgan bo‘lishi mumkin.  

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, hammasi bo‘lib ikkita aviazarba berilgan. Bombalardan biri turar joy binosiga tekkan. Guvohlarning aytishicha, 8 kishi jarohat olgan va 2 ta uy vayron bo‘lgan. 

“Vayronalar ostidan odamlarni qidirish davom etmoqda”, deb aytilgan xabarda.

“Men uyda o‘tirganimda birinchi zarbani eshitdim, bu mudofaa vazirligiga berilgan zarba edi. Hamma qo‘rqib ketdi. Bir daqiqadan keyin yana bitta bomba qo‘shnim uyiga tegdi”, deb aytgan guvohlardan biri.

Avvalroq Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yaman hududidan Saudiya Arabistoni tomon raketa otilgandan keyin Yamandagi barcha portlar va aeroportlarni yopishga qaror qilgandi. Xalqaro tashkilotlar bunday choralar Yamanda ommaviy ocharchilik va sog‘liqni saqlash tizimida yirik muammolarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.   

Mavzuga oid
Top