O‘zbekiston | 14:40 / 12.11.2017
5008
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Markaziy Osiyo​ bilan yangilangan hamkorlik strategiyasini qabul qiladi

Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, YeI Komissiyasi vitse-prezidenti Federika Mogerini Samarqandda o‘tkazilgan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorilik» nomli xalqaro konferensiyada «Yevroittifoqning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yangi hamkorlik strategiyasi» qabul qilinishini bildirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Mogerinining aytishicha, Ittifoq rahbariyati mintaqadagi davlatlar bilan hamkorlik strategiyasini yangilashga qaror qilgan.

«​Vaqt o‘tgani sayin ustuvor va dolzarb masalalar o‘zgarib bormoqda. Har yili o‘tkaziladigan «Markaziy Osiyo va Yevroittifoq» ko‘rinishidagi vazirlar uchrashuvining 13-yig‘ilishida biz hamkorlik strategiyasini yangilashga qaror qildik. Hujjatlar to‘plami 18 oyda tayyorlanadi»​, deydi u.

Yevropalik vakilning fikriga ko‘ra, mintaqadagi davlatlar ko‘mak qabul qiluvchi emas, Ittifoqning iqtisodiy hamkoriga aylanmoqda. Yangi hamkorlik strategiyasi qabul qilingach aynan davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, jumladan Yevropa moliyaviy muassasalarining mintaqada faol bo‘lishi kutilmoqda. Shuning bilan Federika Mogerini kelgusida «Markaziy Osiyo va Yevroittifoq» ko‘rinishidagi vazirlar uchrashuvini Bryussel shahrida tashkil etishni taklif qildi. Taxminlarga ko‘ra, Bryusseldagi uchrashuv hamkorlik shartlarini yangi bosqichga olib chiqishda hal etuvchi yig‘ilish bo‘ladi.

Mavzuga oid