O‘zbekiston | 20:20 / 14.11.2017
18752
3 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi va Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mudofaa vazirligi matbuot xizmati shu haqida  xabar berdi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi” zalida o‘tkazilgan tantanali tadbirda harbiy xizmatchilar, iqtidorli yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbir avvalida yoshlarga Qurolli kuchlar davlat muzeyida saqlanayotgan tarixiy eksponatlardan namunalar, qo‘lyozmalar, og‘ir harbiy texnika maketlari va boshqa qurol-aslahalar namoyish qilindi. 

Imzolangan memorandum Mudofaa vazirligining harbiy qism va muassasalarida Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tuzilmalarini tuzish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yosh harbiy xizmatchilar uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tashabbuslarini rag‘batlantirish, yosh harbiy xizmatchilarning, shu jumladan, chaqiruvga qadar yoshlarning turli mafkuraviy tahdidlarga, “ommaviy madaniyat” va boshqa yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitetini shakllantirish, mamlakat istiqboli uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan yoshlar safini kengaytirish kabi ulug‘vor maqsadlarga xizmat qiladi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, hududlarda “Jasorat” klublari faoliyatini shakllantirish, “Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasida harbiy xizmatchilarning ham faol ishtirokini ta'minlash, armiya maktabini o‘tagan yoshlar bilan muntazam aloqani yo‘lga qo‘yish, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan o‘g‘lonlarni ishga joylashtirish, bandligini ta'minlash kabi keng ko‘lamli ishlar ko‘zda tutilgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general mayor Abdusalom Azizov, Prezidentning davlat maslahatchisi, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev so‘zga chiqdi. Yurtimizda ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilash, yoshlarni turli diniy ekstremistik oqimlar ta'siridan saqlash masalasi barchamiz uchun eng asosiy vazifa hisoblanishi, shu ma'noda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini ko‘z qorachig‘idek asrash, yosh avlod o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirishda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mustahkam o‘rin egallayotgani ta'kidlandi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Tadbir davomida ishtirokchilarga memorandumning mazmun-mohiyati yetkazildi, barcha savollarga atroflicha javoblar berildi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Qurolli kuchlar markaziy ashula va raqs ansamblining konsert dasturi namoyish qilindi.

Mavzuga oid